
Fabino «Real»da to‘p surgani yodingizdami? Keynning «Lester» sharafini himoya qilgani-chi? Taniqli futbolchilarning faoliyatidagi unutilgan sahifalar
SPORTS.uz Evropa futbolidagi eng qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashishda davom etadi.
Brunu Fernandesh – «Udineze» 2013-2016
Ayni damda «Manchester Yunayted»ning yuragiga aylangan Brunu Fernandesh 3 yil davomida «Udineze» sharafini himoya qilganidan xabaringiz bormi? «Sporting» 18 yoshli yarim himoyachini ijara asosida «Novarro»ga jo‘natib yuboradi. 2013 yilda bo‘lajak yulduz «Udineze» qiziqishlari doirasiga tushib qoladi. Shu tariqa, 2016 yilga qadar u «Udineze» sharafini himoya qildi. Keyin «Sampdoriya»da to‘p surgach, yana ortga qaytdi.
David Alaba – «Xoffenxaym» 2011/12
Ushbu surat sizni hayron qoldirgani aniq. Sababi, David ancha yillardan beri Myunxen klubi a’zosi sanaladi. Shu bois, ko‘plab muxlislar uni klub tarbiyalanuvchisi, deb hisoblaydi. To‘g‘ri, klub uni Avstriyadan Germaniyaga olib keladi, biroq 2011 yilda «Xoffenxaym»ga qo‘yib yuboradi. Alaba «Bavariya»ga o‘tgan Luiz Gustavoning transfer summasini biroz kamaytirish maqsadida «qurbon» qilingan desak, adashmagan bo‘lamiz. Avstriya terma jamoasining bo‘lajak sardori Bundesligadagi ilk golini aynan «Xoffenxaym» safida kiritgan.
Joshua Kimmix – «RB Leyptsig» 2013-2015
Yana bir «Bavariya» akademiyasi a’zosidek taassurot qoldiruvchi futbolchi. Kimmix so‘nggi 5 yil ichida shu qadar katta progressni namoyish etdiki, hatto uni tez orada jamoa sardoriga aylanishiga hech kimda shubha qolmadi. «Shtutgart» klubi tarbiyalanuvchisi sanalgan Kimmix «buqalar» 3-divizionda harakat qilayotgan paytlari klubga keladi. Uning yordamida jamoa 2 divizionga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ladi.
Xarri Keyn – «Lester» 2013/14
Keyn «Tottenxem» jamoasi akademiyasida tahsil olgan. Angliyadagi yosh futbolchilar singari u ham asosiy jamoaga o‘tishdan avval, bir nechta ijara mavsumni o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Ularning so‘nggisi esa, 2013 yilda chempionshipdagi «Lester» safida o‘tadi. U Jeymi Vardi bilan birgalikda tandem hosil qilgach, klub APL yo‘llanmasini beruvchi o‘tish uchrashuvlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Afsuski, «tulkilar» hal qiluvchi o‘yinda «Uotford»ga imkoniyatni boy beradi. Xarrini esa, «shporlar» ortga qaytarib oladi.
Fabino – «Real» 2012-2013
Portugaliyaning «Riu Ave» jamoasi 2012/13 yilgi mavsumda braziliyalik Enriko Tavaresni Evropaga olib keladi. Jamoa yosh iqtidor egasini tajriba to‘plash maqsadida «Real Kastilya»ga ijara asosida jo‘natadi. Bir mavsum davomida Fabino ishonchli o‘yin namoyish etadi. Hatto «La Liga»ning bitta o‘yinida maydonga tushadi va Di Mariaga golli uzatma berishga ham muvaffaq bo‘ladi. Afsuski, Madrid klubi futbolchining iqtidoriga to‘g‘ri baho bermaydi va uni ortga qaytarib yuboradi.
Samir Xandanovich – «Latsio» 2006/07
«Udineze» kelajagi porloq yosh darvozabonni sotib olgach, uni o‘yin amaliyotisiz qoldirishni istamadi. Asosiy tarkibga olish esa, katta tavakkal edi. Shu bois, klub 2006/07 yilgi mavsumda sloveniyalik posbonni Rimning «Latsio» jamoasiga ijara asosida qo‘yib yubordi. Eng qizig‘i shundaki, Samir mavsumni «Trevizo»da boshlab, «Latsio»da tugatadi. Rimdagi yarim mavsum davomida Samir atigi bir bor maydonga tushgan bo‘lsa-da, o‘z darvozasidan birorta gol olib chiqmaydi. Kelasi mavsumdan boshlab, «Udineze» aynan Xandanovichni asosiy posbonga aylantiradi.
Kevin Prints-Boateng – «Borussiya» 2009/2010
Futbol muxlislari Boatengni Gana terma jamoasi va «Milan»dagi o‘yinlari bilan xotirlashadi. E’tiborlisi shundaki, taniqli bo‘lishdan avvalroq, Kevin Yurgen Klopp boshqaruvidagi «Borussiya» Dortmund sharafini himoya qilishga muvaffaq bo‘ladi. «Tottenxem» tomonidan «Gerta»dan sotib olingan futbolchi Londonga sira moslasha olmaydi. Oqibatda, klub uni «Borussiya»ga ijaraga berishga majbur bo‘ladi. Eng qizig‘i shundaki, Yurgen Klopp va Boateng bir jamoada ishlashni juda istaydi, biroq o‘sha paytlari klubda Kevinni olib qolish uchun mablag‘ yo‘q edi. Shu bois, Prints ko‘zda yosh bilan Dortmundni tark etishga majbur bo‘ladi.
Chiro Immobile – «Yuventus» 2008-2012
Ko‘zlaringizga ishonmaysizmi? Darhaqiqat, kelajakda Italiyaning birinchi raqamli to‘purari bo‘lishi taxmin qilingan futbolchini «Yuventus» kashf etgan. Klub skautlari «C seriya»dagi 19 yoshli bolakayni payqab qoladi. Turin klubi aynan «zebralar» safida o‘zining A Seriyadagi debyut uchrashuvida maydonga tushadi. 4 yil davomida klub Immobeleni turli klublarga ijara asosida yuboradi. Yakunda esa, uni «Torino» ilib ketadi.
Jerom Boateng – «Manchester Siti» 2010/11
Jerom ham akasi singari «Gerta» safida katta futbolga kirib kelgan. Keyinroq, «Gamburg» safidagi o‘yinlari bilan endigina katta pullarga ega bo‘lgan «Manchester Siti» rahbarlari e’tiboriga tushadi. Afsuski, asosiy tarkib uchun kurashda yosh Jerom Leskott va Kompaniga qarshi hech narsa qila olmadi. Bu vaziyatdan «Bavariya» oqilona foydalandi va 10 yil davomida mudofaada munosib xizmat qiluvchi futbolchini arzimagan pul evaziga o‘z tomoniga og‘dirib oldi.
Fikrlar