
«Fergi taym» sababli «Bavariya» rahbarlari liftda qanday ahvolga tushib qolganidan xabaringiz bormi?
«Manchester Yunayted»ning ser Aleks davridagi shiddatli futbol namoyish etishiga barcha o‘rganib qolgan. Ayniqsa, so‘nggi daqiqalarda natijani o‘z tomoniga og‘dirishi sababli, muxlislar orasida «Fergi taym» atamasi paydo bo‘ldi. Xo‘sh, aslida ham shundaymi?
Termin «Bavariya»ga qarshi o‘yindan avval paydo bo‘lgan
«Kamp Nou» arenasining balandligi 48 metr. 1999 yilgi finalning 89 daqiqasida «Bavariya» rahbarlari - Karl-Xaynts Rummenigge va Uli Xyoness vip zonadan kiyinish xonasiga tushishga qaror qiladi. Ular futbolchilarni ulkan g‘alaba bilan tabriklamoqchi edi. Ular liftga kirib ketayotganida tablodagi hisob 1:0 ko‘rinishida edi. 3 daqiqadan so‘ng, Lift eshiklari stadionda ochildi. Bu paytga kelib, «qizil iblislar» hisobni 1:2 ga aylantirib qo‘ygan edi. Aynan o‘sha oqshom futbol olamida «Fergi taym» iborasi paydo bo‘ldi.
Keyinroq, so‘nggi daqiqalarda kiritilgan gollar Aleks Fergyussonning oltin davridan esdalik bo‘lib qoldi. Xuddi Bekxemga uchgan butsa yoki Erik Kontananing ko‘tarilgan yoqalari singari «Fergi taym» ham klub tarixidan muqim o‘rin egalladi.
Aslida, buning ortida hech qanday sir yo‘q. Shunchaki, ser Aleks o‘z futbolchilarini zamonning eng jismonan baquvvat yigitlari bo‘lishini ta’minlay olgan. Shu bois, raqib charchab qolgach, jamoa o‘yin taqdirini hal qilib tashlagan. Vaholanki, bu voqealarga qadar ham so‘nggi daqiqalarda g‘alaba qozongan jamoalar etarlicha topiladi. Xo‘sh, ser Aleksning fishkasiga aylangan gollarning boshqalardan ajralib turadigan qanday xislatlari bor?
- Murabbiy atayin hammaning ko‘z o‘ngida qo‘lidagi soatga tikilishi va unga qo‘li bilan bir necha bor teginishi kerak!
- Bundan so‘ng, hakam uchrashuvga keragidan ortiqroq vaqt qo‘shib berishi talab etiladi;
- Termin barcha jamoalarga qo‘llanishi mumkin, faqat «Manchester Yunayted»ga qarshi emas!
Futbol tarixidagi ilk «Fergi taym»
Qiziquvchan ingliz jurnalistlari bergan ma’lumotlarga qaraganda, shotlandiyalik mutaxassis o‘z fishkasini ilk bor 1992/93 yilgi mavsumda amalga oshirgan. 1993 yilning aprelida «Manchester Yunayted» «Sheffild Uensdey»ni qabul qiladi. So‘nggi daqiqalarga qadar «Old Trafford» egalari minimal hisobda mag‘lub bo‘layotgan edi. Avvaliga 88-daqiqada Stiv Bryus hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, 97-daqiqada aynan Bryusning o‘zi g‘alaba golini uradi. Aynan shu g‘alaba sababli, klub APL jadvalida birinchi pog‘onaga ko‘tariladi. Mavsum so‘nggiga qadar, bu o‘rinni klub hech kimga berib qo‘ygani yo‘q. Yakunda, 26 yillik pauzadan so‘ng, chempionat oltin medallari «Yunayted»ga topshiriladi.
Tarixiy kambek haqida gap ochilgan ekan, qiziq bir ma’lumotni berib o‘tish lozim. O‘sha davrlarda yordamchi hakam tomonidan o‘yinga necha daqiqa qo‘shib berilgani tabloda aks etmas edi. Boz ustiga, bosh hakamdan boshqa hech kim 90-daqiqadan so‘ng, yana qancha o‘yin davom etishini bilmagan. Bu faktor barcha murabbiylarni «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda asabiylashishga majbur qilgan desak, adashmagan bo‘lamiz.
Boshqa ulkan g‘alabalar
Ser Aleks bir nechta avlod vakillaridan kuchli tarkib tuzishga muvaffaq bo‘lgani rost. E’tiborlisi shundaki, bu avlodlarning barchasi so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ilib ketishda birdek abjir bo‘lgan. Misol uchun: 1998/99 yilgi mavsumni olaylik. Agar Angliya Kubogi chorak finalida «Liverpul» bilan o‘yinda xarakter ko‘rsatilmaganida, afsonaviy trebl qayd etilmagan bo‘lar edi. Azaliy raqiblar o‘rtasidagi bahsning 80-daqiqasida Duayt York hisobni tenglashtiradi. 90+3: Ole Gunnar Sulsher o‘yinga so‘nggi nuqtani qo‘yadi. Oradan bir necha oy o‘tib, Sulsher yana so‘nggi 10 daqiqa uchun maydonga tushiriladi va «Bavariya» darvozasini ishg‘ol etadi. Har bir ulkan g‘alaba ortida ajib voqea mavjud ekanligi rost. O‘sha yilgi ichki birinchilik bahslarida, klub bir nechta uchrashuvlarni so‘nggi daqiqalardagi gollar evaziga natijani o‘z tomoniga og‘dirgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, «Fergi taym» bo‘lmaganida, 1999 yilgi trebl ham bo‘lmas edi.
