Faxriddin Alimov: Maqsadim – Pro ligada to‘purar bo‘lish va «Dinamo» bilan Superligaga chiqish
Pro liga 1-turi doirasidagi «Dinamo» - «Yangier» (2:1) uchrashuvi qahramonlaridan biri Faxriddin Alimov o‘yindan keyin jurnalistlar savollariga javob qaytararkan, samarqandlik hujumchi bu yilgi maqsadlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda samarqandliklar matbuot xizmati xabar berdi.
- Avvalambor, tabrik uchun barchaga rahmat. Mavsumning ochilish bahsi bo‘lgani uchun uchrashuv boshida o‘z o‘yinimizni ko‘rsata olmadik. Ikkinchi taymda esa bosh murabbiyiimiz ko‘rsatmalarini imkonqadar to‘g‘ri bajarib, samarqandlik muxlislar uchun ham o‘ynab, uch ochkoni qo‘lga kiritdik. G‘alaba bilan barcha ishqibozlarni tabriklayman.
- Omadli debyut bilan tabriklaymiz. Zaxiradan maydonga tushib, hujumkorlikni oshirdingiz, o‘yinda burilish yasay oldingiz. Aytingchi, o‘yinga tushmasdan avval bosh murabbiy aynan sizga qanday ko‘rsatmalar bergandi?
- Bu sir bo‘lib qolsa yaxshi bo‘lardi. Hakim Qayumovich ma’lum bir ko‘rsatmalarni berib, hujumkorlikni oshirishim kerakligini so‘ragandi. Qo‘ldan kelgancha bajardim.
- O‘z oldingizga qanday maqsadlar qo‘ygansiz?
- Maqsadimiz faqat – Superligaga chiqish. Shu yo‘lda borimizni berishga tayyormiz. Bu biz uchun ham yaxshi imkoniyat. Shaxsiy maqsadim haqida gapirsam, bu mavsumda Pro ligada to‘purar bo‘lishni o‘z oldimga vazifa qilib qo‘yganman.
- Bugun Temur Usmonov bilan yaxshi tandem bo‘la oldingiz. Sizga hujumda o‘ynash qulaymi yoki hujumchi ortida?
- Murabbiyimiz qaysi chiziqda o‘ynatsa, o‘sha erda o‘ynashga tayyorman. Eng asosiysi, jamoamga foydam tegsa bo‘ldi. Fursatdan foydalanib, meni hozirgi darajaga etishimda sabab bo‘lgan, o‘tgan mavsumda «Sho‘rtan»da menga o‘yin amaliyoti bergan Asror aka Aliqulovga minnatdorchilik bildiraman. Ularning xizmatlari ko‘proq va ularga rahmat aytib qolaman.



Fikrlar