Eldor Shomurodovning akasi Surxondaryo futboli uchun qanday o‘zgarishlarni amalga oshirmoqchi?

  • 2 noyabr, 2019, 07:00
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Yaqinda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligidagi delegatsiya Surxondaryo futbolini ko‘zdan kechirdi. Aytish kerakki, bu hududda muammo va kamchiliklar ko‘p. Tabiiyki, futbol tizimida rivojlanish susayib ketgan. Shuning uchun Termizga qilgan tashrifi davomida viloyat futbolini oyoqqa turg‘azish uchun bir qator ishlar amalga oshirilishi yuzasidan aniq dasturlar ishlab chiqiladi. Shu bilan birga viloyat futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti ham o‘zgardi. Endilikda Sanjar Shomurodov Surxondaryo futboli uchun javobgar shaxsga aylandi. Barchaga ma’lumki, Surxon o‘lkasidan Bozorovlar, Do‘rmonovlar, Shomurodovlar singari futbolimizda nom qozongan o‘yinchilar etishib chiqqan. Hozirgi viloyat futbol assotsiatsiyasiga yangi vitse-prezident etib tayinlangan Sanjar ham Shomurodovrlar sulolasi vakili hisoblanadi. U hozirda «Rostov»da to‘p surayotgan Eldor Shomurodovning akasidir. Faqat Sanjarning futboldagi faoliyati muvaffaqiyatli chiqmagan. 1991 yilda tug‘ilgan katta Shomurodov endi butun e’tiborini Surxondaryo futbolini ko‘tarishga qaratadi. Fursatdan foydalangan Sanjar Shomurodov bilan yangi lavozimga tayinlanganidan keyin suhbatlashdik.

Tecno

- Sizni Surxondaryo viloyati futbol assotsiatsiyasiga vitse-prezident etib tayinlanganingiz bilan tabriklaymiz. Lekin u erda ish boshlashingiz kutilmagan xabar bo‘ldi. Aslida hammasi qanday yuz berdi?

- Avvalo tabrik uchun rahmat. Menga Toshkent viloyati futbol assotsiatsiyasidan qo‘ng‘iroq qilib, sizni masalangiz ko‘tariladi deb aytishdi. Keyin u erga borib gaplashdim. Surxondaryo viloyati futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidentligi uchun mening nomzodimni qo‘yishmoqchiligini ma’lum qilishdi. Men esa rozi bo‘ldim. Keyin Ravshan aka Ermatov Termizga bordi. O‘sha erda Ermatov bilan uchrashdik. Natijada meni viloyat futbol assotsiatsiyasiga vitse-prezident etib tayinladi. So‘ng Surxondaryodagi barcha futbol maktablarini ko‘zdan kechirib, sharoitlari bilan tanishib chiqdi. O‘zining maslahatlarini berdi. Shunday qilib, ishni boshladim.

- Eldor Shomurodovning akasi Surxondaryo futbolini boshqaradi, degan xabarlar ko‘pchilikda o‘ziga yarasha reaktsiya uyg‘otdi. Natijada siz butun boshli viloyat futboli uchun javobgar shaxsga aylandingiz. Bunday lavozimda ishlashga tayyormidingiz?

- Surxondaryo futbolining ichida anchadan beri yurganimiz bois qaerda nima borligini yaxshi bilaman. Xudo xohlasa, hammasini eplab ketaman. Ishni ham nimadan boshlashni bilaman. Chunki shuning ichida katta bo‘lganman. To‘g‘risi, viloyatimizda futbol ancha pasayib ketgan. Shuning uchun ishni noldan boshlashimiz kerak. Viloyat hokimi To‘ra Bobolov futbolga jiddiy e’tibor beryapti. Shuning uchun biz ham viloyat futbolini ko‘tarishga astoydil harakat qilamiz. Endi avvalgidek bo‘lmaydi.

Sanjaor Shomurodov

- Ravshan Ermatov viloyatdagi futbol tizimidan qoniqmaganligi uchun ham futbol assotsiatsiyasida o‘zgarishga qo‘l urib, sizga katta ishonch bildirdi. Bu bilan viloyat futboliga yangicha yondashuvni amalda joriy etmoqchi. Shunday ekan, ishni nimadan boshlamoqchisiz va oldingizga qanday vazifalar qo‘yildi?

