
“Manchester Siti“ “Lans“ning “Yirtqich monstrini“ sotib olish uchun nega 34 million funt sarfladi?
Taniqli "GOAL.com" nashrida hamyurtimiz Abduqodir Husanov haqida katta material e’lon qilindi. E’tiborli tomoni shundaki, maqolada Abduqodirning kuchli tomonlari va nima uchun “Siti“ sotib olishga qaror qilgani chuqur tahlil qilingan. Maqolani SPORTS.uz sayti kuzatuvchilari uchun tarjima qildik!
20 yoshli futbolchi Pep Gvardiolaning qishki transfer oynasidagi ilk tanlovi bo‘lgani bejiz emas. Amaldagi Angliya chempionlari mudofaa chizig‘ini kuchaytirishga bel bog‘lagan. Ser Aleks Fergyussonning aytgan mashhur jumlasi bor: “Hujum chizig‘i sizga o‘yinda g‘alaba taqdim etadi, himoya chizig‘i esa titul yutib beradi!” Bu so‘zlar “Manchester Siti“dek kuchli hujumchilarga ega jamoa misolida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Misol uchun, klub Gvardiola davrida 6 marotaba APLda zafar quchgan. O‘sha mavsumlarning barchasida “shaharliklar“ chempionatdagi eng yaxshi mudofaa chizig‘iga ega edi. Aynan orqa chiziqdagi og‘riqli muammo amaldagi chempionlarning bugun chinakam bosh og‘rig‘iga aylanib ulgurgan.
Bugungi kunda “Siti“ ligada eng yaxshi mudofaa chiziqlari ro‘yxatida ayanchli — 9-pog‘onani zabt etmoqda. 22 o‘yinda 29 bor o‘z darvozasidan to‘p olib chiqqani so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Hatto, elitada jon saqlab qolish uchun jang qilayotgan “Everton“ ham “Siti“dan kamroq to‘p o‘tkazib yuborgan. E’tiborli tomoni shundaki, “Siti“ mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan 2017/18, 2018/19 va 2021/22 yilgi mavsumda 38 o‘yinda 29 marotaba gol o‘tkazib yubormagan edi.
Hozir klub mudofaa chizig‘ida etarlicha yo‘qotishlar bor. Kayl Uoker jismoniy formasini tiklay olgani yo‘q. Ruben Diash, Natan Ake va Jon Stounzlar esa jarohat sababli mavsumning katta qismini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldi. Yosh masalasida ham “shaharliklar“ning eng qariya liniyasi himoya hisoblanadi. Uoker, Stounz, Ake va Akanji mavsum so‘ngida 30 yoshni qarshi oladi.
Bundan kelib chiqsak, “Siti“ qishdayoq himoya chizig‘ini kuchaytirishga harakat qilishi tabiiy edi. Shu bois, klub tezkor, agressiv bo‘lgan “Lans“ning markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovga e’tibor qaratdi. Futbolchi klub rahbarlarining e’tibor markaziga tushgani bois, ortiqcha muammosiz 34 million funt sterling to‘lab uni tarkibga qo‘shib olishdi.
"GOAL" nashri Angliya premer-ligasidagi ilk o‘zbekistonlik futbolchi haqida his-hayajon bilan so‘zlab beradi!
Husanov futboldagi ilk qadamlarini O‘zbekistonning “Bunyodkor“ akademiyasida boshlagan. Bu paytga kelib, uning otasi va sobiq terma jamoa a’zosi Hikmat Hoshimov o‘z faoliyatini yakunlagan edi. Qahramonimiz otasi singari “Bunyodkor“ libosini kiymoqchi edi, ammo unga ozg‘in va kichik jussali bo‘lgani bois rad javobi berildi. Natijada, futbolchi 18 yoshida “Bunyodkor“ akademiyasini tark etib, “Energetik BGU“ klubi bilan shartnoma imzoladi. Tez orada jamoaning asosiy futbolchisiga aylandi.
Oldinga tashlangan qadam!
Belarusga ko‘chib o‘tgach, oz fursatdan so‘ng uning karerasida katta burilish bo‘lgan voqea sodir bo‘ldi. O‘zbekiston U-20 yoshlar terma jamoasi o‘z uyida o‘tgan Osiyo chempionatida g‘olib chiqdi. Husanov qo‘riqlagan himoya chizig‘i o‘z ishini butun turnir davomida a’lo darajada uddaladi. Umumiy hisobda yoshlar terma jamoasi bor yo‘g‘i bitta gol o‘tkazib yubordi xolos. Musobaqa yakunlangach, taniqli nashr — "CIES Football Observatory" talqiniga ko‘ra, dunyoning eng kelajagi porloq himoyachilaridan biri deb e’lon qildi.
Oradan 2 oy o‘tib, Abduqodir oldinga qadam tashlashni uddaladi. 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Argentinada o‘tgan Jahon chempionatida to‘liq ishtirok etdi. Uning terma jamoasi pley-offning 1/8 bosqichida Isroilga so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yuborib mag‘lub bo‘ldi, ammo Husanovni “Lans“ skautlari payqab qoldi. Natijada, “Energetik BGU“ uni 100 ming evro evaziga Frantsiya klubiga transfer qildi.
