
Ekspert: Fayzullaev Evropa klublarini qiziqtirib qo‘ydi
Rossiya futbol jamoatchiligi O‘zbekiston milliy terma jamoasining Qatarda o‘tkazilgan Osiyo kubogidagi ishtirokidan keyin musobaqada o‘zini ko‘rsata olgan Abbosbek Fayzullaevning Evropa klublariga o‘tish imkoniyatini muhokama qilmoqda.
Ma’lumki, milliy terma jamoalar ishtirokidagi qit’a va jahon chempionatlari futbolchilar uchun ko‘rik vazifasini o‘taydi.
Bu musobaqalarda turli klublar skautlari va selektsioner murabbiylar o‘zlariga mos o‘yinchilarni qidirish uchun uchrashuvlarni sinchkovlik bilan kuzatib boradi.
Qatar maydonlarida Abbosbek Fayzullaev jami beshta uchrashuvda maydonga tushdi va raqiblar darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qilib, jamoadoshlariga bitta golli pas uzatdi.
Rossiyalik taniqli murabbiy Aleksandr Tarxanov TsSKA legionerining qit’a chempionatidagi o‘yinlariga quyidagicha baho berdi.
- Albatta, Abbosbek Fayzullaev Osiyo kubogidagi o‘yinlari bilan Evropa klublarini qiziqtirib qo‘ygan, qolaversa, vaziyat uning agentlari nazoratida.
Agar O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim final yoki finalga chiqqanida unga e’tibor yanada kuchliroq bo‘lardi.
Men Fayzullaevning Evropaga ketishiga hali erta, deb hisoblamayman. Abbos TsSKAga o‘tgan yoz keldi va darrov o‘zini ko‘rsata boshladi.
Ta’kidlash joizki, yaxshi futbolchi uchun yangi chempionatga moslashish shart emas, u kelib, darrov o‘ynab keta olishi kerak, - dedi Aleksandr Tarxanov.
Qatardagi Osiyo kubogi davomida bir necha futbolchilarimiz turli klublar e’tiboriga tushdi va ular orasida yangi jamoalar bilan shartnoma imzolaganlari ham bor.
Osiyo kubogida futbolchilarimizga sardorlik qilgan Jaloliddin Masharipov Qatarga Gretsiyaning “Panserraikos” jamoasi vakili sifatida kelgan edi. Qatardan turib, Eronning “Istiqlol” jamoasi bilan shartnoma tuzdi va bundan keyin ushbu jamoa sharafini himoya qiladigan bo‘ldi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi – Umarbek Eshmurodov musobaqa davomida Malayziyaning “Selangor” klubi bilan hamkorlik o‘rnatdi.
“Rubin”dan chaqirtirilgan Rustambek Ashurmatovni Ozarbayjonning eng mashhur klubi “Neftchi” o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilmoqda.
Bundan tashqari, erkin agent maqomida yurgan Oston O‘runov hamda Otabek Shukurov kabi terma jamoamizning etakchi o‘yinchilari ham bir necha klublar bilan muzokara olib borayotgani haqida ma’lumotlar bor.
O‘zbekiston terma jamoasining eng yorqin futbolchilaridan hisoblangan Abbosbek Fayzullaev ham anchadan beri xorij klublari kuzatuvida ekani sir emas.
Rossiya Premer-ligasiga ko‘chib o‘tganidan keyin Abbosbek Fayzullaevning transfer summasi bir necha baravar oshib, hozir 4 million evroni tashkil qilmoqda. Ekspertlarning ta’kidlashicha, Osiyo kubogidagi muvaffaqiyatli o‘yini yangi reytingga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va hujumkor futbolchining transfer summasi yana ko‘tarilishi kutilyapti.
Fikrlar