Legionerimiz Evropa Chempionlar ligasida porlashni ko‘zlayapti
O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Shahboz Umarov o‘tgan yili “Ordabasi” tarkibida Qozog‘iston chempionligini qo‘lga kiritdi.
Chimkentliklar uzoq yillik tarixida ilk bor Premer-liga g‘olibi bo‘ldi va bunda o‘zbek legionerlari – Shahboz Umarov va Bobur Abduxoliqovning xizmati katta bo‘ldi.

Hujumkor futbolchi pozitsiyada o‘ynagan Shahboz Umarov o‘tgan yili “Ordabasi” safida jami 30 ta uchrashuvda qatnashib, beshta gol va ikkita assist muallifi bo‘ldi.
Markaziy hujumchi Bobur Abduxoliqov esa, jami 34 marotaba maydonga tushib, sakkizta gol va to‘rtta assist qayd etdi.
Yangi mavsum oldidan Bobur Abduxoliqov qozoq klubini tark etdi. Biroq uning o‘rnini boshqa o‘zbek futbolchisi – Jasurbek Yaxshiboev egalladi.
Shahboz Umarov sportplustv.kz saytiga bergan intervyusi yangi mavsumga rejalari haqida ham gapirdi.
Sports.uz sayti ushbu intervyuning qiziqarli qismlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- O‘tgan mavsumda “Ordabasi” tarkibida O‘zbekistondan ikki nafar futbolchi bor edi. Ulardan biri siz, ikkinchisi Bobur Abduxoliqov. Bobur hozir jamoada emas. Siz u bilan aloqa qilyapsizmi? Yangi mavsumda qaerda o‘ynaydi?
- Ha, Bobur bilan bog‘landim. “Nasaf”da o‘ynab, uyda qolishini aytdi. Yigitlarga salom aytishimni tayinladi.
- Endi “Ordabasi” safiga yana bir hamyurtimiz – Jasur Yaxshiboev kelib qo‘shildi. U “Santyago Bernabeu”da “Real Madrid” darvozasiga gol urgan futbolchi. Sizlar ayni paytda jamoada ishonchli hamkormisizlar?
- Jasurni jamoamizdagi barcha yaxshi kutib oldi. Umuman, jamoamizga kim kelsa ham quchog‘imiz doim ochiq. Chunki har bir yangi futbolchi jamoaga yordam berish istagi bilan keladi. Bizni Evrokuboklardagi o‘yinlar kutmoqda.
Jasur bu borada katta tajribaga ega. Biz uchun u nimani ko‘rgani, bilgan va tushungani ham juda muhim. “Ko‘hna qit’a”da mahoratini oshirib, to‘p tepgan hamyurtimiz “Ordabasi”ga katta yordam beradi, degan umiddaman.

- Joriy yilda UEFA Chempionlar ligasida mamlakat sharafini himoya qilasizlar. Bundan his tuyg‘ular qanday?
- Albatta, Evropa Chempionlar ligasida to‘p tepish hammaga ham nasib etavermaydi. Shu bois, klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqada ishtirok etish fikri bizni yangi yutuqlar sari etaklaydi.
Xuddi shunday Qozog‘iston chempioni unvonini himoya qilish maqsadimiz ham bizga qo‘shimcha turtki beradi. Shu sababli muxlislarga shuni aytmoqchimanki, “Ordabasi” qanchalik kuchli ekanini nafaqat ichki chempionatda, balki Evropa arenalarida ham ko‘rsatamiz.
Bunga ishoning. Asosiysi, reja ma’lum, maqsadimiz aniq.



Fikrlar