Goal nashri: Abduqodir Husanov Ronaldu va Luis Dias kabi yulduzlarni to‘xtata olishi lozim bo‘ladi!
Nufuzli Goal nashri 2026 yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatida g‘olib bo‘lishi mumkin bo‘lgan terma jamoalarning reytingini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatda O‘zbekiston 32-o‘rinni egalladi va Fabio Kannavaro shogirdlarining musobaqadagi imkoniyatlari quyidagicha baholandi.
"Uzoq kutilgan va bir qator alamli lahzalardan so‘ng, O‘zbekiston nihoyat kelasi yozda Jahon chempionatining final bosqichida ilk bor ishtirok etadi. Saralash bosqichi esa oson kechmadi: bosh murabbiy Srechko Katanets sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar bois yanvar oyida iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi. Shundan so‘ng terma jamoaning sobiq futbolchisi Timur Kapadze sloveniyalik mutaxassis boshlab bergan ishni davom ettirdi va 5 iyun kuni BAAga qarshi 0:0 hisobidagi durrang natijasi O‘zbekistonga mundial yo‘llanmasini taqdim etdi.
Biroq Jahon chempionati final bosqichida jamoani Italiya futboli afsonasi Fabio Kannavaro boshqaradi. JCh g‘olibi bo‘lgan murabbiy qo‘l ostida jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda. “Oq bo‘rilar” o‘tgan oy Al Ayn xalqaro kubogida (o‘rtoqlik turniri) Misrni yarim finalda mag‘lub etdi. Finalda Eronga qarshi penaltilar seriyasida g‘alaba qozonib, musobaqa g‘olibi bo‘ldi.
Shu narsa aniqki, O‘zbekistonning JChda pley-off bosqichiga chiqish umidlari kuchli himoya o‘yiniga bog‘liq bo‘ladi. Mudofaa chizig‘ining markazida esa “Manchester Siti” futbolchisi Abduqodir Husanov etakchilik qilishi kutilmoqda. Husanov Portugaliya va Kolumbiya bilan o‘yinlarda mos ravishda Krishtianu Ronaldu va Luis Dias kabi yulduzlarni to‘xtata olishi lozim bo‘ladi."
Nashr ta’liqiga ko‘ra, Ispaniya, Argentina va Angliya mundialning asosiy favoritlari sifatida baholanmoqda.



Fikrlar