
Jizzaxdagi og‘ir o‘yinda yagona gol hammasini hal qildi
Superliganing 7-turi Jizzaxda “So‘g‘diyona” hamda “Andijon” klublari ishtirokidagi bellashuv bo‘lib o‘tdi. Andijondan esa ko‘plab muxlislar bevosita stadionda futbolchilarni qo‘llab-quvvatladilar. Ular har qanday holatda ham o‘z jamoasi bilan birga va “So‘g‘diyona” stadionida xuddi uyidagidek muhitni yarata oldilar.
O‘yinning qiyin kechishi avvaldan ma’lum edi. Zero, hozirda Superligada engil uchrashuvlarning o‘zi yo‘q. Jizzaxdagi bahs ham jamoalar uchun og‘ir o‘tdi. Ta’kidlash joizki, bahs mobaynida “Andijon” darvozaboni Eldor Adhamov bir necha bor o‘z seyvini namoyish qildi va jamoani gollardan saqlab qoldi. Tanaffusgacha hisob ochilishi ham mumkin edi. Aytganimizdek, Adhamov seyvlari orqali bunga yo‘l qo‘ymadi. O‘z navbatida raqib posboni ham jamoasini qutqardi. Masalan, Rustam Turdimurodovning to‘xtatmasdan yo‘llagan kuchli zarbasini “So‘g‘diyona” darvozaboni bartaraf etdi.
Ikkinchi taymda o‘yin shiddati yanada oshdi. “Andijon”ning xavfli hujumlari ko‘paydi. Raqib darvozasi oldida golga tortadigan imkoniyatlar soni yanada ortdi. Bir vaziyatda jarima maydoni ichida Sardor Azimovning xavfli zarbasini darvozabon katta qiyinchilik bilan bartaraf qildi. O‘yin o‘rtalarida mezbonlar futbolchisi o‘zi uchun yaratilgan imkoniyatdan foydalanib hisobni ochdi. Shunda ham “Burgutlar” bo‘sh kelmadi va imkoniyatlar yaratishda davom etdi. Bektemir Abdumannonovda ham yaxshi vaziyat bo‘ldi. Shuningdek, Doniyor Abdumannopovning zarbasi to‘singa tegib maydondan chiqib ketdi.
“Burgutlar” vaziyatni o‘zgartirish uchun oxirigacha kurashishganiga qaramasdan yakunda tablodagi 1:0 hisobi o‘zgarmasdan qoldi.
“So‘g‘diyona” – “Andijon” – 1:0 (0:0).
26 aprel. Jizzax. “So‘g‘diyona” stadioni. 2810 tomoshabin.
Hakamlar: Asker Najafaliev, Alisher Usmonov, Sanjar Shoyusupov
Zaxira hakami: Shahboz Azimov
VAR: Ibrohim Ismoilov
AVAR: Alisher Rahimqulov
Nazoratchi: Marat Ismoilov
Komissar: Ma’mur Sultonov
“So‘g‘diyona”: Muhammadyusuf Sobirov, Zoir Jo‘raboev, Islom Qobilov, Otabek Axadov, Xondamir Mustafoqulov, Stanislav Andreev (Dilshod Misiraliev, 77), Sardor Hoshimov (Behruz Jumatov, 82), Nodir Soyibov, Umid Sultonov (Suhrob Izzatov, 57), Javohir Qahramonov, Lyupcho Doriev.
“Andijon”: Eldor Adhamov, Islom Mamatkazin, Abdulvohid G‘ulomov, Miomir Jurichkovich, Oleg Zoteev, Altin Kreziu, Iskandar Shoyqulov (Damir Temirov, 46), Sardor Azimov (Doniyor Abdumannopov, 70), Mirzad Mexanovich (Usmonali Ismonaliev, 87), Bektemir Abdumannonov, Rustam Turdimurodov (Islam Mashukov, 70).
Gol: Suhrob Izzatov, 59 – 1:0.
Ogohlantirishlar: Otabek Axadov, 40. Nodir Soyibov, 45+2. Dilshod Misiraliev, 90+2. Ivan Boshkovich, 90+3 (bosh murabbiy), Muhammadyusuf Sobirov, 90+4 – Miomir Jurichkovich, 1. Iskandar Shoyqulov, 12.
Fikrlar