"Bunyodkor"ga o‘tishim men uchun juda yoqimli" yoxud chempionga aylangan Toshmirzaev nega "Neftchi"dan ketdi?
Kuni kecha O‘zPFL “Bunyodkor” klubi iqtidorli o‘yinchi Bilolxon Toshmirzaev bilan shartnoma tuzganini e’lon qildi.
2023 yildan beri “Neftchi”da to‘p surgan yarim himoyachi yakuniga etgan mavsumda farg‘onaliklar safida O‘zbekiston chempioniga aylandi. U joriy mavsumda “Neftchi” tarkibida Superliga hamda Kubok bahslarida jami 26 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 4 ta gol urdi hamda 2 ta golli uzatmani bajardi. Yangi mavsumda esa Bilolxon “Bunyodkor” sharafini himoya qiladi.
Futbolchi “Qaldirg‘ochlar” bilan shartnoma imzolagach, ilk intervyusini Sports.uz nashriga berdi.
- Bilolxon, "Bunyodkor"ga o‘tish orqali faoliyatingizda yangi sahifa ochyapsiz. Avvalo, shu haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
- “Bunyodkor”ga o‘tishim men uchun juda yoqimli. Vodiyda ko‘p yil o‘ynadim. Endi poytaxt jamoasi bilan katta maqsadlar qo‘yganman. Xudo xohlasa, sovrinli o‘rinlar uchun kurashamiz.
- Siz bu yil O‘zbekiston chempioni bo‘ldingiz. Odatda, chempion futbolchilar jamoasini ancha-munchaga o‘zgartirmaydilar. Sizni bunday qarorga kelishingizga nima jiddiy sabab bo‘ldi?
- Albatta, men O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. Orzuimga erishdim. “Neftchi” jamoasining shonli tarixiga hissamni qo‘shganimdan juda xursandman. U erda ayrim sabablar bor, uni ayta olmayman. Superliganing 3-4 ta etakchi klublaridan takliflar bo‘ldi. Men esa “Bunyodkor”ni tanladim. Avvalo, Xudo qaerda rizqimni bergan bo‘lsa, o‘sha erda o‘ynayman.
- Adashmasam, "Neftchi" bilan yana bir yillik shartnomangiz bor edi. Buni qanday hal qildinglar va klub ketishingizga qanday munosabatda bo‘ldi?
- Shartnomam yo‘q edi va 1 dekabr kuni tugadi.
- Siz Levchenkoni ketishini avvalroq bilarmidingiz? Balki shu narsa ham ketishingizga ta’sir qilgandir...
- Menga uni aloqasi yo‘q edi. Ketadimi-qoladimi, men qarorni oldinroq qabul qilgandim.
- “Bunyodkor” bilan maqsadingiz qanday? Yangi mavsumda ham yana chempion bo‘lishingizga ishonasizmi?
- “Bunyodkor” jamoasi o‘zbek futbolida katta tarixga ega jamoa. Buni aytib o‘tirish shart emas. Bu jamoani har doim maqsadi bo‘lgan. Xudo xohlasa, sovrinli o‘rinlar uchun kurashamz.
- "Neftchi"dagi bu yilgi mavsum haqida so‘ramoqchiman. Boshida qiyin bo‘ldi, o‘sha paytda ham chempionlikka qanchalik ishongandingiz?
- To‘g‘ri aytasiz, juda qiyin bo‘ldi. “Neftchi”da juda tajribali futbolchilar yig‘ildi. Bu futbolchilar bilan chempion bo‘lishga ishonchim kuchli edi. Biz faqat chempionlikni o‘yladik va maqsadimizga etdik. Muxlislar bizni qo‘llab-quvvatlab turishdi. Ularni alohida hissalari bor. Farg‘ona ahliga chempionlik muborak bo‘lsin.



Fikrlar