Yangi asrga kelib, ser Aleks Angliyada to‘liq hukmronlik o‘rnatdi desak, adashmagan bo‘lamiz. 2009/10 yilgi mavsumni olaylik. Maykl Ouen «Manchester Siti»ga qarshi bahsda (4:3) katta sahnaga chiqqan bo‘lsa, Federiko Makeda 2008/09 yilgi mavsumda (3:2) «Aston Villa» bilan to‘qnashuvda oltin ochkolarni keltirgan. Agar so‘nggi daqiqalarda kerakli natija qayd etilmasa, shotlandiyalik mutaxassis albatta hakamlarni o‘yinga juda ham kam vaqt qo‘shib berganidan noligan:
«Nima uchun o‘yinga qo‘shib berilishi kerak bo‘lgan vaqtni birigina bosh hakam belgilab berishi kerak? Bu qanday ahmoqlik?»
Ser Aleks tryukining siri nimada?
2015 yilning may oyida shotlandiyalikdan aynan shu masala haqida savol beriladi. U esa, yuzda tabassum bilan chorak asr saqlangan sirni oshkor qiladi:
«Mening soatlarimga tikilishim va uni yigitlarga ko‘rsatishim ko‘pchilikda qo‘rquv uyg‘otgani rost. Bu psixologik bosim o‘tkazibgina qolmay, atrof-muhitga o‘z ta’sirini ko‘rsatar edi.
Tan olish lozim, men faqat shu narsa uchungina soat taqar edim. Ochig‘i, 90 daqiqa davomida hech qachon qo‘llarimdagi soatga e’tibor bermaganman. O‘yinning nechanchi daqiqasi ketayotgani ham menga qiziq bo‘lmagan. Shunga qaramay, soatimga chiziqcha yonida tikilib turganimni ko‘rgan hakam va futbolchilar bu signalni darrov anglagan. Yigitlar soatga qarab turganimni sezsa, o‘zidagi so‘nggi kuchni maydonga tashlash payti bo‘lganini anglashar edi. Shu vajdan bo‘lsa kerak, bu tryuk deyarli har safar ish bergan. Bunda hech qanday oldindan o‘ylangan yoki tayyorlangan narsa bo‘lmagan. Shunchaki, signal uzatishning bir yo‘li xolos».
Bu intervyu omma yuzini ko‘rgach, «Manchester Siti»ning sobiq ustozi - Roberto Manchini darrov javob qaytardi:
«Fergi taym» qanday ishlashini bilasizmi? Agar «Yunayted» engilayotgan bo‘lsa, hakam albatta 5 daqiqadan kam vaqt qo‘shib bermagan. Agar ular g‘alaba qozonayotgan bo‘lsa, maksimum 2 minut. Bu omilni aytib o‘tish bilan birgalikda, ser Aleksning chinakam buyuk murabbiy ekanligini ham tan olaman».
«Fergi taym» afsonami?
E’tiboringizga havola etmoqchi bo‘lgan boshqa bir statistikamiz «Fergi taym» shunchaki og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurgan stereotip ekanligini isbotlab beradi. 1992-2013 yillar oralig‘ida APL bahslarida «qizil iblislar» 90+ dan keyin 16 bor raqib darvozasini ishg‘ol qilgan. Bu borada ular Angliyada 4-ko‘rsatgichga (!) ega xolos. Birinchi pog‘onani «Liverpul» 24 gol bilan band qilib turibdi. Undan keyingi o‘rinlarda «Arsenal» (19) va «Chelsi» (18) ketmoqda. Bundan chiqdi, «Fergi taym»ning asosiy kuchi ser Aleksning xarizmasi mashhurligi bilan bog‘liq.
Eng ajablanarlisi shundaki, shotlandiyalik mutaxassis iste’foga chiqqach, klub so‘nggi daqiqalarda ko‘proq gol kiritishni boshladi. Ser Aleks davrida 4,8 foiz gollar so‘nggi 10 minutda kiritilgan bo‘lsa, hozir bu 6,7 foizni tashkil etmoqda. O‘sish bor, ammo ser Alekssiz «Fergi taym» bo‘lishi mumkinmi? Albatta, yo‘q.
Keyinchalik, Ramos-taym yoki Klopp-taym singari atamalarni jurnalistlar o‘z maqolalarida o‘quvchilariga taqdim etdi, biroq hech biri kutilgan darajada ommalashib ketgani yo‘q. Hozirga qadar biror-bir jamoa so‘nggi daqiqalarda gol kiritib g‘alaba qozonsa, aynan «Fergi taym» atamasi ishlatiladi.
Fikrlar