
"Manchester Siti" futbolchisi Saudiyaga yo‘l olishi mumkin
"Manchester Siti"ning portugaliyalik yarim himoyachisi Bernardu Silva o‘z faoliyatini Saudiya Arabistoni chempionatida davom ettirishi mumkin.
"Footmercato" nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, 30 yoshli yarim himoyachini o‘z safiga qo‘shishdan "Al-Hilol" klubi manfaatdor. Saudiya klubi so‘nggi bir necha oydan buyon Bernarduni diqqat bilan kuzatib kelmoqda. "Shaharliklar" esa o‘z navbatida jamoani yoshartirish yo‘nalishini tanlab, futbolchini qo‘yib yuborishlari mumkin. Silva 2017 yilning yozida Manchester klubiga o‘tgan edi. Uning "shaharliklar" bilan shartnomasi kelgusi mavsum oxirigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portalining ekspertlari futbolchining bozor qiymatini 38 million evroga baholamoqdalar.
Bundan tashqari, Saudiya klubi "Milan" himoyachisi Teo Ernandes, "Napoli" forvardi Viktor Osimxen va Krishtianu Ronalduga qiziqish bildirayotgani haqida ham mish-mish xabarlar tarqalayotgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, portugaliyalik havbek o‘tgan mavsum manchesterliklar safida 49 ta bellashuvda maydonga tushib, 5 ta gol va 4 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.
Fikrlar