
"Bundan mutlaqo xabarim yo‘q edi, hozir jadvalga ko‘p ham qaramaslik kerak". "So‘g‘diyona"ning qahramoni haqida
“So‘g‘diyona” jamoasi kutilganidek bu yil ham asosiy favoritlardan biri sifatida tilga olinyapti va hozircha taxminlarni oqlab turibdi. Nega deganda, turnir jadvaliga qarasangiz, aynan jizzaxliklarni peshqadam bo‘lib turganini ko‘rasiz. Garchi Baqoev jamoasi ketma-ket ikkita uchrashuvda mag‘lubiyatga uchraganiga qaramasdan “Surxon” bilan bellashuvda 4:2 hisobidagi g‘alaba tufayli 1-o‘ringa chiqib oldi.
O‘sha termizliklarga qarshi bahsda “So‘g‘diyona” futbolchilari maydonda mardonavor to‘p surishdi. Ayniqsa, zaxiradan maydonga tushgan iqtidor egasi – Javohir Qahramonov o‘z hisobiga ikkita gol yozib qo‘ygan holda jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.
O‘yindan keyin O‘zPFL matbuot xizmati tomonidan Qahramonov bo‘yicha qiziq fakt e’lon qilindi. Unga ko‘ra, ushbu futbolchi oxirgi marta 2021 yilning 18 may sanasida “Qo‘qon-1912” jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikkita gol urgan. Buni qarangki, oradan roppa-rosa bir yil o‘tib, 2022 yilning 18 may kuni Qahramonov “Surxon”ga qarshi o‘yinda ham o‘z dublini rasmiylashtirib qo‘ydi. “So‘g‘diyona” esa navbatdagi uchrashuvini aynan qo‘qonliklarga qarshi o‘tkazadi.
Bir necha yildan beri jizzaxliklar sharafini munosib himoya qilib kelayotgan yarim himoyachi Sports.uz uchun bir qator masalalarda o‘z fikrini bildirdi.
“Surxon” bilan o‘yin to‘g‘risida
- Ikkita mag‘lubiyatdan keyin “Surxon” bilan uchrashuvda g‘alaba qozonishimiz zarur edi. Chunki mag‘lubiyatlar sababli ruhiy tomondan biroz qiyin bo‘lib borayotgandi. Shuning uchun bu safar yutmasak bo‘lmasdi. Bizga ham uch ochko kerak edi. Albatta, “Surxon” ham yaxshi jamoa. Bu klub ishtirokidagi o‘yinlarni yaxshi o‘rganib chiqdik, deb o‘ylayman. Omadimiz ham keldi va raqib ustidan g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldik.
Qiziq fakt haqida
- To‘g‘risi, bu haqida bilmagandim. Keyinroq menga xabar keldi. 2021 yilning 18 may kuni ham ikkita gol urganimni aytishdi. O‘sha ma’lumotni ko‘rgach, yoqimli ma’noda hayron qoldim. Yashirmayman, xursand bo‘ldim. Rosti, bundan mutlaqo xabarim yo‘q edi.
“Qo‘qon-1912” bilan bellashuvda ham dublni rasmiylashtirmoqchimi?
- Navbatdagi uchrashuvimiz “Qo‘qon-1912” ga qarshi kechadi. Hamma ham uchrashuvdan oldin gol uramiz, yutamiz deb yaxshi niyat qiladi. Hammasi Xudodan. Biz mehnat qilishda davom etamiz. Peshonamizga yozilgan bo‘lsa, yana gol uraman. Kim ham dublga erishishni xohlamaydi?! Hamma istaydi. Gol urmasam ham biz g‘alaba qozonsak shu menga etarli.
“So‘g‘diyona” jadvalda 1-o‘rindaligi haqida
- Hozir turnir jadvaliga qarasam tabiiyki xursand bo‘laman. Birinchi o‘rinda turibmiz, bu juda yoqimli. Lekin jadvalga ko‘p ham qarayvermaslik kerak. Chunki hali mavsum oldinda. Kim qaerda bo‘lishini kuzda bilamiz. Lekin, baribir jamoamizni peshqadam sifatida ko‘rib turganimdan juda mamnunman.
OFK Kubogiga tayyorgarlik
- Chempionatimiz doirasida uchta o‘yin o‘ynaganimizdan keyin 22 iyunda Tojikistonga jo‘nab ketamiz. Ayni paytda esa Superligamizdagi o‘yinlar haqida o‘ylayapmiz. Avval “Qo‘qon-1912”ga qarshi, keyin 28 may kuni “Paxtakor” bilan juda muhim uchrashuvlarimiz bor. Mana shunday qiyin o‘yinlarni muvaffaqiyatli o‘tkazib olganimizdan so‘ng Tojikistonda o‘tadigan guruh bahslariga tayyorgarligimizni boshlaymiz. Lekin hozir OFK Kubogidagi ishtirokimiz xususida o‘ylayotganimiz yo‘q. Aytganimdek, e’tiborimizni chempionatdagi muhim bellashuvlarga qaratganmiz. Biz OFK Kubogida O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qilishga harakat qilamiz. Shu orqali Jizzax futbolini ham yanada ko‘tarmoqchimiz.
Baqoevga ta’rif
- Har bir murabbiyni o‘ziga yarasha kuchli taraflari bo‘ladi. Ulug‘bek Baqoev bilan anchadan beri ishlayapman. Shuni bemalol ayta olamanki, “So‘g‘diyona” ustozi menda hamma vaqt yaxshi taassurot qoldiryapti. Bugun yutsak, ertasidan keyingi o‘yinga tayyorlanishni boshlaymiz va o‘sha o‘yin tarixga aylanadi. Murabbiy doim harakat qilamiz, bo‘shashmaymiz, bu o‘yinni unutinglar, keyingisiga tayyorlanamiz deb bizni ruhlantirib turadi. U men uchun yaxshi murabbiy.
Fikrlar