
“Manchester Siti” direktori Husanov haqida nimalar dedi?
Nihoyat, ko‘pchilik kutgan transfer – “Manchester Siti” O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovni o‘z tarkibiga qo‘shib olgan rasman e’lon qilindi.
Manchesterliklar direktori Chiki Begiristayn o‘zbekistonlik futbolchining o‘zi va bu transferning ahamiyati haqida munosabat bildirdi.
- Abduqodir Husanov safimizga qo‘shilganidan behad mamnun va xursandmiz. Va biz bu futbolchi jamoaga qo‘shadigan hissasi haqida o‘ylab hayajonlanyapmiz.
Abduqodir yosh himoyachi bo‘lishiga qaramay, juda aqlli, shuningdek, jismonan baquvvat, shiddatli va o‘ta tezkor.
Bosh murabbiy Xosep Gvardiola bilan ishlash uni yanada kuchli qiladi, o‘yinchining o‘zi ham o‘sishda davom etish uchun qat’iyat bilan istagini bildirdi. Bu haqiqatan ham juda e’tiborli transfer, chunki biz Evropadagi eng zo‘r jamoalardan biri sifatida mavqeimizni saqlab qolish uchun yanada ko‘proq o‘sishga harakat qilyapmiz.
“Manchester Siti”dagi hamma Abduqodirni klubda ko‘rishdan juda mamnun, - dedi tajribali mutaxassis Chiki Begiristayn.
Ta’kidlash joizki, Abduqodir Husanov futbolning ilk sir-asrorlarini “Bunyodkor” akademiyasida o‘rgangan. Keyinchalik Belarusga ko‘chib o‘tib, yoshi professional shartnoma tuzishga etmagani bois, “Energetik-BGU” safida shunchaki shug‘ullanib yurdi.
Keyin 2022-2023 yillar davomida ushbu mamlakat oliy ligada o‘ynab, o‘zini ko‘rsatdi. Hamyurtimiz “Energetik-BGU” safida jami 37 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga to‘rttadan gol va assist ham yozdirib qo‘ygan.
Abduqodir Husanov xorij klublari e’tiboriga asosan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida Osiyo kubogi va jahon chempionatlaridagi ishtiroki orqali tushdi. “Lans” 2023 yilning yozida hali hech kim tanimaydigan futbolchimizni 100 ming evro evaziga transfer qildi.
Bir yarim yilda bu transfer o‘zini mutlaq oqladi. “Manchester Siti” o‘ndan ziyod da’vogarlarni ortda qoldirish uchun “Lans” himoyachisini 50 million evroga transfer qilishga qaror qildi.
Abduqodir Husanov “shaharliklar” bilan 2029 yilning yozigacha davom etadigan shartnoma imzolagan. Tomonlarda o‘zaro kelishgan holda hamkorlikni yana bir yilga uzaytirish imkoni bor.
Endi o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari va Abduqodirga Husanovga muxlislik qilayotgan dunyoning bir necha mamlakatlaridagi futbol jamoatchiligi o‘zbek futbolchisining “Manchester Siti”dagi debyutini kutmoqda.
Husanov tufayli o‘zbek futbolining obro‘si oshdi!
Husanovni Evropadagi terma jamoada o‘ynatmoqchi bo‘lishdi!
Fikrlar