
Dilshod Jabborov: Agar kelishilgan o‘yinlarda qatnashganimda futbolni tugatgan bo‘lardim
Namanganlik futbolchi Dilshod Jabborov yangi mavsumni Termizning «Surxon» jamoasidan boshlaganidan xabaringiz bor. U bungacha «Navbahor»da sobiq bosh murabbiy Ilhom Mo‘minjonov bilan samarali faoliyat olib borgandi. Keyin Mo‘minjonov «Surxon»da ish boshlagach, Jabborov ham boshqa futbolchilar qatori o‘sha klubda paydo bo‘ldi. Ammo Superliganing ikkinchi turidan keyin ushbu o‘yinchi ham murabbiyga qo‘shilib futboldan chetlatilishini hech kim kutmagandi. Faoliyatida birinchi marotaba bunday holatga tushib qolgan futbolchi uchun joriy mavsum majburiy ravishda tugadi deyish mumkin. Chunki O‘FA tomonidan aniqlangan ma’lumotlar bo‘yicha kelishilgan o‘yinlarda murabbiylardan tashqari Dilshod Jabborovning ham aloqasi bo‘lganligi haqida xabar berildi. Shundan so‘ng tushkun kayfiyatga tushib qolgan futbolchi bilan bog‘lanib, vaziyat haqida suhbatlashishga urinib ko‘rdik. Aytish kerakki, futbolchi uchun bu xabar og‘ir zarba bo‘lgan.
- Dilshod, O‘FA tomonidan Ilhom Mo‘minjonovning hammasi bo‘lib besh yilga futboldan chetlatilgani haqidagi xabarda sizning ham nomingiz tilga olingan bo‘lib, kelishilgan o‘yinlarga aloqadorligingiz aytilgan holda bir yilga futboldan chetlashtirish haqida qaror qabul qilindi. Shu bois mazkur vaziyatga munosabatingizni bilmoqchimiz.
- Bu xabarni o‘qiboq karaxt ahvolga tushib qoldim. Nimaga bunday qilishdi? Nima sababdan? Xabarda yozilishicha, futbolchilarni kelishilgan o‘yinlarga undaganim haqida aytilgan. Tushunmadim, nima uchun? Axir ularni biror nimaga undasam va ular ortimdan ergashib ketavergani bolalar bog‘chasi emas-ku. Men bunga hayron bo‘lib qoldim. Bundan tashqari, qo‘mita yig‘ilishiga kelmagan deb yozishibdi. Men u paytda Termizda edim, rahbariyat ruxsat bermaganidan keyin qanday qilib beruxsat bora olaman? Vaholanki, ikki kundan keyin o‘yinimiz bor edi. O‘zi o‘sha kuni Termizga kelgandik. Meni qoralab yozib chiqishganidan hayron qoldim.
- Aslida sizni etika qo‘mitasining yig‘ilishiga chaqirishganidan xabaringiz bormidi?
- Ha, kimdir O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida bo‘ladigan yig‘ilishga borishim haqida aytdi. Lekin ungacha hech kim menga hech nima demagandi.
- Siz haqingizdagi xabar sayt orqali bildingizmi?
- Ha.
- Shundan so‘ng birinchi bo‘lib kimga murojaat qildingiz?
- Bunday ishdan so‘ng kimga murojaat qilishni ham bilmay qoldim. Albatta, vaziyatga oydinlik kiritish uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga boraman.
- Futbolda ancha yillardan beri faoliyat ko‘rsatib kelyapsiz. O‘zingizga yarasha nomingiz va hurmatingiz bor. Tabiiyki, sizning bir yilga futboldan chetlatilganingiz faoliyatingizga ham ta’sir ko‘rsatishi hech gap emas.
- Hozirdan biror nima deyishni ham bilmay qoldim. Hammasi kutilmaganda yuz berdi. Internet orqali xabarni o‘qidim va boya aytganimdek, karaxt ahvolga tushib qoldim. Chunki bunday holat bo‘lishini umuman kutmagandim. Shu bois bu vaziyatga tayyor emasdim.
- Hammasi Ilhom Mo‘minjonov orqali sodir bo‘lyapti. Natijada uning ortidan sizlar ham futbolsiz qolishga majbur bo‘lyapsizlar. Siz ham bu ishlar Mo‘minjonov orqali yuz berayotganini bilib turgandirsiz.
- Ha, shunday bo‘lsa kerak. Lekin hozirdan kimdir haqida jiddiy gap aytishim ham qiyin. Avvalo bu masalaga chuqur va atroflicha yondashgan holda masalaga aniqlik kiritishim kerak. Ana shundan so‘ng o‘z fikrlarimni aytishim mumkin.
- Dilshod, bu vaziyatga «Surxon» jamoasi qanday munosabat bildiryapti? Ular bilan ham gaplashdingizmi?
- Yo‘q, hali hech kim bilan gaplashmadim.
- «Navbahor»da Mo‘mijonov boshchiligida jamoa sardori bo‘lib to‘p surdingiz. Shu bois murabbiyni yaxshi bilasiz. Ayting-chi, chindan ham u shunday ishlar bilan shug‘ullangani haqida eshitganmisiz?
- Agar uni bunday ishlar bilan shug‘ullanayotgani haqida eshitganimda aytgan bo‘lardim. Ammo meni bunday o‘yinlardan xabarim bo‘lmagan. Biz Ilhom Mo‘minjonov bilan binoyidek ishlaganmiz. Shunga yarasha natijalarimiz ham chakki bo‘lmagandi. Baribir hayron qolyapman-da. Balki uning dushmanlari bordir.
- Hozirgi vaziyatda o‘zingizni noqulay his qilyapsizmi?
- Yana qanday his qilishim mumkin? Men uchun tuxmat bo‘lyapti. Lekin Xudo hammasini ko‘rib turibdi. Lekin biz haqimizda qaror qabul qilib bo‘lindi, endi hech nima qila olmaymiz. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Agarda men kelishilgan o‘yinlarda qatnashganimda futbolni allaqachon tugatgan bo‘lardim.
- Shuningdek, yaqinda Ilhom Mo‘minjonov bungacha bir yilga futboldan chetlashtirilganiga qaramasdan «Surxon»ni norasmiy ravishda boshqarayotgani haqidagi gap-so‘zlar tarqalgandi. U chindan ham shunday ish qilayotganmidi?
- To‘g‘ri, o‘yinlarimizni ko‘rgani borib turgandi. Ammo jamoani boshqarmayotgandi.
- Lekin «Surxon»ga Ilhom Mo‘minjonovning taklifiga binoan borgandingiz-a?
- Ha, to‘g‘ri. O‘tgan yili «Navbahor»da o‘ynagan futbolchilarning hammasini Mo‘minjonov «Surxon»ga taklif qilgandi.
- Orada Aziz Turg‘unboev masalasidan keyin Mo‘minjonov futboldan bir yilga chetlatilgach, «Surxon»da qolish masalasini o‘ylab ko‘rmagandingizmi?
- Oldimda boshqa klublardan variantlar bor edi. Lekin o‘sha vaziyatdan keyin biz «Surxon» rahbariyati bilan kelishdik va mavsumni Termizda boshlashga qaror qilgandik.
Fikrlar