
Fayzullaev yangi murabbiy mashg‘ulotiga boradi
Kelasi mavsum Rossiya Premer-ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurash olib borishni maqsad qilgan TsSKA tayyorgarlikni boshladi.
Ta’tildan qaytgan futbolchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, birinchi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jalb etildi. “Armiyachilar” yangi mavsumga tayyorgarlik Novogorsk shahridagi sport bazasida boshlaydi.
Jamoani chempionatga yangi bosh murabbiy Marko Nikolich tayyorlaydi. Serbiyalik mutaxassis avvalgi bosh murabbiy Vladimir Fedotovning o‘rnini egalladi. Nikolich boshchiligidagi murabbiylar shtabi yig‘inda qatnashadigan futbolchilar ro‘yxatini tuzdi.
Tarkib bilan tanishing:
Darvozabonlar:
Igor Akinfeev, Vladislav Torop, Ilya Pomazun, Danila Bokov, Nikolay Barovskiy.
Himoyachilar:
Ilya Agapov, Villian Rosha, Igor Diveev, Milan Gaich, Kellven, Danil Krugovoy, Mixail Ryadno, Matvey Lukin, Moyzes, Amirxosseyn Rivandi, Vadim Churilov.
Yarim himoyachilar:
Ivan Oblyakov, Viktor Davila, Viktor Mendes, Sasha Zdelar, Maksim Muxin, Abbosbek Fayzullaev, Egor Ushakov, Kristiyan Bistrovich, Matvey Kislyak, Kirill Glebov, Artyom Bandikyan, Renat Golibin.
Hujumchilar:
Fyodor Chalov, Tamerlan Musaev, Artyom Shumanskiy, Adolfo Gaych, Vladislav Yakovlev, Maksim Sidelnikov.
Ta’kidlash joizki, ayrim o‘yinchilar yig‘inga kechroq qo‘shiladi. Xususan, Rossiya terma jamoasi mashg‘ulotlariga jalb qilingan Fyodor Chalov, Ivan Oblyakov va Igor Diveev 25 iyun kuni klub ixtiyoriga etib boradi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 2026 yilgi jahon chempionatining Turkmaniston va Eron terma jamoalariga qarshi o‘tkazgan uchrashuvlarida qatnashgan Abbosbek Fayzullaev birinchi yig‘inga bir hafta kech – 27 iyunda qo‘shiladi.
Infektsiya yuqtirib olga Viktor Mendesga hali shifokorlar jamoaga qo‘shilishga ruxsat bergani yo‘q. Shuningdek, Viktor Davila Chili terma jamoasi safida Amerika kubogida ishtirok etayotgani bois, “armiyachilar” bilan birga emas.
O‘tgan mavsum asosiy tarkibga kira olmagan Vladimir Shayxutdinov hamda Sid Ahmad Ayssaui o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun o‘zlariga yangi jamoa topishlari tavsiya qilindi. Ular kelasi chempionatda ijaraga yuboriladi.
Jarohatini davolatayotgan Egor Ushakov birinchi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazib yuboradi. Agar unga shifokorlar ruxsat bersa, ikkinchi yig‘inga etib keladi.
"Paxtakor" tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Abbosbek Fayzullaev TsSKA safiga o‘tgan yili avgustda qo‘shilgan edi. Rossiyadagi debyut mavsumida jami 32 ta uchrashuvda qatnashib, beshta gol va 14 ta assist muallifi bo‘lgan legionerimizning transfer summasi 6 million evroga ko‘tarildi.
Ayni paytda 20 yoshli hujumkor futbolchimiz Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho futbolchisi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, bir necha manbalar Abbosbek Fayzullaevga “Bavariya”, “Parma” va “Vilyarreal” kabi klublardan qiziqish bo‘lgani haqida ma’lumot tarqatgan edi.
Fikrlar