
Lazizbek Mullajonov haqidagi xabarlar qanchalik to‘g‘ri? O‘zbekiston boks federatsiyasi rasmiy izoh bilan chiqdi
Xabaringiz bor, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari oltin medal sohibi Lazizbek Mullajonov haqida turli gap-so‘zlar paydo bo‘ldi.
Aniqrog‘i, ijtimoiy tarmoqlarda bokschimizda doping moddasi aniqlangani va buning natijasida Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari oltin medali natijasi bekor qilinishi to‘g‘risida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalayotgandi.
Biroq bugun O‘zbekiston boks federatsiyasi mazkur holatga rasmiy izoh bildirdi. Quyida uni sizga taqdim etamiz.
"O‘zbekiston boks federatsiyasi shuni ma’lum qiladiki, bugungi kunda Mullajonov professional boksda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Sportchimiz doimiy ravishda doping qoidalariga rioya qilib kelgan va doping sinama testlari natijalari har doim manfiy chiqqan bo‘lib, joriy yilning 11 iyun kuni Xalqaro doping qoidalariga ko‘ra sportchimizdan doping sinama testi olingan va Xalqaro Test agentligiga (ITA) tomonidan test natijalariga ko‘ra taqiqlangan moddalar borligi aniqlanganligi yuzasidan axborot xati taqdim qilindi.
Sportchimiz Parij-2024 Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng, 2024 yil 19 noyabr kuni Farg‘ona shahridagi xususiy shifoxonada soch ko‘chirib o‘tkazish amalyotini o‘tkazganli sababli, 4 bosqichli operatsiya amalyotida va operatsiyadan keyingi muolajalarda shifoxona tomonidan taqdim qilingan davolanish uchun dori vositalarini qabul qilganligi va ushbu dori vositalarida ayrim taqiqlangan doping moddalari bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. O‘zbekiston boks federatsiyasi va Lazizbek Mullajonov tomonidan Xalqaro Test agentligiga (ITA) ushbu masala yuzasidan kerakli barcha hujjatlar taqdim qilingan bo‘lib, Lazizbek yakuniy qaror chiqishini kutmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda vakilimiz doping qoidalarini buzganligi sababli Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari oltin medali natijasi bekor qilinishi to‘g‘risida xabarlar asossiz ekanligi va yuqoridagi holat Olimpiya o‘yinlaridagi natijasiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligini ma’lum qilamiz."
Fikrlar