
"Jamoamiz o‘tgan yildagidek kuchga ega" yoxud "Metallurg" ustozi klubdan qaysi futbolchilar ketganiga achindi?
Bekobodning “Metallurg” jamoasi ham boshqa klublar qatori chempionatga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ispaniyalik bosh murabbiy Luisma Ernandes “Metallurg” bilan navbatdagi mavsum uchun astoydil hozirlik ko‘ryapti.
Tarkibda ham o‘zgarishlar bor. Bir qator etakchilar ketdi va o‘rniga legionerlar olib kelindi. Bu borada bosh murabbiy Sports.uz jurnalistining savollariga javob qaytardi.
- Yangi mavsum uchun tayyorgarlik rejalari qanday olib borilyapti?
- Avvalambor, biz bilan samarali hamkorlik qilib kelayotganingiz uchun xursandmiz. Buning uchun klub va o‘z nomimdan minnatdorchilik bildiraman. Klub rejalariga keladigan bo‘lsak, birinchi yig‘inimizni Bekobodda boshladik. Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini tashkil etishga harakat qilyapmiz. Bu erdagi ob-havoning va ayniqsa harorat pasayib ketganidan xabaringiz bor. Shu bois Turkiyada yig‘in o‘tkazishning harakatidamiz. Jamoamizni mart oyiga har tomonlama puxta tayyorlashga harakat qilamiz.
- Tarkibni bir qator etakchi futbolchilar tark etishdi. O‘rniga legionerlar olib kelindi. Shu bois jamoadagi o‘zgarishlar xususida o‘z fikrlaringizni bildirib o‘tsangiz.
- Albatta, mavsum davomida kelib-ketishlar kuzatildi. Yuqorida o‘zingiz aytib o‘tganingizdek, jamoamizni bir qator etakchi futbolchilar tark etishdi. Ketgan o‘yinchilarimizga rahmat aytamiz va kelajakdagi ishlariga omad tilaymiz. Ularning o‘rniga legionerlar kelishdi. Legionerlarimizga ulardan ham ko‘ra ko‘proq omad tilaymiz. Jamoamiz natijalari bevosita ushbu o‘yinchilarga ham bog‘liq. Yangi futbolchilarga kelsak, umumiy hisobda 6 nafari keldi. O‘shalardan 4 tasi legionerlar. Yosovich, Stamenkovich, Obradovich, Kasminin va Palich klubimizda qolgan. Mahalliy futbolchilardan Manazarov va Islomov kabi o‘yinchilarni tarkibga qo‘shib olganmiz. Yana bir-ikkita futbolchini tarkibimizga qo‘shib olish rejamiz bor. Buni voqealar rivojiga qarab hal qilishga harakat qilamiz.
- “Metallurg”ni tark etgan futbolchilardan ko‘proq kimni ketganiga achindingiz?
- Ketgan futbolchilarimizga to‘xtaladigan bo‘lsam, ularga boshqa jamoalardan yaxshiroq takliflar chiqdi. Shu sababli xayrlashishga majbur bo‘ldik. Har doimgidek jamoamizga qilgan mehnatlari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Kelajakdagi ishlarida omad tilaymiz. Anvar G‘ofurovning ketganidan afsuslandim. U ikkinchi davrada eng yaxshi o‘yin ko‘rsatgan futbolchilarimizdan biri bo‘lgandi. Farhod Bekmurodov va Ixtiyor Toshpo‘latovni ham olib qolish uchun harakat qildik. Lekin vaziyat taqozosini to‘g‘ri tushungan holatda ular bilan ham xayrlashishga majbur bo‘ldik. Ushbu yigitlarning ketganidan ham qaysidir ma’noda afsuslandim.
- “Metallurg” o‘tgan yilgiga nisbatan biroz kuchsizlanib qolgani haqida gaplar bor. Masalan, klubdagi imkoniyat va sharoitlar oldigidek emasligi borasida ham gap-so‘zlar yo‘q emas. Jamoaning hozirgi holati haqida nima deya olasiz?
- Fikrimcha, hozirgi shakllantirayotgan jamoamiz o‘tgan yildagidek kuchga ega. Bundan tashqari, safimizga qo‘shilgan legioner o‘yinchilarga umid qilgan holatda o‘tgan yilgiga nisbatan kuchliroq o‘yin ko‘rsatishimizga va yuqoriroq o‘rinni egallashga harakat qilamiz.
- Rahbariyat tarafidan oldingizga real qanday vazifa qo‘yildi?
- Rahbariyat tomonidan klub oldiga qo‘yilgan maqsad – chempionat jadvalining yuqori o‘rniga qaytish. Shu sababli ham biz hozirgi kunda jamoaga jalb qilgan yangi futbolchilarga katta umid qilyapmiz. O‘ylashimcha, bu o‘z mevasini beradi, degan umiddaman.
- Siz Ispaniyada bo‘lgan chog‘ingizda klub legionerlar bilan kelishuvga erishib qo‘ygandi. Hammasi siz bilan maslahatlashilgan holda amalga oshirildimi? Yoki siz jamoaga qaytguningizga qadar barchasi hal qilib qo‘yilganmidi?
- 21-asr texnologiyalarini hammamiz yaxshi bilamiz. Shu sababdan Ispaniya bo‘lamizmi yoki Avstraliyada bo‘lamizmi, har doim rahbariyat bilan uzviy aloqada bo‘lib turdik. Har hafta onlayn video orqali yig‘ilishlar o‘tkazib turdik. Haftasiga ikki martadan video orqali yig‘ilishlar qildik. Har bir o‘yinchini jamoaga jalb qilish bo‘yicha biz bilan maslahatlashgan holda amalga oshirildi. Yangi legionerlardan Yosovich o‘zbek futboliga juda yaqin o‘yinchi. Obradovichni oladigan bo‘lsak, u ham o‘zbek chempionatida o‘ynab ketgan. Kerim Palich ikkinchi mavsumdirki, biz bilan birga. Faqatgina Stamenkovich o‘zbek chempionatiga yangi kelgan.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar