Gonkong Kubogini yutgan legionerimiz: "Ochig‘i, bunday ajoyib boshlanishini kutmagandim"

  • 4 yanvar, 2024, 02:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Gonkong chempionatida to‘p surayotgan yagona hamyurtimiz Sherzod Temirovning u erdagi ishlari yaxshi.

Tecno

Mamlakatning eng kuchli va nomdor klubi - “Kitchi” tarkibiga qo‘shilganiga hali ko‘p bo‘lmaganiga qaramasdan futbolchimiz u erda dastlabki sovrinini yutishga muvaffaq bo‘ldi.

Kuni kecha saytimiz orqali xabar berib o‘tganimizdek, Sherzod Temirov jamoasi bilan Gonkong Kubogi finalida “Li Man”ga qarshi asosiy bahsda 2:2 o‘ynadi va penaltilar seriyasida 5:4 hisobida g‘alaba qozonishdi. Natijada Kubokni qo‘lga kiritishdi. Shundan so‘ng Sports.uz jurnalisti Temirov bilan suhbatlashdi.

- Avvalambor, Gonkong Kubogida g‘olib chiqqaningiz bilan tabriklayman. Qanday hissiyotlar bo‘ldi?

- Assalomu alaykum. Avvalo, barcha futbol muxlislarini kirib kelgan yangi yil bilan o‘z nomimdan tabriklayman. Baxt va omad tark etmasin. Tabrik uchun rahmat. Yangi yil jamoamiz uchun xayrli va yaxshi boshlandi. Ilk kundanoq Gonkong Kubogini qo‘lga kiritdik. Jamoamiz bilan taassurotlar cheksiz. Kubokni qo‘lga kiritish har bir futbolchining orzusi edi. Barcha o‘yinchilarga chempion bo‘lish nasib qilsin. O‘zbekistonimizni bayrog‘i butun dunyo bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilaversin.

temirov2

- Rosti, "Kitchi"dagi faoliyatingiz yaxshi boshlandi. Gollar urib kelyapsiz. O‘zingiz ham shunday muvaffaqiyatli boshlanishini o‘ylaganmidingiz?

- Gapingiz to‘g‘ri. Xudo xohlasa, yangi jamoamda o‘yinlarni yaxshi boshlab oldim. Albatta, bu jamoam va murabbiylarning yordami bilan. Ochig‘i, bunday ajoyib boshlanishini kutmagandim.

- Gonkong chempionatida va jamoangizga kutilganidek tez moslashdingiz va buni asosiy sababi nimada? Kimlar ko‘proq yordam berdi?

- Ochig‘i, moslashish jarayoni vaqt talab qiladi. Menga asosan murabbiylar hamda jamoadoshlarim yordam berib kelishyapti. Ularga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

temirov3

- Gonkong chempionatining saviyasi qanday ekan? Sizni ko‘proq qaysi tomonlama hayron qoldiryapti?

- Chempionat saviyasiga kelsak, jamoalar evropacha standart tizimiga o‘tishgan. Bu esa chempionat saviyasining oshishiga juda katta yordam beradi. Futbolga yaratilgan shart-sharoitlar juda katta. Har bir klub o‘z taktikasiga ega. Barcha jamoalarda evropalik tajribali mutaxassislar ishlashadi. Ko‘proq texnikaga va tezkor qarshi hujumlarda o‘ynashadi.

- Siz uchun Gonkongdagi faoliyatingiz oldingilariga nisbatan nimasi bilan farq qilyapti?

- Men yosh futbolchiman. Oldingi faoliyatim ortda qolib, tarixga aylangan. Endi Xudo xohlasa yangi tarix yaratish uchun mehnat qilishim kerak.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!