Lamin Yamal Ispaniya terma jamoasiga chaqirilganiga qaramay, jarohati sabab o‘yinlarni o‘tkazib yuboradi
"Barselona"ning yosh vingeri Lamin Yamal jarohati tufayli Jahon chempionati–2026 saralash bosqichida Ispaniya terma jamoasining Gruziya va Turkiyaga qarshi o‘yinlarida ishtirok etolmaydi.
Dastlab u Ispaniya terma jamoasi ro‘yxatiga kiritilgan edi. Biroq Ispaniya futbol federatsiyasi tibbiy shtabi Yamalning holatidan hayratda qolganini ma’lum qildi.
Bayonnomada shunday deyiladi:
"Dushanba kuni, 10 noyabr soat 13:47 da milliy jamoa yig‘ini boshlanar ekan, shu kunning ertalabida Lamin Yamal son qismidagi noqulaylikni davolash uchun radiochastotali invaziv muolajadan o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Bu jarayon terma jamoa tibbiy xodimlariga oldindan bildirilmagan. Ma’lumotlar kecha soat 22:40'da etib kelgan tibbiy hisobot orqali ma’lum bo‘ldi. Hisobotda futbolchiga 7–10 kun dam olish tavsiya qilingan.
Shu sababdan, o‘yinchi salomatligi va xavfsizligi ustuvor ekani hisobga olinib, Yamalni terma jamoa tarkibidan chiqarish haqida qaror qabul qilindi.
Biz uning tez va to‘liq tiklanishiga ishonamiz", — deyiladi Ispaniya futbol federatsiyasi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Yamal joriy mavsum La Ligada 8 ta o‘yinda 4 ta gol urgan va 4 ta golli pas bergan.



Fikrlar