
Davron Fayziev va Xayrulla Hamidov endi "SPORT TV"da ham futbol sharhlaydi
"UZREPORT TV" sharhovchilari Davron Fayziev va Xayrulla Hamidov endi "SPORT TV" telekanalida ham faoliyat olib boradi. Bu haqda Fayzievning o‘zi telegram kanali orqali xabar qildi.
"Mavsum boshlanishi arafasida bir yangilikni sizga ma’lum qilamiz. Bizga Evrokuboklar, qolaversa barcha nufuzli turnirlar hamda JChni shahrlashimiz talabi bilan futbol muxlislaridan minglab murojaatlar kelib tushadi. (Bu albatta quvonarli hol, sal bo‘lsa ham e’tiboriga tushganimizdan bag‘oyat xursandmiz). Lekin shu kungacha buning imkoni yo‘q edi. Chunki mamlakatimizda yirik turnirlar translyatsiyasi ikki xil telekompaniya tomonidan amalga oshiriladi va sharhlovchilar bo‘lingan holatda ishlashga majbur.
Yuqorida aytganimdek, bu hol muxlislar e’tiroziga sabab bo‘layotgandi. Shuni inobatga olgan holda, "UZREPORT" hamda "SPORT" telekanallari istisno tariqasida men va hamkasbim Xayrulla Hamidovga ikkala telekanal orqali yirik musobaqalarni muxlislar uchun sharhlab borish imkoniyatini taqdim etishdi. Shu munosabat bilan bizga ana shu taklif bilan chiqqan "SPORT TV" direktori Zohid Karimovga hamda bizning va muxlislarning istagiga befarq bo‘lmay, ana shu amaliyotga rozilik bildirgani uchun "UZREPORT TV va "FUTBOL TV" asoschisi Ravshan Djuraevga minnatdorchilik bildiramiz. Bu qadam O‘zbekistonda sport translyatsiyalarini amalga oshirishda raqobatlashayotgan kompaniyalarning o‘zaro do‘stona munosabatlari yo‘lida muhim voqeaga aylanadi deb umid qilamiz.
Ishonamizki, boshlanayotgan fantastik mavsum davomida teletomoshabinlar bilan birga unutilmas lahzalarni boshdan kechiramiz!", — deb yozdi Davron Fayziev telegram sahifasida.
Fikrlar