Ispaniyaning nufuzli "Marca" nashri "Surxon" klubi haqida maqola chop etdi

  • 26 iyul, 2022, 14:32
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Superligasi bu mavsum ancha qizg‘in davom etmoqda. Jamoalar bir-biriga munosib qarshilik ko‘rsatyapti. Hatto jahon tan olgan nufuzli nashrlar ham endi mamlakatimiz futboliga e’tibor qaratishni boshladi. Jumladan, Ispaniyaning mashhur "Marca" nashri Termizning "Surxon" klubi haqida alohida maqola chop etdi. Unda jamoadagi ispaniyaliklar haqida batafsil ma’lumot keltirib o‘tilgan. Shuningdek, jamoa byudjeti, nega mashg‘ulot va o‘yinlarni Termizda emas, Toshkentda  o‘tkazishi, geografik joylashuvi va kelajak uchun mo‘ljallangan rejalari borasida atroflicha to‘xtalib o‘tilgan. Marhamat, quyida maqolani o‘zbek tilida mutolaa qilishingiz mumkin.

Tecno

Ispancha "Surxon": Ipak yo‘lidagi "tiki-taka"chi jamoa

O‘zbek klubida hozir 10 nafar ispan bor. Klubga mamlakatning eng yaxshilari qatoriga kirishni maqsad qilgan Anxel Lopes bosh murabbiylik qiladi.

Ispancha brend dunyo bo‘ylab o‘z uslubini tarqatishda davom etmoqda. "Tiki-taka" O‘zbekistonga kirib keldi va endi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistonga yoyilishi ko‘zda tutilgan.

"Bu biz ispanlar uchun hali to‘liq o‘rganilmagan hudud. Bu SSSR tarkibida bo‘lgan 15 respublikadan biri bo‘lgan. 1991 yildan mustaqil respublikaga aylangan. Ushbu yurt tinch, rivojlanib borayotgan davlatlar qatorida", - deydi murabbiy Anxel Lopes.

Ayni shu "Surxon" sabab "Marca" nashri Ispaniyadan 6 ming kilometrdan uzoqda bo‘lgan Toshkentga sayohat uyushtirdi. Mazkur shahar O‘zbekiston poytaxti bo‘lib, 2,7 million aholi istiqomat qiladi. Shuningdek, Toshkent azaldan Sharq va G‘arbni bog‘lab turuvchi "ko‘prik" vazifasini bajarib kelgan.

"Menga bu er juda yoqdi. Shuningdek, juda ajablantirdi ham. Toshkent - toza va zamonaviy shahar. Hayot tarzi xuddi Evropaniki kabi. Madridda nima topish mumkin bo‘lsa, bu erda ham hammasini topsa bo‘ladi", - deydi legioner futbolchi Luismi Kezada.

"Surxon" jamoasi tadbirkor Jahongir Usmonov tomonidan boshqariladi. Klubda allaqachon 10 ta ispaniyalik yig‘ilgan. Ulardan 6 tasi murabbiy va 4 tasi futbolchi.

Anxel Lopez (Madrid), Migel Alvares (Orense), Karlos Ximenes (Kastelon), Xulen Esnaola (Gipiskoa), Jonatan Lomas (Madrid), Rodrigo Martin (Asturias), Serxio Rodriges (Badaxos), Luismi Kezada (Madrid), Ruben Sanches (Toledo) va Manel Martines (Barselona) kabi futbolchi va murabbiylar Toshkentda "kichik Ispaniya"ni tashkil qilgan.

"Bu menga to‘liq ishonilgan va eng ko‘p hurmat qilingan klub bo‘lib qolsa kerak. Ular meni buyuk murabbiy bilan shartnoma imzolagandek his qilishimga imkon yaratib berishdi", - deydi murabbiy va ayni vaqtda klub sport direktori Anxel Lopes.

surrxon

Hikmatlar toshi

Hozirgi "Surxon" "armada"si (qadimda ispanlar jangovor kemalarini shunday atagan)ning kelib chiqishi tasodifiy loyiha emas. "Klub rahbari Jahongir Usmonov ispan futboliga mehr qo‘ygan. U "Real" Madrid jamg‘armasi bilan bir qancha g‘oyalarini amalga oshirishga urinib ko‘rgan. Endi Usmonov Ispaniyadan murabbiylar olib kelishga qaror qildi", - dedi murabbiy Lopes. Ekvatorial Gvineya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyining olib kelinishi oldinga tashlangan ilk qadam bo‘ldi. "Menga ishonchli yordamchilar kerak edi. Yangi g‘oyalar va umid berib turadigan shaxsning yoningda bo‘lishi insonga ajoyib motivatsiya beradi", - deydi murabbiy boshqa ispaniyalik mutaxassislar etib kelganidan so‘ng.

Tadbirkor Usmonov hatto jamoaga jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassis ham jalb etgan. "Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassislar odatda murabbiylar shtabi bilan birga boshqa davlatga chiqmaydi. Bu normal holat sanalmaydi. Biroq Anxel shuni xohladi va o‘ylashimcha, bu jamoa uchun ijobiy natija ko‘rsatmoqda", - deydi fizioterapevt Rodrigo Martin.

"Mening ishim dalda berish va tartibni saqlab turish. Futbolchilarning kunini bir rejimda ushlab turilishini ta’minlayman. Murabbiylar shtabiga qo‘ldan kelgancha yordam berib turishim lozim. Bu mening ishim va burchim", - deydi, asosan, kun tartibi bilan shug‘ullanadigan Jonatan Lomas.

