
"Buxoro"dagi "Yangi Messi": "Paxtakor"da zaxirada o‘tirishni istamadim, yanada kuchliroq bo‘lib qaytmoqchiman"
Pro ligada ishtirok etayotgan “Buxoro” mavsum boshiga nisbatan hozir butkul o‘zgargan. Ayniqsa, yozgi selektsiyada sifatli futbolchilar olib kelindi. Ularning orasida eng avvalo ko‘zga tashlanayotgani – bu Humoyunmirzo Iminov.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblangan yarim himoyachi ilgari Belarus chempionatida “Energetik BGU” safida ham yarim yil to‘p surgan. Aytish lozimki, ushbu futbolchi “Buxoro”ning o‘yiniga rang-baranglik olib kirdi. Sports.uz muxbiri Iminov bilan bog‘landi.
- O‘yinlaringizni anchadan beri kuzatib kelamiz. Bu yil yozgi selektsiyada “Paxtakor”dan “Buxoro”ga ko‘chib o‘tdingiz. Bunday qarorga kelishingizga nima sabab?
- “Buxoro” klubiga o‘tishimning sababi shuki, “Paxtakor”da o‘yin amaliyotim kam bo‘layotgandi. Keyingi yilga “Paxtakor”ga kuchliroq bo‘lib qaytmoqchiman. Qolaversa, “Buxoro”ning oldiga qo‘ygan maqsadi bor. Men mana shu vazifa bo‘yicha jamoaga yordam bermoqchiman. Chempionat oxirigacha ijaraga kelganman.
- Bilamizki, “Buxoro”da to‘p surayotgan Sardor Eminovning ukasisiz. Shu jarayon ham sizni ushbu klubga o‘tishingizga muhim rol o‘ynadimi?
- Albatta, katta rol o‘ynadi. Klubdagilar ham meni o‘tishimni xohlashdi. Murabbiylar ham, rahbarlar ham. Ularga ishonib yordam berish uchun keldim.
- “Paxtakor”ni tark etish rejangizda bormidi?
- U erda murabbiy almashganining ta’siri bo‘ldi. Aslida yil boshida ketishim kerak edi, o‘xshamay qolgandi.
- Qaerga ketmoqchi edingiz?
- Hali variant ko‘rib chiqmagandim. Ammo ketish reja bor edi, ijaraga.
- Keyingi taqdiringiz bo‘yicha bosh murabbiy Maksim Shatskix bilan ham gaplashganmisiz?
- Albatta, gaplashganman.
- Nima deb o‘ylaysiz, u sizga ishonmadimi?
- Yo‘q, ishonish yoki ishonmaslik haqida gap bo‘lmagan. Shunchaki, yana zaxirada o‘tirishni istamadim. Shu bois o‘zim ketishni istadim. Yuqorida aytganimdek, qishda “Paxtakor”ga yanada kuchliroq bo‘lib qaytmoqchiman.
- “Buxoro”ning o‘yini endi ancha o‘zgardi. Yangi klub va pro ligada haqida fikringiz qanday? Hammasi siz kutganchalik ekanmi yoki...
- Hammasi zo‘r. “Buxoro”ga yangi futbolchilar kelgan. Qolgan o‘yinchilar bilan barcha bir xil saviyada. Murabbiy hammaga ishonadi. Faqat kimni maydonga tushirish bu murabbiyning tanlovi. Kuchli futbolchilar bor, jamoa yaxshi, ko‘z tegmasin. Murabbiylar ham zo‘r. Bizga bir-ikkita uchrashuvlarda omad etishmadi, shu xolos.
- “Buxoro”ga kelganingizdan keyin siz haqingizda shunday ta’rifni eshitdik: “Yangi Messi”!
- Yoshligimda “Paxtakor”ga kelgan paytimda shunaqa deyishgan. “Buxoro”ga esa yangi qo‘shilganman. Kim nima deyayotgani bilmadim.
- Lekin sizni shunday deb chaqirishlari yoqadimi?
- Albatta. Legenda bo‘lgan futbolchiga o‘xshatishlari kimga ham yoqmaydi?
- Yaqinda “Turon”ga qarshi o‘yinda qizil kartochka oldingiz, adashmasam bu faoliyatingizdagi birinchisimi?
- Ha, birinchisi bo‘ldi.
- O‘zi nima bo‘ldi? Oxirida asablar dosh bermadimi?
- Yiqitgan vaziyatda 50x50 edi. Bermasa ham bo‘lardi. Sariq kartochka olganimdan keyin birinchi folni ishlatgandim. Raqib futbolchisini qarshi hujumda birga-bir holatda chiqib ketayotganida yiqitmagandim. Bu hakamning qarori bo‘ldi, unga qo‘shilmasdan ilojimiz yo‘q.
- Intriga kuchli. “Buxoro” 1-o‘rindagi “Andijon”dan 10 ochkoga, 2-pog‘onadagi “Turon”dan esa 5 ochkoga ortda qolyapti. Imkoniyatlarni qanday baholayapsiz?
- Beshta kuchli jamoalar qolgan. Hamma bir-biri bilan o‘ynab chiqadi. Barchasi o‘zimizga bog‘liq. Superligaga chiqishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Xudo xohlasa, elitaga chiqamiz.
Fikrlar