"Bunyodkor" transfer oynasi yopilishiga bir soat qolganda aloqaga chiqdi, ammo ulgurmadi" - Qatardan qaytgan legionerimiz "ofsayd"da...

  • 8 avgust, 2023, 08:48
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatarda legioner sifatida to‘p surgan hamyurtimiz Baxtiyor Qosimov yurtimizga qaytdi. Bundan maqsad faoliyatini vaqtincha Superligada davom ettirish edi.

Tecno

Yurtimizda transfer oynasi yopilguniga qadar uning biror klub bilan shartnoma imzolashi kutilgandi. Boisi, Baxtiyorni o‘z safida ko‘rish istagida bo‘lgan klublar bor edi. Biroq yakunda bunday bo‘lib chiqmadi va Qosimov “ofsayd”da qoldi.

- Baxtiyor, siz bilan oxirgi bor suhbatlashganimizda Qatardan ketib o‘zimizning Superligaga qaytayotganingiz haqida aytgandingiz. Chunki o‘shanda xizmatingizga klublarimizdan takliflar bor edi. Biroq chempioatimizdagi transfer oynasi yopilguniga qadar sizni hech bir klubda ko‘rmadik. Nima bo‘ldi?

- Ha, O‘zbekistonga qaytish rejamda bor edi. Intervyu berganimda yurtimizga qaytmoqchi ekanim haqida aytganman. Aslida Qatarda klubim bilan 15 iyulda yangi shartnoma imzolashim kerak edi. Ammo keyin osiyolik limit olib tashlandi, u erdan qaytishim kechikib ketdi. O‘zbekistonga 24 iyulda qaytdim. Oldimda Superligamizdagi jamoalaridan variantlar bor edi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra ular bilan kelishuv oxiriga etmay qoldi.

Baxtiyor Qosimov_1

- Transfer oynasi yopilishiga sanoqli soatlar qolganida sizni “Bunyodkor”ga o‘tdi, degan gap-so‘zlar ham tarqaldi...

- Ha, “Bunyodkor” varianti ham bor edi. Ular transfer oynasi yopilishiga bir soat qolganida aloqaga chiqishdi. Keyin ulgurmay qoldilar. “Bunyodkor” ham kutib-kutib oxirida qaror qabul qilgan, shekilli. O‘sha kuni kechasi soat 23.00 da menga qo‘ng‘iroq qilishdi. Lekin shartnoma tayyorlab, rasmiylashtirishga ulgurishmadi.

- Jamoasiz va o‘yin amaliyotisiz qolish futbolchi uchun doimo yoqimsiz. Bu sizga salbiy tarafdan ta’sir qilmaydimi?

- To‘g‘ri, vaqtinchalik ta’sir qiladi. Lekin agentlar ishlashyapti. Xudo xohlasa, yaqin kunlarda yangi klubga o‘taman. Yana legioner bo‘lib o‘ynayman. Arab o‘lkalarida avgust oyi oxirlarida chempionat boshlanadi. U erlarda sentyabr oyigacha transfer oynasi ochiq.

Baxtiyor Qosimov1_1

- Bu borada muzokaralar qizg‘in davom etayotgan ekan. Asosan qaysi mamlakat klublaridan qiziqishlar bo‘lyapti?

- Asosan arab chempionatlarining birinchi divizion jamoalari bilan muzokaralar ketyapti.

- Aynan qaysi davlat?

- Qatar, Saudiya Arabistoni...

Baxtiyor Qosimov6_2

- Demak, yana Qatarga qaytishingiz mumkin ekan-da?

- Ha, shunday.

- Superliganing hech bir klubida ko‘rinish bermaganingiz kayfiyatingizga ham ta’sir o‘tkazmayaptimi?

- O‘zbekistonda qishgacha to‘p surishim bo‘yicha o‘zimda xohish bor edi. Faqat muzokaralar oxiriga etmadi-da! Shuning hisobiga o‘xshamadi. Menga qiziqqan klublar iyul oyi boshida aloqaga chiqishgan. Lekin qatarliklarni kutib cho‘zilib ketdi. Natijada o‘zimizni jamoalar tavakkal qilishni istamadilar. Men bo‘lsa, Qatardagi jamoamni kutdim. 15 iyulda shartnoma berishlari kerak edi. Lekin qatarliklar menga aniq javobni 17 iyulda aytdilar. Natijada orada vaqtdan yutqazib qo‘ydim.

Baxtiyor Qosimov2

- Bu ishlardan keyin afsuslanmayapsizmi?

- Yo‘q, nimaga? Hammasi joyida. Muhimi, sog‘-salomatmiz. Bu yog‘i sog‘lom raqobat.

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Шухрат Хусаинов
10/08/2023 15:47
Узбек легионерлари хамма жойда офсайтда