
“Manchester Siti” sardori Kevin de Bryuyne Husanov haqida nimalar dedi?
Qishki transferlar oynasining eng shov-shuvli transferi Abduqodir Husanovning “Lans”dan “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgani bo‘ldi.
Frantsiya hamda Angliya klublari o‘rtasidagi katta savdo hali hamon keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda va ko‘pchilik bu borada o‘z fikr-mulohazalarini bildirishda davom etmoqda.
Angliya Premer-ligasiga ko‘chib o‘tgan 20 yoshli futbolchining besh kun ichida mamlakatning qudratli jamoalaridan biri “Chelsi” qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda debyut qilgani ko‘pchilikni hayron qoldirgani rost.
Qolaversa, Abduqodir Husanov o‘zi uchun tarixiy ahamiyat kasb etgan bahsning dastlabki besh daqiqasida golga sababchi bo‘lgani, sariq kartochka olgani va to‘p uzatishlarda xatoga yo‘l qo‘ygani bu transfer borasidagi muhokama va munozaralarni yanada qizdirdi.
E’tiborli tomoni shundaki, ko‘pchilik professionallar, xususan, Xosep Gvardiola boshchiligidagi Erling Xoland, Manuel Akanji kabi “Manchester Siti” vakillari ham o‘zbek futbolchisini darrov qo‘llab-quvvatladi.
Endi jamoa sardori Kevin de Bryuyne yosh jamoadoshi Abduqodir Husanovning debyutiga baho berdi.
- Abduqodir Husanov bizda himoyachilar yo‘qligida “Chelsi”dek kuchli raqibga qarshi maydonga tushdi. Dastlabki besh daqiqada unga oson bo‘lgani yo‘q. Lekin shundan keyin u juda yaxshi va ishonchli o‘yin ko‘rsatdi.
Abduqodirning o‘zi 20 yoshida “Manchester Siti”da debyut qilgani va maydonda yaxshi harakatlanganidan faxrlanishi kerak!, - dedi jamoa sardori Kevin de Bryuyne.
“Manchester Siti”ni Angliya futbolining qudratli jamoalaridan biriga aylantirgan Xosep Gvardiola shogirdlari Abduqodir Husanov tushib qolgan vaziyatga to‘g‘ri munosabatda bo‘lib, uni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilayotganini yuqori baholadi.
- Abduqodirning xatosidan so‘ng jamoadoshlarining unga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlovchi reaktsiyasi juda yoqimli bo‘ldi. Bu vaziyat esa shaxsan menga yoqdi. Futbolchilar kerakli vaqtda, yosh iste’dodli himoyachiga dalda bo‘la olishdi.
Bu mavsumda nechta markaziy himoyachi Abduqodir qilgan xatoga yo‘l qo‘yganini bilasizmi?! Men Husanovni ayblamayman, aksincha, o‘zimni ayblashim kerak – qanday qilib hali ham himoyada qo‘pol xatolar qilyapmiz.
Hozir 20 yoshli himoyachiga yordam berishimiz kerak.
Agar men Husanovning o‘rnida bo‘lsam – yangi mamlakat, yangi Premer liga, yangi jamoa, yangi til va ilgari hech qachon eshitmagan narsalar. Bundan tashqari, Koul Palmer, Nikolas Djekson kabi o‘yinchilarga qarshi o‘ynash – juda qiyin vazifa. Rostini aytsam, men o‘zbekistonlik futbolchiga yordam berishni istayman, - dedi Pep Gvardiola.
Ta’kidlash joizki, Kevin de Bryuyne “Manchester Siti”da boshlangan o‘zgarishlarni ijobiy qabul qildi. Belgiyalik pleymeyker mavsum oxirida shartnomasi tugaganidan keyin klubni tark etishi haqida ancha oldin ma’lum qilgandi. Biroq Xosep Gvardiola chempion jamoa loyihasini qayta tashkil etayotganini inobatga olib, tajribali futbolchi Manchesterda qolish istagini bildirdi.
Ayni paytda “shaharliklar” jamoa sardori bilan o‘zaro hamkorlikni uzaytirish maqsadida u bilan muzokaralarga kirishgani aytilmoqda.
Fikrlar