Ishlar qanday kechdi?
2023 yilda Abduqodir Husanov O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisini aniqlash nominatsiyasida 2-pog‘onani zabt etdi. U klub safida debyut mavsumda 11 marotaba maydonga tushdi. EChLda esa “Arsenal“ bilan to‘qnash keldi. Shuningdek, qahramonimiz O‘zbekiston terma jamoasi va Olimpiya terma jamoasi safida ham to‘p tepdi. Parijda bo‘lgan turnirda u Ispaniya Olimpiya jamoasi bilan to‘qnash keldi.
Keyingi mavsumda uning karerasidagi chinakam tepaga ko‘tarilish sodir bo‘ldi. “Lans“ning asosiy himoyachisi Kevin Danso “Roma“ga o‘tish arafasida bo‘lgani bois, Husanov uning o‘rnini egalladi. Danso tibbiy ko‘rikdan o‘tish chog‘ida yuragida aniqlangan muammo sababli ortga qaytishga majbur bo‘ldi. Futbolchiga sog‘liqdagi muammolar sababli mashg‘ulotlar o‘tkazmaslik va futboldan uzoq turushni shifokorlar maslahat berdi. Avstriyalik futbolchining yo‘qligidan Abduqodir maksimum foydalandi. Oktyabr oyida Danso jamoaga qaytdi, ammo bu paytga kelib Abduqodir allaqacon asosiy tarkibdagi o‘rnini sug‘urtalab bo‘lgan edi.
Danso sekin-asta formasini tikladi va “Lans“ning asosiy uchligiga kirdi, ammo Husanovga sherik sifatida. Gradit va Medina asosiy tarkibdagi so‘nggi markaziy himoyachi o‘rni uchun kurasha boshladi. “Lans“ chempionatda 7-pog‘onada borayotganiga qaramay, ular mudofaa chizig‘i bo‘yicha Frantsiyaning eng yaxshi 3-jamoasi sanaladi. Klub Frantsiya chempionatida bor yo‘g‘i 18 ta gol o‘tkazib yuborgan xolos.
Uning kuchli tomonlari nimada?
Husanov o‘zining jismoniy baquvvatligi va kurashlardan qochmaydigan xarakteri bilan yaqqol ko‘zga tashlanib turadi. “Lans“ darvozaboni Bris Sanba uni “meni qo‘rquvga soladigan monstr“ deb atagan edi. O‘zbekistonlik jurnalist — Narzulla Saydullaev: “O‘zbekistonda poezd urdi nima, Abduqodir urdi nima“, degan atam borligini ma’lum qilgan edi.
Himoyachining tezlik bobida ham hayron qoldiradigan imkoniyatga ega. O‘tgan yilning so‘nggi oylaridan biri u soatiga 37 km tezlik bilan harakat qilib, “Reyms“ a’zosi Junio Itoga etib olgan kadri ko‘pchilikni hayron qoldirdi.
Vaholanki, bu omil uning asosiy kuchli tomoni emas. Temp, agressiya va kuch. Shuningdek, futbolchi yuqori taktik intellekt egasi ekanligini ham e’tirof etish joiz. Shuningdek, uning to‘p bilan a’lo darajada munosabatda bo‘lishi va aql bilan hujumlar boshlay olishi ham asosiy kuchli tomonlaridan biri sanaladi. Futbolchi haqida “Lans“ bosh murabbiyi — Uill Still shunday deydi:
“U juda xotirjam, kuchli va tezkor, ammo ko‘p gapirib o‘tirmaydi. Men kelgan payt Danso ketish arafasida edi, klub sport direktori xavotir olmasligimni, Qodir bor va u tayyorligini aytgan edi. Keyinroq, Jan-Lui Leka haq ekanligini tez orada bilib oldim.Husanovning potentsiali katta.
Kuchaytirish mumkin bo‘lgan fazalar!
Husanov qaror qabul qilish va paslarni yaxshilash borasida “Siti“ talabiga mos kelish uchun o‘sishi kerak. Shuningdek, til masalasidagi barerni ham qisqa fursatda engib o‘tish talab etiladi. U “Siti“ning boshqa futbolchilari singari juda kamgap. Ichki muhitga kirishib ketishi uchun doimiy muloqotda bo‘lishi talab etiladi.
Yangi Ruben Diashmi?
Futbolchining agressiv o‘yini Ruben Diashni eslatib yuboradi, ammo ikkinchi qavatdagi kurashlardagi faolligi ham bor. 20 yoshli himoyachining ayrim o‘yin elementlarida ko‘pchilik to‘p uchun kurashda qo‘rqmasligi va to‘qnashuvlardan qochmasligi borasida Nemaniya Vidichni ham ko‘radi.
Katta ehtimol bilan, Abduqodir yarim mavsum davomida ikkinchi darajadagi rolni ijro etadi. Agar jarohatlar “Siti“ni bezovta qilsa, u APL va EChLda muammoga echim bo‘lish o‘rnida ko‘riladigan birinchi raqamli da’vogar.
Oybek Yuldoshev
Fikrlar