Ildar Mamatkazin: "U bizning asosiy "qurolimiz"

  • 23 avgust, 2023, 17:20
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

“Andijon” klubi 21 avgust kuni “Bobur Arena”da “Olimpik”ni qabul qildi va 2:1 hisobida g‘alaba qozonib ishqibozlarining kayfiyatini ko‘tardi.

Tecno

O‘sha uchrashuvni maydon egalari munosib o‘tkazishdi va bu borada jamoa sardori Ildar Mamatkazinning ham hissasi katta bo‘ldi. Tajribali o‘yinchi bu boradagi savollarga javob qaytardi.

- “Andijon” o‘zi uchun muhim bo‘lgan uchrashuvda qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdi. O‘yin xususida nimalarni aytgan bo‘lardingiz?

- Uchrashuv og‘ir bo‘ldi. Buni o‘zimiz ham bilib turgandik. Chunki ozgina bosim ham bor edi. Stadionimiz ochilishida yuta olmadik. Umuman, o‘z maydonimizdagi ikkita o‘yinda durang o‘ynadik. Shuning uchun ham o‘z uyimizdagi birinchi g‘alaba juda zarur edi. Shu sababli bellashuvdan avval o‘zimiz ham oson bo‘lmasligini sezganmiz. Lekin hammasi o‘z qo‘limizda edi. Murabbiylarning ko‘rsatmalarini bajardik. Xudoga shukr, g‘alaba qozonib, muxlislarimizni xursand qildik.

- Birinchi davrada safarda “Olimpik” jamoasiga qarshi bahsda sizning yagona golingiz evaziga “Andijon” g‘alaba qozongandi. Ikkala o‘yinning qanday farqli tomonlarini ko‘rdingiz?

- Birinchi davrada ham o‘sha o‘yin og‘ir bo‘lgandi. Chunki, eslasangiz, uchrashuv boshida gol urdik. Keyin deyarli 90 daqiqa himoyalandik. Shu tomondan o‘sha bahs ham og‘ir kechgandi. Bu safargi bahs ikkinchi golgacha teng kurashlar ostida o‘tdi. Ikkinchi golni urganimizdan so‘ng ko‘proq himoyani o‘yladik va asosan qarshi hujumga e’tibor qaratildi.

mamatkazin3

- “Olimpik” darvozasiga gollarni legionerlar urishdi. Rubin Xebay hisobni ochdi va Armin Boshnyak ikkinchi golni kiritdi. Bu futbolchi o‘tgan safar ham o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ygandi...

- Biz xursandmiz. Xebay uchta uchrashuvdan beri gol ura olmayotgandi. Mana, u yana gollar urishni boshladi. Bu futbolchi bizning asosiy “qurolimiz”. Xudoga shukr, Rubin ikkinchi davradagi gollari hisobini ochib oldi. Xudo xohlasa, Xebay bundan buyog‘iga ham gollar seriyasini davom ettiradi. Yangi qo‘shilgan Armin jamoamizga juda yaxshi kirishib ketdi. O‘zi ikkinchi davra boshlanishiga ikki kun qolganida keldi. Qoyil, u tez moslashib ketdi. Ikkita o‘yindan beri chiroyli gollar uryapti. Uning uchun ham xursandmiz.

- Uchrashuvdan keyin shaxsan viloyat hokimining o‘zi maydonda futbolchilarni tabrikladi va qo‘llab-quvvatladi. Bunday holatni kutganmidingiz?

- Hokimimiz har o‘yinimizga kelyapti, faqat g‘alaba qozona olmayotgandik. Holbuki, o‘zimiz ham yutishimizni rosa xohlayotgandik. Shunchaki, omadimiz kelmasdan uydagi ikkita uchrashuvda durang bo‘lib qoldi. Albatta, viloyat hokimining o‘yinga kelib tomosha qilishini o‘zi biz uchun katta motivatsiya. Xudoga shukr, barchaning oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ldi.

mamatkazin5

- Keyingi tur vodiy derbisida “Neftchi”ga qarshi yanada muhim o‘yin kutib turibdi. Bo‘lajak uchrashuv oldidan qanday so‘zlaringiz bor?

- Hozir bu Superligada oson o‘yinning o‘zi yo‘q. Hamma uchrashuv o‘ziga yarasha mashaqqatli o‘tyapti. Tabiiyki, biz “Neftchi” bilan bellashuvga qattiq tayyorgarlik ko‘ramiz. Bilasiz, bu vodiy derbisi. Hamma tushunib turibdi. Xudo xohlasa, derbida bor imkoniyatimizni ishga solib, yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qilamiz.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Хавасбек
24/08/2023 01:52
АНДИЖОНГА ОМАД ВА FАЛАБА ТИЛАЙМАН !!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!!
&
Bek 56
23/08/2023 17:50
Яхши сизларга келгуси учрашувда галаба тилаймен