“Charm to‘p-2019” an’anaviy futbol musobaqasi yakuniy bosqichda

  • 22 avgust, 2019, 11:22
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Mahalla yoshlari o‘rtasida “Charm to‘p” an’anaviy futbol musobaqasini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi 1-son yig‘ilish bayoni bilan mamlakatimiz miqyosida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida futbol musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etish vazifasi belgilab berilgandi.

Tecno

Mazkur musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan bosh maqsad – avvalo yurtimiz aholisi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, yoshlar, ayniqsa uyushmagan yoshlarni yagona maqsad yo‘lida birlashtirish, ularga o‘z iqtidorini namoyon etishlari uchun katta maydon yaratib berishdan iborat. Oldinga o‘tib aytish kerak, vazifa ortig‘i bilan uddalandi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, futbol dunyoda eng sevimli va ommalashgan sport turi sanaladi. Bejiz unga “millionlar o‘yini” deya ta’rif berilmagan. Yurtimizda ham charm to‘p ixlosmandlari juda ko‘p. Shuning uchun bo‘lsa kerak, mahalla yoshlari o‘rtasida “Charm to‘p” an’anaviy futbol musobaqasini o‘tkazish g‘oyasi yurtdoshlarimiz tomonidan juda yaxshi kutib olindi.

Asosiy ijrochilari sifatida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi belgilangan mazkur musobaqa to‘rt bosqichda tashkil etildi.

Birinchi bosqich – 26-31 iyul kunlari mahallalar o‘rtasida o‘tkazilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqich esa 2-10 avgust oralig‘ida tuman va shaharlar bosqichida tashkil etildi. 10-20 avgustga belgilangan uchinchi bosqichda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri kesimida g‘oliblar saralandi. “Charm to‘p-2019” an’anaviy futbol musobaqasining uchinchi bosqichi joylarda yuqori saviyada tashkil etildi. Bu borada birinchi bo‘lib Toshkent shahridan Respublika bosqichida poytaxt sharafini himoya qiladigan jamoa aniqlangan bo‘lsa, ular boshlagan ishni qolganlar ham davom ettirishdi va qisqa muddatda barcha hududlardan eng kuchli jamoalar saralab olindi. Kezi kelganda shuni ham ta’kidlash joiz, o‘yinlar yuksak saviyada, keskin va murosasiz kurashlar ostida kechdi.

113(1)

Sport musobaqasida g‘olib tomon aniqlangani kabi mag‘lub ham topiladi. Biroq, har doim ham mag‘lubiyatga uchragan jamoa aybni o‘zidan axtaravermaydi, aksincha, hakam yoki tashkilotchilar “aybdor”ga chiqarilaveradi. Ammo, “Charm to‘p” futbol musobaqalarida bunday holatlar deyarli ko‘zga tashlanmadi. Bu esa musobaqa ancha yuqori, professionalizmga xos darajada tashkil etilganidan dalolat.

25 avgustdan boshlab poytaxtimizda “Charm to‘p-2019” an’anaviy futbol musobaqasining hal qiluvchi to‘rtinchi bosqich o‘yinlariga start beriladi. Unda saralash bosqichining yakunlariga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahri kesimida eng zo‘r, deb topilgan 14ta jamoa bosh sovrin uchun kurash olib boradi.

Musobaqaning hal qiluvchi guruh bosqich o‘yinlari 25-27 avgust kunlari “Bunyodkor” futbol akademiyasiga qarashli maydonlarda o‘tkaziladi. Muxlislar o‘z suyuklilarini bemalol qo‘llab-quvvatlashlari uchun o‘yinlarga kirish bepul qilib belgilandi.

Nihoyat final o‘yini 28 avgust kuni soat 18:00da “Milliy” stadionda boshlanadi. Mamlakatimizning bosh arenasida to‘p tepish har kimga ham nasib etavermaydi. Shu ma’noda “Charm to‘p-2019” an’anaviy futbol musobaqasining final o‘yini ishtirokchilari o‘zlarini professional charm to‘p ustalaridek his qilishlari uchun ajoyib imkoniyat taqdim etilmoqda.

112

Bu hali hammasi emas. 28 avgust oqshomida “Milliy” stadionga kelgan muxlislar avvalo qiziqarli futbol o‘yiniga guvoh bo‘lishadi. Shu bilan birga o‘zbek estradasining yorqin yulduzlari ishtirokidagi kontsert dasturi ularga unutilmas onlarni taqdim etishiga shubha yo‘q.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!