
"Manchester Siti"ning Premer-liga davridagi eng yaxshi futbolchilari ramziy jamoasi: Aguero, Kompani va boshqalar!
Angliya Premer-ligasida grand klublar talaygina. Ushbu liga doim tezkor o‘yinlari hamda kuchli raqobati bilan boshqa ligalardan ajralib turgan. Liganing raqobatbardoshligi oshishida esa grand klublarning o‘rni beqiyos. XXI asrning ilk dekadasida ushbu liganing bir jamoasiga arab shayxlari tomonidan yirik sarmoya kiritilganidan hamda bu sarmoya o‘zini oqlaganidan so‘ng, «tumanli albion»dagi grand klublar soni bittaga ko‘paygani hammamizga ma’lum. Bu «Manchester Siti» klubidir!
Albatta, klub Shayx Mansur qo‘l ostiga o‘tganidan so‘ng nafaqat Angliya miqyosidagi, balki jahon darajasidagi ham ko‘plab futbolchilar bilan shartnoma imzolagan. Ularning ramziy jamoasini tuzib chiqish ham kishiga anchagina zavq berishi shubhasiz. Demak, Angliyaning XXI asrdagi eng yaxshi klublaridan biri bo‘lmish «Manchester Siti»ning Premer-liga davridagi eng yaxshi futbolchilari ramziy jamoasini tuzib chiqamiz, boshladik!
Darvozabon: Jo Xart
Garchi “Etihad” stadionini tark etganidan so‘ng, faoliyatida keskin pasayish kuzatilib, o‘z darajasi tushib ketganiga qaramay, Jo Xart o‘sha davrda Angliyada birinchi raqamli darvozabonlardan bo‘lgan. U ba’zi mutaxassislar tomonidan o‘shanda dunyoning eng yaxshi darvozaboni, deb ham e’tirof etilgani bejiz emas, albatta. Angliyalik kiper Roberto Manchini hamda Manuel Pellegrini qo‘l ostida chempionlikka erishgan mavsumlarida jamoaning ajralmas bo‘lagiga aylangan hamda umumiy hisobda 4 marta Premer-liga “Oltin qo‘lqop”ini qo‘lga kiritgan.
Bundan tashqari, 2015 yilgi EChL doirasidagi “Barselona” bilan bahsdan so‘ng, Lionel Messi uni “Fenomen”, deb atagan. U haqiqiy afsona!
O‘ng qanot himoya: Pablo Sabaleta
Klub safida 300 dan ortiq o‘yin o‘tkazgan, orqa chiziqdagi o‘ta mahoratli o‘yinlari bilan muxlislar yodida qolgan Pablo Sabaleta tom ma’noda klub afsonasidir. U kabi barqaror va kuchli o‘yin namoyish etgan himoyachilar APLda kamdan-kam uchraydi. Argentinalik futbolchining xujumlarda bevosita qatnashishi, o‘yinni oqilona o‘qishi va himoyadagi kuchli harakatlari uni muxlislar sevimlisiga aylantiribgina qolmay, 9 yil davomida asosiy tarkibdan joy ham kafolatlab bergan. U klub uchun o‘ta muhim shaxs bo‘lganligi shubhasiz!
Markaziy himoya: Vensan Kompani (s)
Haqiqiy tug‘ma etakchi, maydon ichida ham, tashqarisida ham birday yuksak fazilatlarga ega bo‘lgan belgiyalik futbolchi klub muvaffaqiyatlarida doim muhim ahamiyat kasb etgan. U sardorlik bog‘ichini uzoq muddat davomida taqib, uni doim munosib himoya qilib kelgan. Shu sabab ham sardorlik bog‘ichini aynan unga topshirmoqdamiz. Ko‘plab jarohatlar tufayli faoliyatining yakuni ham bir qancha uzilishlar bilan uzuq-yuluq tarzda kechgan. Ketma-ket jarohatlar uning maydonga qaytishiga hamda faoliyatini chiroyli yakunlanishiga xalaqit berganligiga qaramay, u o‘zining so‘nggi mavsumini ideal tarzda yakunlab olib, nomini tarixga muhrlashga erishgan. Kompanining «Lester»ga qarshi kechgan bahsdagi 25 metrdan urgan supergoli «Siti»ning ketma-ket ikkinchi mavsum kubokni qo‘lga kiritishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgani hech kimga sir emas. Shunday ekan, u bu o‘rin uchun munosib!
Markaziy himoya: Aymerik Lyaport
Garchi, Frantsiya terma jamoasi tomonidan beparvolik qilinib, yig‘inlarga chaqirilmayotganiga qaramay, Lyaport butun Evropa miqyosidagi top o‘yinchi bo‘lib qolaveradi. Himoyadagi kuchli pressinglarda faol qatnashishi, Gvardiolaning «tiki-taka»siga juda mos tushishi hamda hujumlarda qatnashib, boshi bilan yaxshi o‘ynashi evaziga u klubning va muxlislarning sevimlisiga aylangan. Lyaport Gvardiolaning haqiqiy imzosidir.
