"Har bir o‘yin biz uchun finaldek, 9 ochkolik farq - bu juda ko‘p". Asror Aliqulov "Sho‘rtan"ni qutqara oladimi?

  • 7 oktabr, 15:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Chempionatda yaqqol autsayder bo‘lib turgan “Sho‘rtan”da bosh murabbiy o‘zgarganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Eldor Moyliev o‘rniga Asror Aliqulov tayinlandi.

Tecno

U debyut uchrashuvini G‘uzorda “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘tkazdi. “Sho‘rtan” o‘z uyida imkoniyatni boy berdi va shu tariqa Aliqulov debyutini mag‘lubiyat bilan boshladi.

Asror Chorievich "Sho‘rtan" ustozi sifatidagi ilk o‘yindan keyingi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi va savollarga javob qaytardi.

- “Sho‘rtan” uchun bu o‘yin qanchalik qiymatga egaligini bilardik. Har bir o‘yin biz uchun finalga teng. Biz golli vaziyatlarni yaratishimiz, hujumlar uyushtirishimiz kerak edi. Raqibni kuchli tomonini hisobga olganda ayrim o‘yinchilarini imkoniyatlari yuqori, birinchi bo‘limda golli imkoniyat bo‘ldi, urolmadik va gol o‘tkazib yubordik. Baribir yigitlarga oxirigacha kurashishgani uchun minnatdorlik bildiraman. O‘yin davomida imkoniyatlarimiz ko‘p bo‘ldi, afsuski, foydalana olmadik. O‘yinni saqlab qolishga harakat qildik. Biroq mag‘lubiyatga uchradik.

- “Sho‘rtan”ni uchrashuvdan bir kun oldin qabul qilib oldingiz. Futbolchilar maydonda ko‘rsatmalaringizni barchasini amalga oshira oldimi?

- “Sho‘rtan”ni oxirgi uchrashuvlarida shijoat, jonkuyarlik tomonlama muammo yo‘q. Har o‘yinda kurashishadi. “So‘g‘diyona”ga qarshi bahsda raqibga bosim uyushtirib, hujumlar tashkil qilmoqchi edik. Ammo kam sonli futbolchilar bo‘ldi. Agar ko‘p sonli o‘yinchilar bilan hujum qilmoqchi bo‘lsak, qarshi hujumda Doriev, Qahramonov, Jaloliddinov kabi raqib futbolchilariga imkoniyat yaratib qo‘yishimiz mumkin edi. Uchrashuv oxirida Jasur Hakimovni maydonga tushirdik. Ikki hujumchi bilan o‘ynadik. “So‘g‘diyona” chuqur himoyalanib, qarshi hujumga tayandi. G‘alabani saqlab qolish uchun shunday usul qo‘lladi. Biz gol urmoqchi bo‘ldik. O‘yinni oxirida hech qanaqa murabbiyni ko‘rsatmasi emas, balki o‘yinchilar o‘zlarini ishtiyoqi evaziga qanaqa imkoniyat bo‘lsa ham, shu imkoniyatdan foydalanishga harakat qilishdi.

- Zaxiradan maydonga tushirilgan Bekzod Suvonovga kam vaqt berildi. Bu o‘zgarish nimanidir hal qildimi?

- Bu o‘zgarishga kelsak, o‘ng qanotda Doniyor charchab qolgandi. Shuning uchun bu qanotdan to‘p oshirishni uqtirdik. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, bir qator vaziyatlarda Doniyor kuchi kam qolgandi, charchoq sezildi. Bekzodni tezligi va qanotdan ko‘proq hujum qilishini uqtirdik. Biroq bu hech qanaqa ish bermadi. Ko‘rib chiqamiz. Bekzod o‘yin tempiga qo‘shilib keta olmadi.

- Mamasiddiqovda imkoniyatlar ko‘p bo‘ldi. Lekin unga yonida yordam beradigan jamoadoshlari ko‘rinmadi.

- Uni kuchli tomoni dribling va aldab o‘ta oladi. U bir raqibini aldab o‘tib, to‘p oshira oladi. Hammasi murabbiylarni ko‘rsatmasi edi.

- “Sho‘rtan” eng yaqin ta’qibchisidan 9 ochkoga qolib ketgan. Jamoaga ma’lum maqsadlar bilan kelgansiz. Jamoa bilan tanishuv jarayonida taslim bo‘lish holatini sezmadingizmi?

- Tan olish kerak, futbolchilarda bu sezilyapti. Mashg‘ulotlarda oxirigacha kurashish kerakligini uqtiryapmiz. Uchrashuvda oxirigacha kurashishgani, yaxshi futbol uchun o‘yindan keyin rahmat aytdik. Keyingi o‘yin yana final. “So‘g‘diyona” bilan bellashuvda nimadir kamchilikka yo‘l qo‘ydik, buni ko‘rib, ustida ishlaymiz. Keyingi o‘yin esa biz uchun yana finaldek. Oradagi 9 ochkolik tafovut - jamoalar saviyasidan kelib chiqsak, juda katta farq. Har bir bahsda oxirigacha kurashamiz, boshqa ilojimiz yo‘q. 6 ta o‘yinimiz qoldi. 9 ochkolik tafovut - bu juda ko‘p.

- “Sho‘rtan”ga qaytishingiz qanday ro‘y berdi?

- “Mash’al” U21 jamoasida ishlab turgandim. U21 o‘yini kuni “Sho‘rtan” rahbariyati “Mash’al” rahbariyati bilan gaplashgan. Klub rahbariyati rozilik bildirdi va “Sho‘rtan”da ishlashimga qarshilik qilmadi. Buning uchun Ilhom Abdug‘anievich Qurbonovga minnatdorchilik bildiraman. Ikkinchi tarafi, klubni holatini ko‘rib turib, orqaga ketishim mumkin edi va negativ fikrlar bo‘lishi hech gap emas. Ammo jamoa men uchun yaqin bo‘lganligi sababli qabul qilishga qaror qildim. Shu yigitlar bilan oxirigacha boramiz. Nimani qila olamiz, nimani qila olmaymiz? Buni chempionat oxirida ko‘ramiz.

- “Mash’al”da quyi lavozimga tushirilishingizda natijalar inobatga olinganmidi yoki boshqa sabablar ham bormidi?

- Rahbariyat qo‘llab-quvvatladi. To‘g‘risini aytganda, boshqa sabab bor. Rahbariyat ketmasligimni oxirigacha uqtirishdi. Bu o‘zimni qarorim. Boshqa tomonlari bor. Doim jamoa uchun ishlaganman. Boshqa faktorlar bunga xalaqit qilgani uchun “Mash’al”ni bosh jamoasini topshirishga qaror qilganman.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!