
FR: Chempionatda tengsiz bo‘lgan oxirgi darvozabon kim edi?
O‘zPFL matbuot xizmati aprel oyining eng yaxshilarini aniqlashga kirishdi. E’tibor qilgan bo‘lsangiz kerak, bu yildan ovoz berish jarayoniga o‘zgartirish kiritilgan. Endilikda eng yaxshilar futbol mutaxassislari, sharhlovchi va sport jurnalistlaridan tuzilgan 18 kishilik guruh tomonidan aniqlanmoqda.
Ayni paytda aprel oyining eng yaxshisi bo‘lish uchun 6 nafar o‘yinchi kurashmoqda:
1) Oston O‘runov — 5 o‘yinda 4 gol, 43 yakkakurashda g‘olib;
2) Temurxo‘ja Abduxoliqov — 5 o‘yinda 2 gol, 2 assist;
3) Dragan Cheran — 5 o‘yinda 7 gol;
4) Suhrob Sultonov — 4 o‘yinda 12 seyv (2 quruq o‘yin);
5) Husniddin Aliqulov — 5 o‘yinda 2 gol, 32 yakkakurashda g‘olib;
6) Sherzod Nasrullaev — 4 o‘yinda 1 gol, 3 assist.
E’tiborli jihati, "Nasaf" etakchisi Husniddin Aliqulov qatorasiga 2-bor Superligada oy futbolchisi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lib turibdi.
Bunaqasi so‘nggi bor 2020 yilgi mavsum oxirida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda "ajdarlar"ning boshqa bir vakili, ayni paytda Qozog‘iston chempionatida to‘p tepayotgan Bobir Abdixoliqov sentyabr va oktyabr oylarida tengsiz deb topilgan.
Agar liga hozirgi nomini olgan davrga e’tibor qaratsak (2018 yildan keyin), Dragan Cheran bu borada mutlaq etakchi ekani ko‘rinadi. "Paxtakor" sardori 42 so‘rovnomaning 9tasida g‘alaba qozongan.
Ortda qolgan 5 yilda atigi 4 nafar himoyachi oyning eng yaxshisi bo‘lishni uddaladi. Bular: Murod Xolmuhammedov, Ibrohimhalil Yo‘ldoshev, Hojiakbar Alijonov hamda Husniddin Aliqulov.
Bu maqomga erishgan so‘nggi darvozabon esa Ignatiy Nesterov bo‘lib turibdi. Afsonaviy kiper o‘tgan yilning aprel oyida tengsiz bo‘lgan edi.
Fikrlar