"Men bu erga kelishimdan oldin Hindistonda ishladim. Hind diyorida daraja o‘sib borayotgani rost. Biroq professionallik etishmaydi. O‘zbekistonga kelganimdan xursandman. Men "Surxon"da mamlakatdagi eng yaxshi 3 posbon bilan mashg‘ulot olib boryapman", - deydi darvozabonlar bo‘yicha mutaxassis Xulen Esnaola.

Valdebebasdan Toshkentga

"Xato qilish ehtimoli juda kam edi. Sababi, Osiyodan tashqaridan faqat 4 ta legioner bilan shartnoma imzolash mumkin. Menga halqaro toifadagi bir qancha mashhur futbolchilarni taklif qilishgandi. Ammo men o‘zim bilgan professional futbolchilarni tanladim. Manel (Martines)da bizga kerak bo‘lgan gol urish qobiliyati bor. Ruben (Sanches)da iqtidor va chap oyoqda kuchli zarbasi bor. Luismi (Kezada) tezlik va markazni nazorat qilishda kuchli bo‘lsa, Serxio (Rodriges) himoyada dadillik va barqarorlikni ta’minlab bera oladi", - deydi bosh murabbiy.

Eng e’tibor qaratadigan joyi Kezadaning faoliyati bo‘lsa kerak. U Dominikan Respublikasi terma jamoasida to‘p tepadi. Shuningdek, 2017 yil Zidan boshchiligidagi "Real"da kubok o‘yinida maydonga tushishga muvaffaq bo‘lgan. Keyin u Ispaniyaning turli jamoalarida to‘p tepdi. "Surxon"ga kelishidan avval esa Luismi ma’lum muddat klubsiz qolgan edi. "Surxon" jamoasi unga imkon berishga qaror qildi va shartnoma taklif qildi.

"Ko‘pdan beri imkon berilishini kutayotgan edim. Anchadan buyon klubsiz yurganim rost. Menga eng yoqadigani - futbol o‘ynash va maydonda borimni berib harakat qilish. Yana shunday baxtni taqdim etgani uchun "Surxon"ga minnatdorchilik bildiraman", - deydi Kezada.

lopes

O‘zbekiston chaqmog‘i

Loyihada ayrim cheklovlar ham mavjud. Klub byudjeti Superligada eng past pog‘onalarda turadi. "Men etib kelganimda, ular menga shunday deyishdi: "Siz Rayo de O‘zbekistondasiz. Chuqur ildiz otib borayotgan, kamtarin va hurmatga sazovor klubga xush kelibsiz!"

Hozirda umidlar katta. Superligada qolib, barqaror jamoaga aylanishni rejalashtirganmiz. Agar muvaffaqiyat qozonishda davom etsak, yangi investor byudjetni oshirishga va’da bergan. Mening maqsadim - "Surxon"ni mamlakatdagi eng kuchli klublardan biriga aylantirish", - deydi Anxel Lopes.

Afg‘oniston bilan chegaradosh

"Surxon"da yana bir muammoli tomon bor. Jamoaning asosi Termiz shahri hisoblanadi. Bu shahar O‘zbekiston janubida, Afg‘oniston bilan chegarada joylashgan. Bu xavfsizligi bir necha bor aytilgan.

Bu mavsum klub Toshkentda o‘yinlar o‘tkazmoqda va mashg‘ulotlar ham poytaxtda o‘tmoqda. Ushbu holat xuddi Almeriyaning Madridda o‘yin o‘tkazishiga o‘xshaydi. Termizdagi stadionda qayta ta’mirlash ishlari o‘tkazilmoqda. O‘tgan mavsum jamoa uy o‘yinlarida qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan 25 ochkodan 20 ochkoni qo‘lga kiritgan. Ammo Termiz juda issiqligini ham inobatga olish kerak.

surxon_1

Ispaniyada yaratilgan uslub

"Surxon" asta-sekin o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishmoqda. "Uchar tulporlar" o‘tgan mavsum 14 jamoadan iborat ligada quyi ligaga tushib ketmadi. "Bizga etarli gollar etishmadi. Agar Manel va Ruben o‘tgan mavsum kelganida, biz kuchli oltilikka kirgan bo‘lardik", - deydi klubdagilar.

"Biz murabbiyning g‘oyalarini maydonda amalga oshirishga harakat qilyapmiz. Markaziy himoyachi sifatida qisqa va lo‘nda qilib aytishim mumkinki, biz Ispaniyada yaratilgan uslubni "Surxon"ga singdirmoqchimiz", - deydi Serxio Rodriges.

"O‘zbekistonning darajasi Osiyoda ancha yuqori va hurmatga sazovor. Ular 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo kubogida kumush medallarni qo‘lga kiritdi. Bizda yosh va umidli futbolchilar ham yo‘q emas. Akbarov kabi mahoratli yigitlarimiz Shomurodov kabi Evropa maydonlarida to‘p tepishi mumkin. Men bunga ishonaman", - deydi murabbiy yordamchisi Migel Alvares.

 

Shohrux Zoirov tarjimasi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
TURDIYEV AKRAMJON
26/07/2022 21:44
Имкон бериш керак хали хаммаси олдинда
&
Shaxzod1223
26/07/2022 19:14
Madrid uslubini singdirmoqchimiz deydi, Madrid uslubini yaxshi bilganida shuyerlarda yurar edima