Chap qanot himoya: Aleksandr Kolarov
Serbiyalik Kolarov «Manchester Siti» tarixidagi eng kuchli chap qanot himoyachisi bo‘lgan. To‘g‘ri, u bilan deyarli bir xil darajada maydonda to‘p surgan Gael Klishi ham shunday deb e’tirof etiladi. Biroq Klishining Kolarovnikidek super qobiliyatlari yo‘q edi.
Serbiyalik himoyachi muntazam ravishda hujumlarga qo‘shilib turishi, chap oyog‘ida super zarbalar berishi, jarima zarbalarini qoyilmaqom tarzda ijro etishi hamda himoyadagi vajohatli harakatlari bilan doim ajralib turgan. Umuman olib qaraganda, klub safida 7 mavsum o‘tkazib, jamoaning 5 ta sovrin yutishida muhim rol o‘ynagan futbolchini bu joy uchun munosib ko‘rishimiz aniq edi.
Yarim himoya: Yaya Ture
Ramziy jamoamiz 4-3-3 taktik sxemasi asosida tuzib chiqilganligi bois maydon markazi egalari bo‘lmish yarim himoyachilarning konkret pozitsiyalari haqida so‘z yuritmadik. Shu tufayli, ularni istalgan qanotga, yoki markazga qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Demak, Yaya Ture haqida. Kot d’Ivuar futbolchisining qo‘lidan kelmaydigan ish deyarli yo‘q edi. Muxlislar haligacha uning 50 metrlardan bergan zarbalarini, raqib bilan yakkama-yakka kurashlarda yutib chiqishlarini va tezkor reydlarini eslab yuradi. U tom ma’noda jamoaga borini bera olgan, ko‘p mehnat qilgan. Uning jamoa va klubga ko‘p mehnatlari singgan. Aynan shu tufayli, Premer-liga tarixidagi eng chiroyli gollardan biri, deya tan olingan golga mualliflik qilgan «Yahyo To‘ra»ni ramziy jamoamiz uchun munosib deya ko‘rdik, va u bunga mutlaqo haqli!
Yarim himoya: Fernandino
Qariyb 7 yil davomida klub yarim himoyasida yashirin maxfiy qurol vazifasini bajarib kelayotgan, Gvardiolaning almashtirib bo‘lmas o‘yinchisiga aylangan hamda jamoaning o‘sishida beqiyos xizmat ko‘rsatgan Fernandinosiz ramziy jamoani tasavvur qilish qiyin. U doim maydon markazidagi ko‘zga ko‘rinmas qora mehnatlari bilan muxlislar va jamoasining mehrini qozonganligi bor gap. Hattoki, bir safar Fernandino jarohat olgan 2 haftada «Siti» qanchalar qiyin vaziyatga tushib, uning o‘rniga nomzod topa olmay, qiynalgani hech kimga sir emas. Bundan tashqari, faoliyatini davom ettirayotgan braziliyalik futbolchining zamonaviy original paslari, tez yugurishi va vaqti-vaqti bilan gol urish tahdidi uning «Siti»ga hali juda ko‘p narsalarni taklif qilishini anglatadi. Haqiqiy afsona!
Yarim himoya: David Silva
Premer-liga davrida «Siti» tarkibida David Silvachalik ko‘p sovrin yutgan futbolchini topish ilojsiz. U 10 mavsum ichida klub bilan 14 ta turli musobaqalar chempionligini tantana qilgan. Bundan tashqari, Silva o‘zining ajoyib pleymeykerligi, qoyilmaqom paslari, shedevr gollari hamda kuchli sardorligi bilan ham muxlislar qalbidan chuqur joy egallagan edi. Yaqindagina klubni tark etgan futbolchini ba’zi mahalliy mutaxassislar Premer-ligadagi eng yaxshi legioner futbolchi, deb ham ta’riflagan. Biroq ayrim xeyterlar unga nisbatan «o‘ta qiyin o‘yinlar o‘tkazmagan hamda oddiy o‘yinlar evaziga muvaffaqiyatga erishgan», deya ta’rif ham berishgan. Lekin bu shunchaki «negativ komment» xolosligi hammamizga ma’lum. Silvaning salohiyati va buyukligiga hech kimning shubhasi yo‘q. Shunday ekan, ispaniyalik xavbek ramziy jamoamizdagi bu o‘rin uchun mutlaq haqli!
Vinger (o‘ng qanot): Kevin De Bryuyne
Nihoyasiga etgan mavsumda jahon miqyosida yilning eng yaxshi o‘yinchilari nomzodlari orasida qahramonimiz doimiy ravishda kuchli uchlikdan joy olib keldi hamda APLda “yil o‘yinchisi”, deb e’tirof etildi. Bu natija bejizga emas. Uning «Siti» safidagi super mavsumi, Anrining assistlar borasidagi rekordini takrorlashi va supersermahsulligi Kevinning e’tirof etilishiga sababchi bo‘ldi. Professional faoliyatining boshida «Chelsi» bilan omadsizlikka uchragach, keyinchalik «shaharliklar» safida o‘yini ochiladi va dunyoning eng yaxshi o‘yinchilari orasida e’tirof etiladi. De Bryuyne o‘zining zargarona uzatmalari, kuchli zarbalari va barqaror o‘yinlari evaziga «shaharliklar» tarixidagi eng kuchli futbolchilar ro‘yxatidan joy olishga erishdi! Haqiqiy etakchi!
Vinger (chap qanot): Rahim Sterling
Bir vaqtlar Sterling uchun «Siti» rahbariyati 49 million funt (63 million evro) sarflaganida, ko‘pchilik bu transferning foydasizligi hamda Sterlingning ochilishi qiyin ekanligi haqida fikr bildirgan edi. Biroq Rahim bu gaplarning barchasi noo‘rin ekanligini o‘z gollari hamda barqarorligi bilan isbotlab qo‘ydi. Gvardiola qo‘l ostida Angliyalik vinger mavsumdan mavsumga takomillashib, Premer-liganing eng xavfli hujumchilaridan biriga aylandi va so‘nggi besh mavsumda 6 ta sovrinni qo‘lga kiritdi. Umumiy hisobda, «Siti» safidagi gollari sonini 100 tadan oshirib olgan futbolchi so‘nggi 3 mavsumda 20+ gol urib, o‘z sermahsulligi bilan barchani hayron qoldirib kelmoqda. U yaqin kelajakning superyulduzlaridan biri bo‘lish uchun asosiy nomzodlar qatorida ekanligi shubhasiz! Shu tufayli, ramziy jamoadan o‘rin olish uchun haqli!
Markaziy hujumchi: Serxio Aguero
Oddiygina gap bilan Agueroni ta’riflaymiz: Aguero - «Manchester Siti»ning barcha davrlardagi eng yaxshi to‘purari! Barqarorlik jihatidan ko‘pchilikka dars o‘ta oladigan Argentinalik forvard faoliyati yakuniga qadar Premer-liga tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar uchligiga ham kirib olishi mumkin. Bundan tashqari, aynan Aguero Premer-liganing eng yaxshi legioner to‘purari ham hisoblanadi. Haqiqiy, top strayker! Uning sovuqqon o‘yinlari, gol mashinasi ekanligi va barqaror faoliyati «shaharliklar»ning haqiqiy tirik afsonasiga aylanishiga zamin yaratgan. Aguero - so‘zsiz etakchi!
Bosh murabbiy: Pep Gvardiola.
Jahon futbolining eng buyuk murabbiylaridan biri bo‘lgan ispaniyalik mutaxassis “Siti”ni haqiqiy top-darajaga olib chiqa olgan va Evropaning har qanday jamoasi bilan tengma-teng raqobat uyushtira oluvchi klubiga aylantirgan. Biroq hali-hanuz evrokuboklar borasida muvaffaqiyatsizlikka uchrashda davom etayotgan mutaxassisning faoliyati aynan shu faktor tufayli tanqid toshlari ostida qolib ketishi hech gap emas. Biroq unda hali vaqt etarlicha. Klub bilan shartnomasini 2023 yilgacha uzaytirgan murabbiy kelasi mavsumlarda bu bo‘yicha jiddiy kurash olib borishi aniq va o‘ylaymizki, buyuk murabbiy klubini ham buyuk natijaga erishtira oladi!
Zaxira o‘rindig‘i.
Darvozabon: Ederson. Jo Xartchalik ko‘p natijaga erishishga ulgurmagan, biroq sermahsullik ko‘rsatishda davom etayotgan super darvozabon zaxira uchun ideal nomzod;
Himoyachilar: Mayka Richards, Richard Dann. Mayka Richards klubning o‘z akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanuvchi mahalliy iqtidor hisoblanadi: futbolchi bir necha mavsum «Siti» uchun katta foyda keltira olgan. Richard Dann esa ketma-ket 4 mavsum klubning eng yaxshi o‘yinchilaridan biri bo‘lgan hamda ramziy jamoalaridan joy olgan;
Yarim himoyachilar: Shon Rayt-Filipps, Georgi Kinkladze. Filipps ham xuddi Richards singari mahalliy iqtidor hisoblanib, klubning qadrdon futbolchilaridan biri hisoblanadi. Kinkladze esa klubning 90 yillar oxirlaridagi tomosha qilishga arziydigan yagona futbolchisi edi.
Hujumchilar: Karlos Teves, Edin Jeko. Ramziy ma’noga ega bo‘lgan ikki top strayker, jahon darajasidagi haqiqiy forvardlar. Ularsiz «Manchester Siti» ko‘p natijalariga erishishi juda qiyin bo‘lar edi.
Abdulla Mannonov tayyorladi.
Fikrlar