
Frantsiya - zerikarli, sabrli va chinakam qotil! Chempionlik uchun ularga nima qo‘l kelishi mumkin?
SPORTS.uz Frantsiya milliy terma jamoasining Evropa yashil maydonlarida o‘tayotgan qit’a birinchiligida ko‘rsatayotgan noodatiy o‘yini borasida fikr almashadi.
Budapeshtdagi bellashuvdan so‘ng ko‘plab mutaxassislar Frantsiyaning imkoniyatlariga shubha bilan qarashni boshladi. Qolganlar esa jamoani boshqa aspektlarda kuchli ekanligi yakunda qo‘l kelishidan umidvor. Xo‘sh, frantsuzlar qaysi jabhalarda kuchli va kuchsiz? Bugun shu mavzuda so‘z yuritamiz.
Chempionlikka qarshi: Chempionlik hissi
Tan olish lozim, Rossiya qabul qilgan JChdan so‘ng barcha futbolchilar yuqori kontsentratsiyani saqlab qolishi mushkul. Bu omil Vengriyaga qarshi bahsda ko‘zga tashlanib qoldi. Ayniqsa, o‘z kuchiga bo‘lgan ortiqcha ishonch ayrim vaziyatlarda pand berib qo‘yishi mumkin. Mojariston bilan uchrashuvdagi bir epizod e’tiborimni tortdi. Kilian Mbappe hujumga o‘tayotgan bir paytda raqib undan to‘pni olib qo‘ydi. PSJ forvardi bu voqeadan hayron bo‘lganini yashirib o‘tirgani yo‘q. Germaniya bilan bellashuvda esa Frantsiya birorta aniq zarbani amalga oshirmadi. Yagona golni Xummels o‘z darvozasiga joylab qo‘ydi. Budapeshtdagi o‘yinda amaldagi JCh g‘oliblari atigi 4 bor aniq zarba berishdi. Bu chempionlik uchun kurashadigan jamoaga yarashmaydigan statistika.
Chempionlikka yordam beradi: Har bir chiziqdagi lider
Loris - top darajadagi darvozabon. U bir necha yillardan beri yuqori formani saqlab kelmoqda. Varan Kimpembe bilan ajoyib tandem hosil etdi. Maydon markazida Rabo chinakam qal’aga aylandi. Nemislar bilan to‘qnashuvda u 9 bor to‘p uchun kurashda ustun keldi. Bugungi frantsiyaning har bir chizig‘ida etakchi bor. Hujum uchligi chinakam super yulduzlardan tashkil topgan, biroq...
Chempionlikka qarshi: Pleymeykerning yo‘qligi
Maydon markazidagi Kante-Pogba tandemiga gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Grizmann va Mbappe ham o‘z ishini a’lo darajada uddalamoqda, lekin ularning hech biri pleymeykerning o‘rnini bosa olmaydi. Desham shunchaki bexato harakat qilishni birinchi planga chiqardi. So‘nggi pasni berishga qodir ijrochi bugungi Frantsiya terma jamoasida yo‘q. Bu kamchilik Vengriya va Germaniya bilan o‘yinlarda ko‘zga tashlanib qoldi. 1998 yilda dunyoda tengsiz, deb topilgan Frantsiya tarkibida Zidan kalibridagi pleymeyker mavjud edi. Hozirgi hujumchilar bundan mustasno. Shunday ekan, mustahkam himoyaga ega jamoalar bilan to‘qnashuvlarda jamoa imkoniyatlari kamayib ketaveradi.
Chempionlikka yordam beradi: Markazdagi bog‘lam
"Manchester Yunayted" Pogbaning qo‘llarini qanchalar "bog‘lab" qo‘yganini Evropa chempionati ko‘rsatib bermoqda. Agar uning transfer summasi baland bo‘lmaganida, allaqachon o‘ziga qulayroq bo‘lgan "Yuventus"da javlon urayotgan bo‘lar edi. Terma jamoada Pogba shunchaki maza qilmoqda. Ortida Rabo va Kantening borligi erkinroq harakat qilishi uchun zamin yaratmoqda. N'Golo esa kecha Frantsiyaning quyi divizionida to‘p tepayotgan kamtarin yigit. Hozir EChL sovrinini boshi uzra ko‘targan "oltin to‘p" uchun asosiy da’vogar bo‘lib turibdi. Rabo og‘ir mavsumlardan so‘ng yana o‘z formasini tiklab oldi. Maydon markazida frantsuzlar istalgan hujumchini to‘xtatib qolishga qodir kuchni jam qilgan. Bu muhim o‘yinlarda himoyachilarga ko‘mak beradi.
