Islom Ismoilov "Ximki"da ko‘rgan-kechirayotganlari, Sergey Yurandan nima o‘rganayotgani va nega takliflarni qabul qilmagani haqida munosabat bildirdi

  • 25 mart, 2022, 15:33
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘tgan yili “Turon” klubi bilan Superligada ma’lum vaqt ishlagan va qisqa fursat ichida ko‘zga tashlanib qolgan yosh mutaxassis Islom Ismoilov ayni paytda o‘z ustida ishlashda davom etyapti va murabbiylik uchun tashkil etilgan pro litsenziyasi uchun o‘quv kursida tahsil olyapti.

Tecno

Amaliyot o‘tash uchun esa Ismoilov “Lokomotiv” ustozi Denis Korostichenko bilan birga Rossiya premer-ligasi qatnashchilaridan biri – “Ximki” jamoasida malakasini oshirmoqda. U Sports.uz muxbiriga ayni chog‘dagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Ximki”ga Fyodorov orqali keldik”

- Pro litsenziyasiga o‘qish davomida shunday band kiritilganki, imtihonlardan oldin qaysidir mamlakatga borib amaliyot o‘tab kelish kerak. Yaqinda 5-modul boshlanadi. Shundan avval barcha murabbiylar amaliyotga chiqib ketishgan. Kimlardir Qozog‘istonga, kimlardir Ozarbayjonga borishdi. Biz “Ximki” klubiga Andrey Vitalevich Fyodorov orqali keldik.

islom4_3

“Murabbiy bilganlarini berkitmasdan bizga aytyapti” 

- Amaliyotimizning muddati o‘yindan-o‘yingacha bo‘lishi kerak. Bu bir hafta vaqtni o‘z ichiga oladi. Ya’ni, chempionat davomida bo‘layotgan jarayonlarda qatnashishimiz talab etilgan. Taassurotlarga kelsak, baribir Rossiya futboli ancha rivojlangan. Har bir klubida professional mutaxassislar ishlashadi. Farq sezilarli darajada, bu erda o‘rganish uchun yangiliklar juda ko‘p. Shaxsan o‘zim uchun ko‘plab yangiliklarni olyapman. Qisqa muddat ichida ham ancha ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Sergey Yuranni hamma biladi, mashhur futbolchi bo‘lgan. Murabbiylik sohasida ham “Ximki”ni qabul qilib olgach, jamoaning natijalari yaxshilanishni boshladi. Bu narsalar ham biz uchun qiziq tuyuldi. Yuran pastga tushib ketayotgan klubni boshqarib, uni oldingi holatiga qaytarayotgan murabbiylardan hisoblanadi. Uning faoliyati albatta qiziq. Biz bilan ochiq suhbatlar o‘tkazyapti. O‘z fikrlarini aytib, biz bilan tajribasini baham ko‘ryapti. Bu erda yana boshqa faktorlar ham bor, bu futbolchilarning saviyasi. Bilamiz, Rossiyada tajribali legionerlar ham to‘p suradi. Hozirgi amaliyotimizdan maqsad va o‘rganayotganimiz shuki, bitta o‘yindan keyingisigacha klub qanday ishlarni amalga oshiradi? Tiklanish jarayoni qanday bo‘ladi? Raqibni qanday o‘rganyapti? Yoki jamoasini navbatdagi uchrashuvga qanday tayyorlaydi? Nimalarga e’tibor qaratadi? Shunga o‘xshagan holatlarni o‘rganyapmiz. Murabbiyga ham rahmat, o‘z ma’lumotlarini berkitmasdan biz bilan baham ko‘ryapti.

islom1_3

“U bilan Oston O‘runov to‘g‘risida gaplashmadik”

- Insoniylik tomondan yaxshi, kamtar va sodda. Yuran bilan suhbat davomida o‘zbek futbolini muhokama qilmadik. Biz asosan undan ko‘proq tajriba o‘rganish maqsadida faoliyatida nimalarga e’tibor berayotgani, jamoasining o‘yin uslubini qanday qurayotgani, texnik-taktik jihatlar ustida gaplashyapmiz. Ko‘proq zamonaviy futbol to‘g‘risida suhbatlashyapmiz. U barchasini ochiq-oydin aytyapti. Yuran suhbat davomida aytdiki, Portugaliya, Angliya va yana ko‘p joylarda murabbiylik amaliyotini o‘tkazgan ekan. Oston O‘runov to‘g‘risida u bilan suhbatlashganimiz yo‘q. Asosan jamoaning tayyorgarligi borasida gaplashyapmiz. Boshqa har xil mavzularga chalg‘iganimiz yo‘q. O‘zi ham bizga O‘runov mavzusida og‘iz ochmadi.

islom_5

“Bu erda umuman boshqacha ekan”

- Sergey Yuran bilan gaplashganimizda birinchi navbatda o‘zim uchun shuni yaxshiroq tushunib etdimki, yangi klubni qabul qilayotganda nimalarga e’tibor qaratish muhimligini bildik. Masalan, rahbariyat bilan qanday kelishuvga erishish kerak? Qanday talablar qo‘yiladi? Yangi klubni qabul qilayotganida qaysi yo‘nalishlarga e’tibor qaratish lozim? Xullas, barchasini ipidan-ignasigacha hal qilib olish darkor. To‘g‘risi, shu jihatlar bo‘yicha ham o‘zim uchun yangilik oldim. O‘yinga tayyorgarlik jarayonida bizda biroz boshqacharoq bo‘ladi. Bularda esa bu borada umuman boshqacha ekan. Shu narsa ham menga yangilik bo‘ldi. Bir so‘z bilan aytganda, mashg‘ulotlarda biz ko‘zdan qochiradigan holatlar bor ekan. Shu kungacha e’tibor qilmagan jihatlarimiz borligiga amin bo‘ldim. Shuningdek, biz faqatgina Yuranni o‘zi bilan cheklanib qolmasdan klubdagi barcha xodimlar bilan ham gaplashishga harakat qilyapmiz. Masalan, klub “administratori” bilan suhbatlashdik. Baribir ularda saviya boshqa-ku. Bosh murabbiy sizdan ko‘proq nimani talab qiladi, shu xususida ma’lumotlar oldik. Klub operatori, shifokorlari, massajchilar va boshqalar bilan ham gaplashib, nimadir o‘rganyapmiz. Baribir ular har kuni klubda ishlashgani uchun murabbiyni yaxshiroq bilishadi. Ular ham boshqa jamoalarda faoliyat ko‘rsatishgan va ko‘p narsani bilishadi.

islom2_3

“2 ta klubdan taklif bo‘ldi, ammo...”

- Keyingi rejalarga to‘xtalsam, ha orada ikkita klubdan taklif bo‘ldi. Ammo ba’zi masalalarda fikrimiz bir joydan chiqmadi. Lekin boshqa aytarli taklif bo‘lgani yo‘q. Chaqiruv Superligadan bo‘ladimi yoki pro ligadanmi, buni farqi yo‘q. Lekin o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yadigan klub bo‘lsa, o‘rganganlarimizni amalda qo‘llashga harakat qilamiz.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!