
"Hamma o‘z ishiga professionallik bilan yondashishi lozim", "o‘zbek futboliga ispan havosi olib kirishni niyat qilganmiz" yoxud Bobur Akbarov "Surxon"ning maqsadlari haqida gapirdi (intervyu)
SPORTS.uz saytida yangi loyiha! Endi "Etakchi" loyihasi orqali Superligamiz jamoalarining etakchilari bilan intervyu uyushtiramiz. Bizning navbatdagi suhbatdoshimiz "Surxon" klubi etakchisi Bobur Akbarov.
Jamoaning ichki muhiti haqida gapirib o‘tsangiz.
Ko‘z tegmasin, jamoada ichki muhit a’lo darajada. Bu borada hech qanday gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Ispaniyalik murabbiy futbolchilarni ahil oilaga aylantira oldi. O‘z navbatida, biz ham unga qo‘limizdan kelgancha yordam berdik. Bizga faqatgina g‘alaba etishmayotgan edi. Kubok doirasida "Buxoro"ni mag‘lub etib, bunga ham erishdik. Keyingi bellashuvlarda ham maksimal darajada harakat qilamiz.
Xorijlik murabbiyning o‘yin uslubiga moslashish qiyinchilik tug‘dirmayaptimi?
- To‘g‘risini aytsam, shaxsan men uchun bu muammo tug‘dirmaydi. Sababi, legioner sifatida harakat qilganimda braziliyalik mutaxassis qo‘l ostida o‘ynaganman. Umuman olganda, mahalliy bo‘lmagan murabbiy bilan shug‘ullanish o‘zgacha tajriba hisoblanadi. Odatda, ular shogirdlaridan hamma narsani maksimal talab qiladi.
Jamoaning chempionatdagi maqsadi qanday?
- Xudo xohlasa, yuqori pog‘onalar uchun kurash olib boramiz. Bunday murabbiy hamma jamoaga ham kelavermaydi. Shuning uchun, imkoniyatdan unumli foydalanishimiz lozim. Murabbiyning taktikasi va bizning o‘yinimiz bilan o‘zbek futboliga ispan havosini olib kirishni niyat qilganmiz. Barchasini maydonda isbotlaymiz.
Jamoa o‘z maydonida o‘ynamayotgani natijaga o‘z ta’sirini ko‘rsatmayaptimi?
- Klubdagi har bir inson o‘z ishiga professional tarzda yondashishi lozim. Hozircha, o‘yinlarni Samarqandda o‘tkazilishi qiyinchilik tug‘dirmayapti. Biz - professionallarmiz! Shuning uchun qaerda o‘ynashimizdan qat’i nazar, borimizni berib, "Surxon" g‘alabalari uchun maksimal harakat qilamiz.
Fazliddin Abdurahmonov suhbatlashdi
Fikrlar