
Husanov bo‘yicha muhim qaror!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov klublar miqyosidagi faoliyatini “Manchester Siti”da davom ettirayotgani bois o‘zbekistonlik muxlislar ushbu jamoaga oid xabarlarni alohida qiziqish bilan kuzatib bormoqda.
Sports.uz portali buni inobatga olgan holda “shaharliklar” atrofida bo‘layotgan qiziqarli ma’lumotlarni o‘quvchilar e’tiboriga havola qilishni davom ettiradi.
Abduqodir Husanov 2025 yilning 20 yanvarida Frantsiyaning “Lans” klubidan “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgani o‘zbek futboli uchun tarixiy voqea bo‘ldi.
Manchester klubi “shov-shuvli” transferni amalga oshirish maqsadida yosh o‘yinchi uchun 40 million evro badal puli va yana 10 million evro bonus berishni taklif qildi. Shu tariqa, Abduqodir Husanov Angliya Premer-ligasiga keldi.
Manchesterdagi faoliyatining dastlabki oylarida asosiy tarkib o‘yinchisi sifatida Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi, Evropa Chempionlar ligasida to‘qqizta uchrashuv o‘tkazgan va fevral oyida “Manchester Siti”ning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Husanovni Xosep Gvardiola aprel oyidan boshlab, umuman maydonga tushirmay qo‘ydi.
Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, klub bu ishni qo‘shimcha bonuslardan qochish uchun qilgani aytildi. “Lans” bilan kelishuvga ko‘ra, agar Husanov dastlabki yarim mavsumda o‘n marta maydonga tushsa, manchesterliklar besh million evro qo‘shimcha bonus to‘lashi ko‘zda tutilgan ekan.
Shunga qaramay, bu holat Abduqodirning “Manchester Siti”dagi kelajagi bo‘yicha ko‘plab savollarni keltirib chiqardi. AQShda o‘tkazilgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham murabbiylar shtabi Husanov xizmatidan atigi bitta uchrashuvda foydalangani bu mavsumni yana qizdirib yubordi.
“Manchester Siti” rahbariyati va murabbiylar shtabining o‘zbek legioneriga bo‘lgan munosabatiga taniqli jurnalist Simon Baykovski oydinlik kiritdi.
Uning ta’kidlashicha, “shaharliklar” mutasaddilari yangi mavsumda Abduqodir Husanovni hech qaerga qo‘yib yubormaydi. Murabbiylar shtabi 21 yoshli markaziy himoyachi xizmatidan foydalanishni rejalashtirmoqda.
Xoland Messi va Ronaldu rekordlarini urolmasligini tan oldi
“Manchester Siti”ning keyingi yillardagi eng zo‘r to‘purari Erling Xoland o‘zini zamonaviy futbolning eng zo‘r o‘yinchilaridan biri ekanini ta’kidlab, Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi natijalarini takrorlay olmasligini ta’kidladi.
- Men dunyoning eng zo‘r futbolchisimanmi? Yo‘q, albatta, ulardan biriman xolos. Krishtianu Ronaldu va Lionel Messining rekordlarini hech kim urolmaydi. Hatto men ham, - dedi Erling Xoland.
Ta’kidlash lozimki, sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi bo‘lgan Messi hozirgacha professional faoliyatida 1114 ta uchrashuvda uchrashuvda qatnashib, raqiblar darvozasini 874 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 386 ta golli pas uzatgan.
Jahon futbolida eng ko‘p to‘p kiritgan Krishtianu Ronaldu hisobida 1281 ta o‘yinda urilgan 938 ta gol va 257 ta assist bor. 25 yoshli Erling Xoland hozirga qadar raqiblar darvozasiga jami 301 gol urgan.
“Manchester Siti”ning yangi darvozaboni raqobatchisi Edersondan hayratda
“Manchester Siti” yangi mavsum oldidan Jeyms Traffordni jamoaga qaytardi. 22 yoshli darvozabon aslida “shaharliklar” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.
Klub iqtidorli golkiperni “Byornli”ga sotib yuborgan edi. Manchesterliklar uni qaytarish uchun 30 million evro atrofida pul sarfladi.
Jeyms Trafford transferdan keyin “Manchester Siti”ning asosiy darvozaboni Ederson haqida gapirdi.
- Ederson to‘p bilan ishlashga usta va bu ishni ajoyib tarzda bajaradi. 17 yoshimda asosiy tarkib mashg‘ulotlarida qatnasha boshlaganimda Edersondan hayratlanardim. O‘shanda o‘z o‘yinimni yaxshilash maqsadida undan ko‘p narsa o‘rganganman.
“Manchester Siti”ning barcha darvozabonlari bilan birga ishlashdan mamnunman. Biz bir birimizning o‘sishimiz va rivojlanib borishimizga turtki beramiz, - dedi Jeyms Trafford.
Jeyms Trafford o‘tgan mavsumda Angliya Chempionshipida “Byornli” darvozasini 45 ta uchrashuvda qo‘riqlab, atigi 16 ta to‘p o‘tkazib yubordi xolos.
“Manchester Siti” 25 million funtni qabul qilmadi
Angliya Premer-ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashish maqsadida tarkibini kuchaytirishga harakat qilayotgan “Nottingem Forest” mutasaddilari “Manchester Siti”dan o‘yinchi so‘radi.
“O‘rmonchilar” manchesterliklar iste’dodli hujumkor futbolchisi Jeyms MakEyti uchun 25 million funt miqdorida badal puli taklif qildi.
Jurnalist Pit Greyvsning xabar berishicha, bu summa “shaharliklar”ni qoniqtirmagan va klub xaridorga rad javobini bergan.
Aslida “Manchester Siti” bu yarim himoyachini sotib yuborishga qarshi emas. Biroq bu ishni klubga kattaroq daromad keltiradigan taklif asosiyda amalga oshirmoqchi.
Ta’kidlash joizki, o‘tgan mavsum o‘z talantini namoyish qila olgan Jeyms MakEytiga Angliya Premer-ligasining boshqa klublari, shuningdek, Bundesliganing “Bayer” jamoasidan ham jiddiy qiziqish bo‘lyapti.
Fikrlar