Doston Tursunov Yaponiyadagi faoliyatini davom ettiradimi yoki...

  • 29 noyabr, 2019, 06:52
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Asta-sekin joriy yil ham poyoniga etib bormoqda. Bunday pallada esa bir qancha milliy birinchiliklarda ham mavsum tugamoqda. Biz esa bunday paytda xorijda o‘ynayotgan legionerlarimizning qanday ishtirok etganiga ko‘proq ahamiyat qaratamiz va ular haqida ko‘proq yoritishga harakat qilamiz. Masalan, yaqinda Yaponiya chempionati ham o‘z yakuniga etdi. Xabaringiz bo‘lsa, bungacha kun chiqar yurt mamlakatida o‘zbekistonlik Fozil Musaev faoliyat olib borayotgandi. Bu yil esa Yaponiyada to‘p surayotgan hamyurtlarimiz yana bittaga ko‘paydi. Joriy yilning boshlarida farg‘onalik himoyachi Doston Tursunov Yaponiya Jey-2 ligasi vakili «Renofa Yamaguchi» jamoasi a’zosiga aylangandi. Uning dastlabki mavsumi esa yomon o‘tmadi. Hamyurtimiz o‘z klubi safida chempionatda 16 ta uchrashuvda ishtirok etdi. «Renofa» esa 22 ta klub orasida 47 ochko bilan 15-o‘rinni band etdi. Umuman aytganda, 24 yoshli futbolchimiz Yaponiya chempionatida o‘zini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q.

Tecno

Dastlabki mavsum qanday o‘tdi?

Darhaqiqat, hamyurtimiz uchun joriy mavsum muhim ahamiyatga ega edi. Chunki u ilk bor xorijda legioner maqomida to‘p surdi. Boz ustiga futboli ancha rivojlangan va qit’amizda eng kuchlilaridan biri hisoblangan Yaponiya chempionatida to‘p surish oson emas. Garchi u Jey-2 ligasida to‘p surgan bo‘lsa-da, baribir u erdagi raqobat, futbolning sifati va yana boshqa jihatlar bo‘yicha ham ancha-muncha chempionatlardan ustun turadi. Shu sababli Doston Tursunov Yaponiyada o‘tkazgan dastlabki mavsumi haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Bilasiz, faoliyatim davomida men birinchi marta legioner sifatida xorijda o‘ynadim, - deya gap boshladi, hamyurtimiz. – Ayniqsa, Yaponiya chempionatida ilk bor to‘p surdim. Bemalol ayta olamanki, legioner sifatidagi dastlabki mavsumimdan ajoyib taassurotlar qoldi. Bu erda o‘ynab o‘zim uchun ko‘p narsalarni o‘rgandim. Tan olaman, rostdan ham Yaponiya chempionati kuchli ekan. To‘g‘ri, men Jey-2 ligasida ishtirok etdim. Shunga qaramay, Jey-1 chempionatidan ko‘ra bu erda o‘yinlar ko‘p bo‘ladi. Chunki biz ishtirok etayotgan chempionatda jami 22 ta jamoa bor va hammasi bo‘lib 42 ta o‘yin o‘tkaziladi. Aynan mana shunday o‘yinlar orqali o‘zim futbolchi sifatida ancha shakllandim deb ayta olaman. Shu bilan birga chempionatni ham ko‘tarinki kayfiyatda yakunlab oldik.

Keyingi rejalar

«Renofa Yamaguchi» jamoasining muhim a’zolaridan biriga aylana olgan Doston Tursunov yuqorida u Yaponiyada o‘tkazgan dastlabki mavsumidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Bizni esa bir narsa qiziqtirmoqda: hamyurtimiz yana «Renofa Yamaguchi» uchun o‘ynashda davom etadimi yoki klubini almashtirishga ahd qilganmi? Ushbu masala bo‘yicha Tursunovning javobi shunday bo‘ldi:

- To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, keyingi yil uchun hali rejalarimni aniqlashtirib olganim yo‘q. Chunki Yaponiyada mavsum endi tugadi. Ammo shuni aytishim kerakki, mening «Renofa Yamaguchi» bilan yana bir yillik shartnomam bor. Yashirmayman, agar menga yana takliflar bo‘lsa ko‘rib chiqaman. Endi ta’tilga chiqdik. Mana shunday paytda hammasini yana yaxshilab o‘ylab ko‘raman. Agar menga nisbatan biror-bir klubning qiziqishi bo‘lsa ham buni dekabr oyida eshitsak kerak. Ammo «Renofa» bilan ikki yilga shartnoma tuzganman va uning yana bir yili bor.

tursunov

Tursunovga nima yoqdi?

