Javlon Guseynov: Indoneziya chempionatida futbolchi o‘sishga ega bo‘ladi deb ayta olmayman

  • 22 iyul, 2019, 17:22
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Xorij mamlakatlarida to‘p surayotgan o‘zbekistonlik legionerlarning hayoti va faoliyati qanday davom etayotgani bilan imkoni qadar sizlarni tanishtirib borishga harakat qilyapmiz. Jumladan, Indoneziya chempionatida ham hamyurtimiz to‘p surayotganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Himoyachi Javlon Guseynov shu yilning boshida ushbu mamlakatga ko‘chib o‘tgan holda «Pusamaniya Borneo» jamoasi a’zosiga aylangandi. Lekin bu uning xorijdagi ilk jamoasi emas. Bungacha u 2017 yili ham chetda to‘p surib kelgandi. Aniqrog‘i, 2017 yilning birinchi davrasida Tailand klubida o‘ynab kelgandi. Shu tariqa, Indoneziya chempionati futbolchimizning xorijdagi ikkinchi faoliyatiga aylandi.

Tecno

- Javlon, siz qishda Indoneziya chempionatiga ko‘chib o‘tgandingiz. U erda ortda qolgan yarim yil siz uchun qanday o‘tdi?

- Xar xil. Boshida kelgan paytimda biroz qiyinchilik bo‘ldi. Bunday qiyinchiliklar esa ham futbol tomonlama, ham kundalik hayotda. Shunday bo‘lsa-da, tezroq Indoneziya hayoti va futboliga o‘rganib ketishga harakat qildim. Xudoga shukrki, buni o‘ylaganimdan ham ko‘ra tezroq uddalay oldim. Balki yangi tanishlar bilan tez chiqishib ketishim ham katta rol o‘ynagandir.

Javlon Guseynov4

- Shu o‘rinda u erdagi chempionat tizimi haqida ham o‘zingiz batafsil to‘xtalib o‘tsangiz. Bilishimizcha, Indoneziya chempionati yaqinda boshlandi. Ammo ortda qolgan yarim mavsum davomida nima qildingiz, degan savol muxlislarni o‘ylantirishi mumkin. Bunga o‘zingiz to‘liq javob berib o‘tsangiz...

- Fevral oyining oxiri va mart oyining boshida prezident Kubogi bo‘lib o‘tdi. Undan keyin esa Indoneziya Kubogi start oldi. Ushbu Kubok musobaqasida klubim bilan chorak finalga etib kelgan paytimizda, bu orada may oyida chempionat bahslari boshlandi va hozir 9-tur bahslari davom etmoqda. Aytgancha, yarim finalda mag‘lub bo‘lib Kubokdan chiqib ketdik. Darvoqe, bu erda Kubok finali ham ikkita o‘yindan iborat.

- Demak, Indoneziya chempionati may oyida boshlandi. U holda ayting-chi, yangi mamlakat futboliga moslashib bo‘ldingizmi?

- Ha, shunaqa. Chempionatga moslashdim desam ham bo‘ladi. Lekin u erda ko‘nikish qiyin kechayotgan jihat ham bor. Indoneziya chempionatida hakamlikka umuman moslashish qiyin bo‘lyapti. U erda o‘ynab shuni tushunib etdimki, bizning professional hakamlarimiz «plankani» yuqori darajaga olib chiqishgan ekan.

- Demak, u erda hakamlik saviyasi pastmi?

- Hech ikkilanmasdan ayta olamanki, bizning muxlislar O‘zbekiston hakamlaridan nolishmasa ham bo‘ladi.

- Jamoangiz Kubok musobaqasidan chiqib ketdi, endi bor e’tibor chempionat bahslariga qaratilganligi aniq. Shunday ekan, klub oldiga qanday vazifalar qo‘yilgan?

- Jamoamiz oldiga OFK Kubogiga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Kubok orqali bu vazifani uddalay olmadik. Endi esa ichki chempionatda kuchli uchlikka kirishga harakat qilib, bu vazifani bajaramiz, Xudo xoxlasa.

