
Ikki klub O‘runov sababli tortishyapti!
Oston O‘runov Rossiya futbolida eng ko‘r muhokama qilingan shaxsga aylanib qoldi. Chempionat oxiriga yaqinlashgani sari o‘zbekistonlik legioner transferi atrofidagi vaziyat yanada chigallishib bormoqda.
Muxlislarga yaxshi ma’lumki, O‘runov o‘tgan yili “Ufa”da zo‘r o‘ynaganidan keyin Shamil Gazizov ortidan “Spartak”ga ko‘chib o‘tgandi va moskvaliklar bilan besh yillik shartnoma imzolagandi. Ostonning Moskva klubida ishlari yurishmadi. Gazizovning “Spartak”dagi faoliyati ham juda qisqa bo‘ldi.
Natijada Oston ham, Gazizov ham o‘zlari uchun qadrdon bo‘lib qolgan “Ufa”dan qo‘nim topdi. Vaziyat o‘z echimini topgandek edi. “Ufa” mavsum oxirigacha ijarada o‘ynaydigan O‘runovni 3 million evroga sotib olish huquqiga ega. Biroq, ufaliklar bu summani to‘lamoqchi emas. “Spartak” esa, o‘zini oqlamagan bu transferga ketgan xarajatlarni 3 million evro bilan qoplab olmoqchi.
Rossiyada “Ufa” O‘runov transferi bo‘yicha “Spartak”ga rasmiy so‘rov yuborgani haqida xabarlar tarqatilmoqda. Vaziyat chigalligi bois, buning ortidan har ikki klub ommaviy axborot vositalarida o‘z imijini himoya qilishga kirishib ketdi.
“RB Sport” nashri ufaliklar yozgi transferlar vaqtida O‘runovni “Spartak”ga 1 million evroga sotgani uchun uni qaytarib olish maqsadida shu summani taklif qilgani, biroq moskvaliklar javob xatida Oston uchun 3 million evro talab qilgani haqida yozdi.
Bu vaziyatga Shamil Gazizov quyidagicha izoh berdi.
- “Spartak”ga O‘runov transferi bo‘yicha so‘rovni ancha oldin yuborganmiz. Bu uni ijaraga olishimizgacha yuz bergandi. Chempionatning ikkinchi qismi boshlanishidan avval shu maqsadda xat yuborganmiz. Lekin amalda “Spartak” bilan Ostonning transferini sotib olish huquqi bilan uni ijaraga olishga kelishildi. Lekin uni sotib olishga majbur emasmiz. “Spartak” o‘shanda uni 3 million evrodan kamiga qo‘yib yubormasligini aytgandi, - dedi Shamil Gazizov.
Bu masalaga “Spartak”ning jamoatchilik bilan aloqalar departamenti direktori Anton Fetisov o‘z munosabatini bildirdi.
- O‘runovning transferi bo‘yicha “Ufa” yaqin o‘rtada rasmiy so‘rov yuborgani yo‘q. Avval ham shunday bo‘lgan. Shamil Gazizov matbuot orqali Oston bo‘yicha taklif yuborganini e’lon qilgan, lekin bizga hech qanday hujjat etib kelmagan. Biz rasman raddiya berganimizdan keyingina ular taklif yuborishgan. Har gal ular kamtargina summa bermoqchi bo‘ladi.
“Spartak” O‘runov transferi uchun sarf qilingan mablag‘ni to‘lig‘icha qaytarib olmoqchi. Buning ichiga ko‘tarma pullari va futbolchining maoshi ham kiradi. O‘runovning transferidan mumay pul ishlab olish imkoni bo‘lsa, bu ajoyib-ku. Axir Shamil Gazizovning o‘zi bir necha marotaba O‘runov Osiyo yulduzi ekani va uning narxi 20-30 million evrogacha ko‘tarilishini ta’kidlab kelgan, - deydi Anton Fetisov.
Oston O‘runov Rossiya premer-ligasida jami 14 ta uchrashuv o‘tkazdi va samarali natijaga erisha olgani yo‘q. Uning “Spartak” bilan shartnomasi 2025 yilning yozigacha davom etadi.
Fikrlar