
Husanovning nomi “Real” va Evropa Chempionlar ligasi tarixiga yozildi
UEFAning eng nufuzli turniri – Chempionlar ligasi bu mavsum yangi formatda o‘tkazilmoqda. Umumiy bosqichda ishtirok etgan 36 ta jamoadan 24 tasi pley-offga yo‘l olgan edi. Ulardan kuchli sakkizlikdan joy olgan jamoalar nimchorak finalga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqqan. Qolgan 16 ta jamoa o‘tish o‘yinlarida qatnashishiga to‘g‘ri keldi.
Ushbu turnirda ishtirok etayotgan yagona o‘zbek futbolchisi – Abduqodir Husanovning jamoasi “Manchester Siti” o‘tish o‘yinlarida “Real”ga ro‘baro‘ keldi. O‘z maydonida amaldagi g‘olibga 2:3 hisobida yutqazgan Xosep Gvardiola shogirdlari Madriddagi javob bahsida bu gal 1:3 hisobida engildi.
Biz uchun ahamiyatli tomoni shundaki, Abduqodir Husanov ilk bor Evropa Chempionlar ligasining pley-off bosqichida o‘ynadi. Bu 20 yoshli himoyachimizning “Manchester Siti” safida xalqaro miqyosdagi debyuti bo‘ldi.
Bundan tashqari, Abduqodir ajoyib natija egasiga aylandi. Husanov Chempionlar ligasi pley-off bosqichida “Real”ga qarshi “Santyago Bernabeu” stadionidagi o‘yinda debyutini o‘tkazgan ikkinchi eng yosh o‘yinchi bo‘ldi. Bellashuv o‘tkazilgan sanada legionerimiz 20 yoshu 356 kunlik edi.
Avvalgi rekord 2014 yili o‘rnatilgan bo‘lib, “Shalke” futbolchisi Kaan Ayxan 19 yoshu 128 kunligida “Real”ning uy stadionida maydonga tushgan.
Ta’kidlash joizki, Abduqodir Husanov uchrashuv davomida muxlislar kutganidek Vinisius Juniorga gol urish imkonini bermagan bo‘lsa-da, “shaharliklar”ning butun himoya chizig‘i Kilian Mbappeni to‘xtata olmadi.
Frantsiyalik yulduz uchrashuvda uchta to‘p kiritib, ayni paytda juda kuchli sport formasida ekanini yana bir karra isbotlab qo‘ydi.
Kilian Mbappe Xosep Gvardiola boshqaruvidagi jamoalarga Chempionlar ligasi doirasida gol urish borasida Lionel Messining rekordini takrorladi. Argentinalik jahon chempioni Evropada o‘ynab yurgan davrlarda qit’aning eng nufuzli xalqaro turnirida ispaniyalik mutaxassis shogirdlarini etti marotaba uyaltirib ketgandi. Xet-trikdan keyin Mbappe ham Gvardiola jamoalariga urgan gollari sonini ettitaga etkazib oldi.
Xosep Gvardiolaning o‘zi ham hozir “Real” uning jamoasidan kuchli ekanini tan oldi.
- “Real Madrid” – ajoyib klub va keyingi bosqichga o‘tishga munosib jamoa. Biz nimchorak finalga chiqish uchun bu jamoaga etarli darajada qarshilik ko‘rsata olmadik. Bu achchiq tajriba va biz buni qabul qilib, kelasi mavsum yana Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini qshshlga kiritishga harakat qilishimiz zarur.
“Real” hozir bu musobaqa g‘olibligiga asosiy da’vogarlar biri, biroq turnirda hali yana kuchli klublar qolganini unutmaslik kerak, - dedi Xosep Gvardiola.
Endi “shaharliklar” bor e’tiborini Angliya Premer-ligasida kuchli to‘rtlikdan o‘rin egallash va Angliya kubogida g‘olib chiqish uchun qaratadigan bo‘ldi.
Abduqodir Husanov esa, 20 yanvar kuni “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tganidan beri uchta nufuzli musobaqa – Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi va Evropa Chempionlar ligasi pley-offidagi debyutlarini nishonladi.
Husanovning “Siti”dagi kelajagiga oydinlik kiritildi
Fayzullaev Evropaga qachon ketishini aytdi!
Fikrlar