
Jamshid Saidov: "Shu savolni berishingizni kutgandim, bu masala meni ham o‘ylantiradi"
Superligada 22-tur o‘yinlari davom ettirildi. "Qizilqum" jamoasi "Paxtakor"ni qabul qildi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bellashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Jamshid Saidov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Albatta, g‘alaba doim yoqimli. Bugun to‘g‘ri strategiya tanlagan edik va bu o‘zini oqladi. Bugun bizni qo‘llab-quvvatlab turgan barchaga tashakkur. Bu ketma-ket ikkinchi g‘alabamiz.
- Bu strategiya bahs avvalida rejaga kiritilganmidi?
- Biz bila turib shu strategiyani tanladik. Bugun yigitlar maydonda bor kuchi bilan harakat qildi.
- "Qizilqum" kuchliroq jamoalar bilan yaxshiroq o‘yin ko‘rsatmoqda. Buning siri nimada?
- Bu savolni berishingizni kutgan edim. Bu masala meni ham o‘ylantiradi. Kuchsizroq jamoalar bilan o‘yinlar qiyin kechayotgani rost. Bu ruhiy holat bilan bog‘liq. Raqibga to‘g‘ri baho bermaslik bilan bog‘liq.
- Lobjanidzening jarohati jiddiy emasmi?
- Hozir hech narsa ayta olmayman. Ertaga hammasi aniq bo‘ladi. Hozir unda og‘riq bor. Tekshirib, aniq xulosa qilamiz.
- Sayyotov o‘yindan o‘yinga ochilmoqdami?
- O‘ylashimcha, u juda ham iqtidorli futbolchi. Bekorga terma jamoalardan chaqiruv olmayapti. Tajriba to‘plash orqali o‘sishda davom etadi. Bugun ham darvozani yaxshi qo‘riqladi.
- Akaki Shulaya bilan shartnoma uzaytiriladimi?
- Uning mavsum oxirigacha shartnomasi bor. Bu haqida hali o‘ylamayapmiz. Oldinda bizni 4 uchrashuv kutib turibdi. Vazifani bajarishga qaratilgan, barcha e’tiborimiz.
Fikrlar