
"Charm to‘p": Yarim finalga chiqqan "Iqbol" jamoasida yo‘qotishlar bor, to‘rt futbolchi chetlatilgan, yana ikkitasida jarohat
Ayni kunlarda «Bunyodkor» futbol akademiyasiga qarashli maydonlarda «Charm to‘p-2019» an’anaviy futbol musobaqasining Respublika bosqichi o‘tkazilayotganidan xabaringiz bor. Bugun 14ta jamoa ishtirok etayotgan musobaqaning guruh bosqich o‘yinlari yakunlanib, yarim finalga yo‘l olgan jamoalar nomi ma’lum bo‘ldi. 2-tur o‘yinlaridan keyin barcha guruhlarda intriga saqlanib qolgandi va shu sababli 3-tur uchrashuvlari juda murosasiz kechdi.
«A» guruhida 2-turdan so‘ng Navoiy viloyatining «Chelachi» hamda Surxondaryo viloyati «Sherobod» jamoalari 4tadan ochko jamg‘argan va guruh g‘olibligi aynan shulardan biriga nasib etishi aniq bo‘lib qolgandi, chunki qolgan ikki jamoada yarim finalga chiqish uchun imkoniyat qolmagandi. 3-turda navoiyliklar Xorazm viloyatining «Muxoman» jamoasini yirik hisobda (6-3) mag‘lub etdi. Ammo, sherobodliklar kutilmaganda «G‘allaorol» (Jizzax) jamoasiga yutqazib qo‘yishdi va yarim final yo‘llanmasini Navoiy viloyati vakillariga qo‘sh qo‘llab topshirdi.
«B» guruhida Toshkent shahrining «Iqbol» mahallasi yoshlari ikki o‘yinda ham g‘alaba qozongan bo‘lsada, 3-turda ular mabodo sirdaryolik raqiblariga yutqazib qo‘ysa hammasi tugardi. Boz ustiga ularni yutgan taqdirda yarim final yo‘llanmasi aynan Sirdaryo viloyati «Ettiguzar» mahallasi yoshlariga nasib qilardi. Biroq, unday bo‘lmadi. Garchi uchrashuvda hisobni sirdaryoliklar ochgan bo‘lishiga qaramay yakunda poytaxt vakillari 3-1 hisobidagi irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Ammo, yarim finalda «Iqbol» jamoasi qaysi tarkib bilan o‘ynaydi, aytish qiyin. Negaki jamoaning to‘rt nafar futbolchisi musobaqadan chetlatilgan, yana ikki futbolchi esa bugungi bahsda jarohat oldi. Xullas, «Iqbol» murabbiylari uchun bosh og‘riq etarli...
«S» guruhidan uchta jamoa o‘rin olgani bois «Oqqamish» (Qashqadaryo) jamoasi uchun guruh bahslari tugagandi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra qashqadaryoliklar 4 ochko va +2 to‘plar nisbati bilan guruhda peshqadam bo‘lib turgan bo‘lsada, 3-turda «Shodlik» (Toshkent vil.) jamoasi ularni quvib o‘tishi mumkin edi. Buning uchun Yuqori Chirchiq tumani jamoasidan amalda yarim finaldan umidini uzib bo‘lgan «Nekkeshi» (Buxoro) jamoasini mag‘lub etish talab qilinardi. Xullas, bu guruhda ham intriga etarlicha edi. Yakunda esa buxoroliklar o‘zlariga keraksiz o‘yinda «Shodlik» jamoasini engib qo‘ydi va natijada bu guruhdan yarim final yo‘llanmasiga qashqadaryoliklar ega chiqishdi.
«D» guruhida bo‘lib o‘tadigan «vodiy derbisi», ya’ni Andijon va Namangan viloyati jamoalari to‘qnashuvi ham ahamiyati, ham natija nuqtai nazaridan muhim edi. Ular o‘rin olgan guruhda Qoraqalpog‘istonning «Do‘stlik» jamoasi ochko ulashuvchi vazifasini o‘tadi. Ular andijonliklarga 3-1, namanganliklarga esa 3-0 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Shu sababli 3-tur o‘yini vodiy jamoalari uchun hayot-mamot jangiga aylanishi kutilayotgan edi. Murosasiz kechgan bahsda namanganliklar 2-1 hisobida g‘alaba qozondi va yarim final kvartetini to‘ldirdi.
«Charm to‘p-2019». 3-tur natijalari:
«A» guruhi:
«Chelachi» (Navoiy) – «Muxoman» (Xorazm) – 6:3
«G‘allaorol» (Jizzax) –«Sherobod» (Surxondaryo) – 1:0
«V» guruhi:
«Ettiguzar» (Sirdaryo) – «Iqbol» (Toshkent sh.) – 1:3
«Bahrin» (Farg‘ona) – «O‘rikzor» (Samarqand) – 4:3
«S» guruhi:
«Nekkeshi» (Buxoro) – «Shodlik» (Toshkent vil.) – 2:1
«D» guruhi:
«Navkent» (Namangan) – «Yakkatut» (Andijon) – 2:1
Fikrlar