
"Bunyodkor" Minskda yig‘in o‘tkazadi
O‘zbekiston Professional ligasi doirasidagi musobaqalarning barchasi ekvatoriga etib keldi. Tabiiyki, endi jamoalar yozgi tanaffusga yo‘l oladi va ma’lum muddatdan so‘ng mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarlikni boshlaydi.
Jumladan, “Bunyodkor”ning barcha jamoalari shu kunlarda yozgi tanaffusga yo‘l oldi.
“Bunyodkor”
Superliganing 13-turida “Paxtakor” mehmoni bo‘lib, ajoyib g‘alabani tantana qilgan Viktor Karpenko boshchiligidagi asosiy jamoamiz a’zolari kechadan ta’tilga chiqdi. “Qaldirg‘ochlarimiz” ikkinchi davraga tayyorgarlikni 8 iyuldan boshlaydi. Futbolchilarimiz shu kuni ertalab “Bunyodkor” akademiyasining tibbiyot markazida shifokorlar ko‘rigidan o‘tadi, tushdan so‘ng mashg‘ulotlar boshlanadi. Oradan uch kun o‘tib, ya’ni 11 iyul kuni yig‘in Belarus poytaxti Minsk shahriga ko‘chadi. Xorij yig‘ini 23 iyulga qadar davom etadi.
“Bunyodkor U-21”
Kecha akalarining ortidan borib safarda “Paxtakor”dan ustun kelgan Abduhamid Qodirov murabbiyligidagi o‘rinbosarlarimiz ham yozgi ta’tilni xushkayfiyatda o‘tkazadi. Akalaridan farqli ravishda o‘rinbosarlarimiz ta’tildan 7 iyul kuni qaytadi. 17 iyulga qadar Toshkentda shug‘ullanadigan o‘rinbosarlarimiz 18 iyul kuni Xorvatiyaga yo‘l oladi. Evropadagi yig‘in 30 iyulda yakuniga etadi.
“Bunyodkor U-19”
O‘tgan kuni “Surxon”ni yirik hisobda mag‘lub etgan o‘smirlarimiz ham akalaridan qolishmadi. Shundan so‘ng Rinat Miftaxutdinov shogirdlari 11 iyulga qadar ta’til chiqdi. Jamoa aynan shu kuni mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarlikni boshlaydi. Mashg‘ulotlar odatdagidek “Bunyodkor” akademiyasi maydonlarida o‘tkaziladi.
“Bunyodkor-2”
Mirkamol Qosimov murabbiyligidagi “Bunyodkor-2” ham yozgi ta’tilni yaxshi kayfiyatda o‘tkazmoqda. 1-liganing 9-turidan qoldirilgan bahsda “Andijon-2”ni qabul qilib, mehmonlarni 4:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan jamoamiz shundan so‘ng tanaffusga yo‘l olgan edi. “Bunyodkor-2” mavsumning ikkinchi qismiga tayyorgarlikni 15 iyuldan boshlaydi.
“Bunyodkor-W”
Yozgi tanaffusga yaxshi kayfiyatda yo‘l olgan dastlabki jamoamiz “Bunyodkor-W”. Elmira Gulyamova shogirdlari tanaffusdan oldingi so‘nggi bahsda “Qizilqum-W”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan edi. 18 iyundan yozgi ta’tilga chiqqan ayollarimiz ikkinchi davraga tayyorgarlikni barcha jamoalarimizdan oldin boshlaydi. “Bunyodkor-W” 4 iyul kuni mashg‘ulotlarga qaytadi.
“Bunyodkor” matbuot xizmati.
Fikrlar