Doston Yaponida o‘ziga yarasha qiziqarli holatlarga ham guvoh bo‘ldi deyish mumkin. Yuqorida ham uning o‘zi u erdagi mavsumi yaxshi o‘tganini aytdi. Umuman olganda, futbolchimiz uchun aynan qanday yoqimli jihatlari bilan esda qolgan bo‘lishi mumkin? Bunga uning o‘zi shunday dedi:

- Albatta, yuqorida aytib o‘tganimdek, Yaponiyadagi dastlabki mavsum davomida o‘zim uchun yoqimli xotiralar ham qoldi. Masalan, u erda barcha jamoalar bir yil davomida bir xil tempda bo‘lishadi. Ya’ni, hamma ishtirokchilar teng kuchli saviyali, u qadar katta o‘zgarishlar bo‘lmaydi, kimdir favorit yoki autsayder rolida bo‘lmaydi. Qolaversa, klubga yangi kelgan futbolchi yoki murabbiyga har doim etarli darajada imkoniyat berilar ekan. Shunisi ham menda yaxshi taassurot qoldirdi, - dedi Doston.

Terma jamoaga chaqirilmay qo‘ygani xususida

Shuningdek, Doston Tursunov Vadim Abramov milliy termaga kelgunga qadar sobiq murabbiy Ektor Kuper paytida doimiy ravishda bosh jamoamizga chaqirilib turdi. O‘quv-yig‘inlari, o‘rtoqlik va rasmiy bahslarda Tursunov ham terma jamoaga taklif qilinardi. Garchi rasmiy uchrashuvlarda maydonga tushmagan bo‘lsa-da, uning qandaydir sifatlari Kuperga yoqardi. Ammo Vadim Abramov terma jamoamizga bosh murabbiy bo‘lgach, Dostonni umuman chaqirmay qo‘ydi. O‘z navbatida futbolchi ushbu vaziyatga o‘z munosabatni bildirib o‘tdi.

- To‘g‘ri, har bir futbolchini O‘zbekiston milliy terma jamoada o‘ynagisi va yordam bergisi keladi. Albatta, argentinalik murabbiy Ektor Kuper ishlagan davrda doimiy ravishda terma jamoa bilan birga bo‘ldim. Qolaversa, gol ham urishga erishdim. O‘z o‘rnida Kuperga minnatdorchilik bildiraman. Chunki u menga mana shunday imkoniyat berdi, shuning uchun u kishiga rahmat. Agar Vadim Abramov meni ham termaga chaqirsa bor kuchim bilan yordam berishga harakat qilaman. Chaqirmasa yana o‘z ustimizda ishlashda davom etamiz.

Superligamiz haqida qanday fikrda?

O‘zbekiston chempionatidagi o‘yinlari orqali o‘sishga erishgan hamyurtimiz bugungi kundagi Superligamizni ham kuzatib borayotgani aniq. Shu sababli Tursunov bu borada o‘z fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.

- Menimcha, Superligamiz o‘sishga erishdi. Mavsum yaxshi sur’atlarda o‘tdi desam bo‘laveradi. Masalan, Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasi doimiy ravishda pastki o‘rinlarda, ligada jon saqlab qolish uchun kurashardi. Bu yil esa uchinchi o‘rin uchun jiddiy kurash olib boryapti. Umuman olganda, klublarimizda o‘ziga yarasha o‘sishlar sezilyapti. Bu esa albatta chempionatga ham yaxshi ta’sir ko‘rsatadi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!