Javlon Guseynov2

- Shuningdek, Indoneziya hayoti va chempionatida sizga yoqqan va yoqmagan jihatlar yana nimalarda namoyon bo‘lmoqda?

- Indoneziya hayoti haqida gapiradigan bo‘lsam, ko‘chalarda mashina va mototsikllar ko‘pligi bois tirbandliklar juda ham ko‘p. Shuning oqibatida bir marta o‘yindan oldingi «ustanovkaga» kech qolishga ham ulgurdim. Yoqqan tomoni haqida to‘xtalsam, bu erning tabiati juda ham chiroyli, manzarani ko‘rib rohatlanasiz, odamlari xushmuomala. Chempionatda esa boya aytib o‘tganimdek, hakamlik ishi yoqmadi. Lekin Indoneziya chempionatida har bir o‘yin shiddat bilan o‘tadi. Etakchi jamoalar autsayderga ham mag‘lub bo‘lishi mumkin. O‘tgan yilgi turnir jadvalini ko‘rib bunga amin bo‘lishingiz ham mumkin. Jamoalar orasida ochkolar deyarli bir xil.

- O‘sha mashg‘ulotga kech qolganingiz tufayli sizni jarimaga tortishdimi?

- Albatta, shartnoma bo‘yicha jarima to‘ladim. 140 AQSh dollari.

- U erda legionerlar uchun qancha miqdorda haq to‘lashadi?

- Bilasizmi, mukofot pullari va oylik maosh haqida oshkor qilmaslik to‘g‘risida shartnomada alohida band yozib qo‘yilgan. Lekin o‘rtacha hisobda aytadigan bo‘slam, 6-10 ming AQSh dollari miqdorini tashkil etadi. Bundan tashqari, ko‘p narsa agentingizga va qaysi pasportga ega ekanligingizga bog‘liq. Misol uchun Tailand va Indoneziyada boshqa legionerlarga nisbatan osiyolik legionerga kamroq maosh berilali. To‘g‘ri, aytishingiz mumkin, o‘yinchining saviyasiga ham bog‘liq deb. Lekin bu fakt, chunki terma jamoamizda o‘ynagan o‘yinchi ham shuni ta’kidlab o‘tdi. U erda oylik maoshim yomon emas, Xudoga shukr kam bo‘lmayapmiz. Qolaversa, klub tomonidan etarli darajada shart-sharoitlar yaratib berilgan. Uy-joy va mashina bilan ta’minlashgan.

- U erda muxlislar tomonidan futbolga bo‘lgan e’tibor qay darajada?

- Futbol birinchi o‘rinda turadi. Muxlislar futbolni nihoyatda sevishadi. Masalan, ko‘chada yursak, bizni hamma taniydi. Chunki u erda media juda rivojlangan. O‘rtacha har o‘yinga 15-20 ming muxlis keladi.

- Javlon, ayting-chi, Indoneziya chempionati orqali futbolchi qanchalik o‘sishi va rivojlanishi mumkin deb o‘ylaysiz?

- O‘ylab ko‘rishga arziydigan savol bo‘ldi. To‘g‘risi, Indoneziya chempionatida to‘p surib futbolchi o‘sishga ega bo‘ladi deya olmayman. Chunki chempionat saviyasi unchalik yuqori darajada emas, ayniqsa, bizning chempionat bilan taqqoslaganda. U erda  to‘p surishga ko‘proq moliyaviy tomon rol o‘ynaydi, buni yashirgandan nima foyda, rosti ham shu.

- Ha, to‘g‘ri aytasiz. Maqsadingiz u erda qancha muddat o‘ynamoqchisiz?

- Hozircha shartnomam bir yilga mo‘ljallangan. Xudo xohlasa, yangi shartnoma tuzishga harakat qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Surxon turon
22/07/2019 20:39
Демак бизди чимпиянатдтан кучли екан унминг йигирмаминг мухлис кирса