
Evropa chempionatini kimlar o‘tkazib yuborishini bilasizmi? Bu ro‘yxat sizni hayron qoldiradi!
SPORTS.uz qit’a birinchiligida olgan jarohati sababli ishtirok eta olmaydigan eng taniqli futbolchilarni tanishtirib o‘tadi. Ularning yo‘qligi bizga darrov sezilishi aniq.
Evropa chempionati boshlanishiga bir oydan kamroq vaqt qolmoqda. Ko‘plab terma jamoalar allaqachon musobaqa uchun yakuniy tarkibni e’lon qilmoqda. Belgiya terma jamoasi shular jumlasidan. Afsuski, zich taqvim sababli bir nechta taniqli futbolchilar jarohat oldi. Bu esa, yakunda ularni «Evro 2020» turnirini o‘tkazib yuboradi.
Mark Andre Ter-Shtegen
«Barselona» kiperi musobaqadan chetda qolishi ma’lum bo‘lganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Kiper o‘z ahvolini instagramdagi sahifasida ma’lum qildi va Germaniya terma jamoasiga omad tiladi.
«Biz shifokorlar bilan birgalikda, tizzamdagi og‘riq sabablarini o‘rgandik. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shimcha operatsiya o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Bo‘lib o‘tgan ishdan afsusdaman. Ilk bor katta musobaqani muxlis sifatida tomosha qilish alamli. Umid qilamanki, bizning futbolchilar ortga oltin medallar bilan qaytadi. Shuningdek, kelasi mavsumda muxlislar bilan to‘la arenada to‘p surishni istayman. Og‘ir vaziyatda bizni qo‘llab turgan barchaga rahmat.»
Andre 20 may sanasida jarrohlik stoliga yotadi. E’tiborlisi shundaki, Kataloniya klubi posboni Germaniya terma jamoasi uchun ulkan yo‘qotish emas. Nyubel va Noyer Ter-Shtegenning yo‘qligini bildirmasligi turgan gap.
Virjil Van Deyk
Gollandiya termasi sardori joriy mavsumda atigi 5 bor maydonga tushdi, xolos. Barchasiga 2020 yilning oktyabr oyida «Everton» bilan bahsda olingan og‘ir jarohat sabab. Jarohatdan to‘liq forig‘ bo‘lmagan himoyachi Gollandiya futbol rahbalariga terma jamoadagi faoliyatini bir muncha muddatga to‘xtatganini ma’lum qildi.
«Jarohat olgach, bu kunga etib kelgunga qadar katta masofani bosib o‘tdim. Hozir o‘zimni ancha yaxshi his qilyapman. Uzoq o‘ylab turnirdan voz kechishga qaror qildim. Mavsum oralig‘ida personal mashg‘ulotlar orqali jismoniy holatimni tiklab olmoqchiman. «Evro 2020»ni o‘tkazib yuborish hayotimdagi eng katta omadsizlik, ammo harakat qilishda davom etaman».
Ansu Fati
Ispaniya terma jamoasida porlashi kutilgan hujumchi faoliyati avvalida katta muammolarga duch keldi. 2020 yilning noyabr oyida «Betis» bilan bahsda olingan jarohat kutilganidan ancha og‘irroq bo‘lib chiqdi. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, 4 oyda safga qaytishi taxmin qilingan futbolchi yana bir bor jarrohlik stoliga yotqiziladi. Uning tezroq tiklanishi uchun amalga oshirilgan barcha sa’y-harakatlar zoe ketdi. Endi yosh futbolchining tizzasi qayta operatsiya qilinadi. Evropa chempionatidagi debyut kamida yana 4 yil kech qoladigan bo‘ldi.
Kshishtof Pyontek
2021 yilning 12 may sanasida polyak hujumchisi Bundesliga bahsida safdan chiqdi. Kshishtof saralash bahslarida terma jamoa safida 6 o‘yinda 4 gol kiritdi. «Gerta» jamoasi tarixidagi (32 million evro) eng qimmat futbolchi muvaffaqiyatli operatsiya qilindi. Afsuski, tiklanish uchun juda ko‘p vaqt talab etiladi.
«Orzularim puchga chiqdi. Men qit’a birinchiligida to‘p surishni juda ham istagan edim. Shunday bo‘lsada, futbolda hech narsa bejizga sodir bo‘lmaydi. O‘ylashimcha, yaratganing menga atab qo‘ygan sovg‘asi bor. Shu sababli, voqeani pozitiv qabul qilaman. Endi, oldingidanda kuchliroq bo‘lib safga qaytishga tayyorgarlik ko‘raman.»
Zlatan Ibrohimovich
“Ibra” «Milan» muxlislarini o‘z gollari bilan xursand qildi, lekin A Seriyaning 17 uchrashuvini o‘tkazib yubordi. Mayda jarohatlar va Kovid-19 hujumchini futboldan lazzat olishiga imkon bermadi. Shvetsiya terma jamoasidagi faoliyatini aynan shu vaj bilan tiklagan hujumchi so‘nggi haftalarda uning kema bortidan tushib qolgani oshkor bo‘ldi.
Shvetsiya terma jamoasi murabbiylar shtabining aytishicha, Zlatan ularga qo‘ng‘iroq qilgan. U yozda 100 foiz kuch bilan jamoasiga yordam berishga qodir emas. Bu nafaqat Shvetsiya, balki butun dunyodagi muxlislar uchun xunuk yangilik bo‘ldi.
Marko Roys
Markoni chinakam omadsiz desak, adashmagan bo‘lamiz. Germaniya termasi bilan JChda g‘alaba qozonish imkonidan ayrilgan yigit tez orada boshlanadigan Evropa birinchiligida ham ishtirok etmaydi.
«Og‘ir o‘tgan mavsumdan so‘ng, tanamda kuchli charchoq his etyapman. Shu bois, yozda bo‘lib o‘tadigan chempionatda ishtirok etishdan voz kechdim. Hozir to‘liq tiklanishga va yangi mavsum oldidan dam olishga qaror qildim. Terma jamoadagi hamkasblarimga qalbimdagi eng ezgu niyatlarimni tilab qolaman».
Roys 2012 yildagi Evroda bronza medallarga ega chiqqan bo‘lsa, 2016 yildagi katta forumni jarohati bois o‘tkazib yuborgan edi. Endi esa, kuchli charchoq sababli Dortmundda qolishni afzal ko‘rmoqda.
Bonus : Jordan Xenderson
Shu yilning fevral oyidan beri futbolchi «Liverpul»ning birorta o‘yinida ishtirok etgani yo‘q. Sababi nima ekanligini darrov anglagan bo‘lsangiz kerak. Qolganlardan farqli o‘laroq, uni hali ro‘yxatdan o‘chirishgani yo‘q. Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi so‘nggi soatlar qolguniga qadar Jordanga tiklanib olish imkonini bermoqchi.
«Liverpul» jamoasi ustozi - Yurgen Klopp esa, shogirdining Evroda ishtiroki borasida fikr bildirdi:
«Virjildan farqli o‘laroq, Jordan tiklanishi mumkin. U hozir biz bilan 100 foiz mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Bemalol yana maydonga qaytishi mumkin. Hammasini murabbiy va futbolchi o‘rtasidagi suhbat hal etadi. O‘ylashimcha, Jordan Evropa birinchiligida Angliyaga yordam bera oladi».
Fikrlar