
Davron Fayziev: O‘zbekiston 2021 yilgi jahon chempionatiga chiqdi
OFK Kuvaytda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan futzal bo‘yicha Osiyo chempionatini bekor qilgandi. Musobaqa reglamentiga asosan, turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etgan 5 jamoa 2021 yilgi futzal bo‘yicha jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi kerak edi. Shu sababli, mazkur kvotalar OFK Ijroiya qo‘mitasi belgilab bergan mezonga ko‘ra taqsimlandi.
Litva mezbonlik qiladigan jahon chempionatida ishtirok etadigan terma jamoalar nomini aniqlashda ularning so‘nggi Osiyo chempionatlaridagi ishtiroki hisobga olindi. Unga ko‘ra, futzal bo‘yicha O‘zbekiston, Yaponiya hamda Eron milliy terma jamoalari "Jahon chempionati-2021" bahslariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Ushbu voqelikdan so‘ng, taniqli sharhlovchi Davron Fayziev telegramdagi sahifasida o‘z fikrlarini bildirdi.
- Esingizda bo‘lsa, 2016 yilda O‘zbekiston futzal terma jamoasi o‘z tarixida birinchi bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Osiyo chempionati esa Toshkentda fantastik atmosferada o‘tkazilgan. Sportdagi yil voqealaridan biriga aylangan. O‘sha jamoa mundialga birinchi qadam tashlab bergan. Keyin murabbiy o‘zgardi, tarkib ham qisman yangilandi. Yoshlar paydo bo‘ldi. Shunga qaramay O‘zbekiston futzalchilari o‘z darajalarini saqlab qola olishdi.
Yaqinda jahon chempionlari Argentina bilan tengma-teng o‘ynadi. Dastlab, Turkmanistonda, keyin Kuvaytda o‘tishi reja qilingan Osiyo chempionati va saralashiga maksimal tayyorgarlik ko‘rildi. Chempionat bekor qilindi. Va mana rasman xabar chiqdiki, terma jamoamiz Osiyoda etakchilardan biri sifatida jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oldi. Super! Tarixda ikkinchi bor O‘zbekiston mundialga chiqdi. Futzalchilarni, murabbiylar Bahodir Ahmedov va Nodir Eliboev, jamoaning jonkuyar administratori Akmal Karabaev va shu jamoaga barcha aloqadorlarni tabriklayman. Avval ham shu sohada mehnat qilib poydevor qo‘yganlar bor, ularga ham murobak bo‘lsin. Bu katta natija, afsuski unga pandemiya sabab ozgina emotsional daqiqalar hamroxlik qilolmadi. Shunday bo‘lsa-da, buni bilgan holatda, o‘zingizda bor tarmoqlar orqali shu yigitlarni qo‘llab, Litvadagi JChda omad tilab qo‘yasiz, degan umiddaman, - dedi Davron Fayziev.
Fikrlar