Chempionlikka qarshi: Zerikarli futbol
2012 yilgi Evropa chempionatia Visente Del Boske Ispaniyaning pragmatik futbol o‘ynashini barchaga ko‘z-ko‘z qilgan va yakunda oltin medallarni o‘ziniki qilgan edi. Desham imkon qadar tejamkor futbolga urg‘u bermoqda. Kamroq talofat ko‘rgan holda, birinchi xatoga qadar to‘p tepish jamoaning o‘yinidan jozibani qochishiga sabab bo‘ldi. Hozir betaraf muxlislar "uch ranglilar" ko‘rsatayotgan futboldan norozi. Desham esa bor e’tiborini natija uchun qaratmoqda. Saralash bahslarida bunday futbol uchun Ukraina frantsiyani jazolagan edi. Balki Evropa chempionatida ham shunday terma paydo bo‘lar?!
Chempionlikka yordam beradi: Deshamning tanlovi
Desham 2016 yildagi Evropa chempionatidan so‘ng ancha tajriba to‘pladi. O‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni qaytardi, mundialda g‘olib chiqdi. Hozir Frantsiyani Deshamdan yaxshiroq biladigan inson er yuzida yo‘q. Shunday ekan, u targ‘ib etayotgan futbolni tanqid qilish biroz g‘alati. Dide bor e’tiborini bir necha yillar davomida yiqqan tajribasini ishga soladi. Katta ehtimol bilan bu uning terma safidagi oxirgi katta musobaqasi. Zinedin Zidan uning o‘rnini egallash uchun tayyor. Desham so‘nggi so‘zini aytishi uchun har doimgidanda ehtiyotkorroq bo‘lishga intilmoqda. Bunga uning haqqi bor. Muhimi, natija qilib bersa bo‘lgani.
Chempionlikka yordam beradi: Benzemaning qaytishi
Bunga ishonish mushkuldek tuyuladi, ammo Karimni "hisobdan chiqarishga" shoshilmang! Oldinda Portugaliyaga qarshi uchrashuv bor. Boz ustiga, pley-off ham deyarli hal etilmagan. Germaniyaga qarshi bahsda u gol kiritdi (hisobga olinmagan bo‘lsa ham), Vengriya bilan o‘yinda biror marotaba zarba zonasiga chiqarilgani yo‘q. Bunga yuqorida aytib o‘tganimizdek pleymeykerning yo‘q ekanligini asosiy sabab. Shunga qaramay, Karim maydonda yurak bilan emas, aql bilan harakat qiladigan hujumchi. Bu bitta gol hal qiladigan bahslarda frantsiyaning "super quroli"ga aylanishi aniq.
Chempionlikka qarshi: Pley-offdagi raqiblar
Vengerlar bilan ochko bo‘lishgach, "uch ranglilar" deyarli keyingi bosqichni hal etib qo‘ydi. Agar, Desham shogirdlari 1-pog‘onani egalasa, pley-offda nisbatan kuchsizroq termaga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Bir qarashda yaxshi yangilik, lekin chorak finalda Italiya yoki Belgiya bilan to‘qnash kelishi aniq. Ikkinchi o‘rinni egallagasa, Ispaniya va Angliyadan biri bilan to‘qnash kelishi aniq. Umuman olganda, frantsuzlar pley-offning eng murakkab savatchasidan joy olish arafasida. Hammasi Portugaliyaga qarshi hal qiluvchi o‘yinda ma’lum bo‘ladi. Bugungi frantsiya juda past tempdagi futbolga suyanmoqda. Bundan tashqari, vaziyatlarni yaratish, xavfli zarbalar, kesib tashlangan paslar bobida ham muammolar ko‘zga tashlanib turibdi.
Xulosa
Dide Desham tajribali mutaxassis. U o‘z o‘yin uslubi va targ‘ib etayotgan futbolini uzoq o‘ylab olgani aniq. Nima ham derdik, frantsuzlar o‘zi tanlagan yo‘lda davom etishmoqda. Bu qanchalar to‘g‘ri ekanligini tez orada bilib olishimiz mumkin. Voqealar rivojini SPORTS.uz da kuzating.
Fikrlar