- Viloyat futbolini kuchaytirish uchun birinchi navbatda bolalar futboliga e’tiborni oshirishimiz lozim. Hakamlarni tayyorlashimiz kerak. Chunki bizda hakamlik masalasi katta muammolardan biri. Bizdan hakamlar chiqmay qo‘ygan. Boisi viloyatda ikkinchi liga musobaqasi ham o‘tkazilmay qo‘ygan. Shu boisdan viloyat chempionatini ham yo‘lga qo‘ymasak bo‘lmaydi. Shuning barobarida bolalar futbol ligasini ham tashkil etishimiz lozim. Birinchi navbatda viloyatdagi har bir tumanda futbol jamoalarini shakllantirishimiz muhim. Qo‘ldan kelganicha moddiy texnik bazalarini yaxshilashimiz ham kerak. Bundan tashqari, malakali murabbiylarni tayyorlash ham asosiy vazifalarimizga kiradi. Boisi, bizda hakamlikdan tashqari murabbiylar etishmasligi ham muammo bo‘lib turibdi. Shuningdek, nazoratchilarni ham ko‘paytirmasak bo‘lmaydi. Nasib qilsa, kelasi yili ikkinchi ligamizdan biror-bir jamoani pro-liga musobaqasiga qo‘yishga harakat qilamiz. Hozir bizda birgina Superligada «Surxon» klubi bor xolos. Bu jamoaga esa mahalliy o‘yinchilarni etishtirib berishimiz kerak. Hozir Surxondaryoda bitta futbol akademiyasi bo‘lsa, yana qo‘shimcha ikkita akademiyani tashkil etishni dasturga kiritdik.

- «Surxon» qo‘shimcha imtiyoz evaziga Superligaga chiqarilganini yaxshi bilamiz. Aslida esa viloyat futbolining poydevori bo‘lmagan, shundaymi?

- Ha, shunaqa. Masalan, «Nasaf» o‘zining akademiyasi tarbiyalanuvchilari evaziga Superligada qatnashyapti. Ularda birorta legioner o‘yinchi yo‘q. Biz qiynalsak ham shu yo‘ldan yurishimiz kerak. «Nasaf» o‘zini-o‘zi boqa oladigan jamoa. Har yili akademiyasidan iqtidorli yoshlar chiqadi. Bir nechtalari boshqa klublarda o‘ynashyapti. Bizda esa aksincha o‘yinchi sotib olinadi. Chunki o‘zimizdan kadrlar chiqmay qo‘ygan. Hattoki, o‘zimizdan chiqqan hakamlar ham boshqa viloyatlarda yurishibdi.

- Kimlar, masalan?

- U-21 chempionatida va Toshkent viloyati chempionatida Rustam Choriev hakamlik qilyapti. Biz uni Surxondaryoga qaytarmoqchimiz.

Sanjar Shomurodov4

- Shomurodovlar oilasidan kimlar futbolchi bo‘lganini yaxshi bilamiz. Otabek, Ilhom, Eldor…Lekin ko‘pchilik Sanjar Shomurodov haqida bilmasa ham kerak. Tabiiyki, yangi xabardan keyin endi sizga yanada qiziqish ortsa ham kerak. Ya’ni, aslida Sanjar Shomurodov kim, degan savollar yangramoqda. Ko‘pchilik esa sizni Eldor Shomurodovning akasi ekaningizni bilishmasa ham kerak…

