
Legionerimiz jamoasi muhim o‘yinda kuchli raqibni engdi
Rossiya Milliy futbol ligasidagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan “Tom” klubi 33-tur uchrashuvida Moskvaning “Torpedo” jamoasi bilan kuch sinashdi.
Ta’kidlash joizki, bu uchrashuvda har ikki jamoaga g‘alaba juda muhim edi. Mezbonlar xavfli hududdan chiqish uchun har bir bahsda ochko olishga majbur, moskvaliklar esa premer-liga yo‘llanmasini beradigan o‘tish turnirida qatnashish huquqini beradigan to‘rtinchi o‘ringa da’vogar.
Legionerimiz Vitaliy Denisov sardorlik qilayotgan “Tom” shu kuni ancha ishonchli o‘yin namoyish qildi. Denisov himoyada mustahkam turish barobarida bir necha marta xavfli hujum ham uyushtirib berdi.
Bellashuv taqdirini hal qilgan yagona gol ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida urildi. Qishki transferlar vaqtida jamoaga qo‘shilgan 19 yoshli Nikita Krivtsov aniq zarba bilan “Torpedo” darvozasini ishg‘ol qildi.
Vitaliy Denisov 85 daqiqa faol o‘ynadi va o‘yin yakunlanashi arafasida zaxiraga olindi.
Muhim uchrashuvda 1:0 hisobida zafar quchgan “Tom” ochkolari sonini 27 taga etkazib oldi. Tomskliklar xavfli hududni tark etish uchun 16-o‘rinda turgan “Krosnador-2” bilan etti ochkolik farqni yo‘qqa chiqarishi kerak.
“Torpedo” esa to‘rtinchi o‘rinda turgan “Alaniya” bilan tenglashib olish imkoniyatini boy berdi. Moskvaliklar hisobidagi ochkolar soni 57 taligicha qoldi.
Fikrlar