- Men 2008 yildan 2013 yilgacha «Sho‘rtan» jamoasining o‘rinbosarlarida o‘ynaganman. Birinchi ligada Qashqadaryoning «Koson» jamoasida ham yarim yil davomida ijarada to‘p surganman. Afsuski, «Sho‘rtan»da jarohat olganimdan so‘ng ikki yil futbol o‘ynay olmadim. 2013 yili jarohat tufayli katta futboldan biroz uzoqlashganman va 2015 yili Termiz Davlat Universitetiga o‘qishga kirganman. O‘shanda Universitetimizda futbol jamoasiga murabbiylik qildim va o‘zim ham o‘ynadim. 2016 yili Respublika «Kamolot» Kubogida birinchi o‘rinni olganmiz. O‘sha yili Jarqo‘rg‘on tumani jamoasi bilan Samarqandda birinchi liga uchun tashkil etilgan pulkada qatnashib, birinchi o‘rinni oldik. Shu tariqa, «Neftchi-Jarqo‘rg‘on» birinchi ligaga chiqdi. 2017 yilning boshida Qashqadaryo viloyati hokimi Kubogida ishtirok etib chempion bo‘ldik.  Keyin o‘shanda jamoa nomi «Surxon» deb o‘zgartirilgan. Natijada men ham pro-ligada o‘ynadim. Oxirgi o‘yinim esa «Andijon»ga qarshi bo‘lgandi. O‘sha uchrashuv janjal bilan tugagandi va meni mavsum oxirigacha chetlatishgandi. Shundan so‘ng katta futbolga qaytmadim. Asosan ikkinchi ligada o‘ynab yurdim. Shuning uchun viloyat futbolining ichki holatini bilaman. Bu yil o‘qishni tugatdim va meni yangi lavozimga tayinlashdi. Umid qilamanki, ishni yaxshi bajara olamiz. Lekin buni kutmagandim.

- Eldor bilan ham gaplashgan bo‘lsangiz kerak. U siz haqingizdagi yangilikni qanday qabul qildi?

- Ha, gaplashdim. Surxondaryo futbolini ko‘taraylik, yaxshi ishlang dedi. U ham qarab turmaydi, qo‘lidan kelganicha yordam beradi. Otabek akadan (Shomurodov) va yana boshqa tajribali insonlardan maslahatlar olamiz.

- Aslida oxirgi paytlarda Surxondaryo futbolining pasayishiga nima sabab bo‘lgan?

- Viloyat chempionatining yo‘qligi. Bundan ikki yil oldin bo‘lgandi, ammo o‘shanda ham nomigagina o‘tkazilgan. Birinchi navbatda viloyat birinchiligini yo‘lga qo‘yib olishimiz kerak.

- Surxondaryodan juda yaxshi sulola vakillari chaqishgan. Aka-uka Do‘rmonovlar, Bozorovlar, Shomurodovlar va yana bu ro‘yxatni davom ettirish mumkin. O‘zbek futbolida nomi chiqqan kadrlarni etishtirib bergan…

- Ilgari viloyat ikkinchi ligasida Jarqo‘rg‘onda o‘ynab yurgan paytimni yaxshi eslayman. U paytlardagi viloyat chempionati birinchi ligadan ham kuchliroq bo‘lardi. O‘shanda o‘ynagani o‘ynab ketdi. Superligada va boshqa joylarda to‘p surishyapti.

- Eldor Shomurodovga bir qator yaxshi takliflar bo‘layotgani haqida eshityapmiz. Sizningcha, u qaerga ketadi?

- O‘zi hal qiladi. Yuragi qaysi jamoani xohlasa, o‘sha erda o‘ynab keta oladi. Masalan, «Rostov»ni ham o‘zi tanlagan. Bu klubdan taklif bo‘lganida yuragi shuni xohladi. Ha, u erga borganda boshida qiynaldi, ammo keyin o‘ynab ketdi. Shu bois har doim o‘zi hal qilgani yaxshi. Takliflar ustida agentlari ishlayapti. «Rostov»da qoladimi yoki ketadimi, hammasi mavsum tugaganidan keyin aniq bo‘ladi.

- Unga «konkret» qaerdan takliflar bo‘lgan?

- TsSKA va Germaniyaning «Shtutgart» klubi qiziqish bildirgan. Darvoqe, keyin Turkiyaning «Galatasaroy» jamoasidan ham taklif bo‘lgan. Lekin hozir Eldor boshqa klublar haqida o‘ylamayapti. Hali «Rostov» bilan shartnomasi bor. Boya aytganimdek, mavsum tugasin-chi, keyin hal bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Surxon turon
02/11/2019 12:23
Маладдес газига босинглар