
Bugun Olmaliqdagi o‘yinni ko‘rmasangiz bo‘lmaydi. Ustunlik va jamoalarning imkoniyatlari qanday?
Bugun, 26 iyun haftaning yakshanba kuni. Dam olish va hordiq chiqarish barobarida barchani ajoyib futbol o‘yiniga taklif etamiz.
Olmaliqdagi OKMK sport majmuasida AGMK Qarshining "Nasaf" klubini mehmon qiladi. Superliga doirasidagi 3-turning qoldirilgan o‘yini bugun soat 20:00 da start oladi.
“Nasaf” ancha jiddiy va kuchli jamoa. Ro‘ziqul Berdiev boshqaruvidagi jamoa ayni paytda ichki chempionatda qolgan jamoalarga nisbatan 2 ta kam o‘yin o‘tkazgan holda peshqadamdan 4 ochko kam jamg‘argan va jadvalda 6-o‘rinda bormoqda.
AGMK esa 3-o‘rinda va peshqadamdan 3 ochko kam to‘plagan. Bo‘lajak o‘yindagi ehtimoliy g‘alaba mezbonlarni 13-tur oldidan peshqadamga aylantirishi mumkin.
AGMK matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu jamoalarning o‘zaro o‘yinlari tarixi ancha qiziq. Chempionat doirasida jami 30 uchrashuv o‘tkazilgan. Ustunlik "Nasaf" tomonida. Qarshiliklar 14 g‘alabaga ega. AGMK esa 5 marotaba g‘alaba qozongan. Qolgan 11 bahsda esa durang qayd etilgan.
Bu ikki jamoani O‘zbekistonning eng kuchli va nomdor murabbiylari Mirjalol Qosimov va Ro‘ziqul Berdiev boshqaradi.
Ushbu mutaxassislarning O‘zbekiston chempionati doirasidagi o‘zaro o‘yinlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, jamoamiz ustozi Mirjalol Qosimov hamkasbi Ro‘ziqul Berdiev bilan 12 marotaba uchrashgan.
O‘tkazilgan uchrashuvlarning 7 tasida Mirjalol Qosimov g‘alabani tantana qilgan. Ro‘ziqul Berdiev esa Qosimovni chempionat doirasida faqatgina 3 marotaba mag‘lub etgan. Qolgan 2 o‘yinda esa durang bo‘lgan. Ushbu ikki durang o‘tgan mavsumda Olmaliq va Qarshidagi o‘yinlarda qayd etilgandi.
Qosimov va Berdiev AGMK va "Nasaf" rulida jami barcha musobaqalarda 8 marta to‘qnashishgan va har ikkala mutaxassisda bu boradagi ko‘rsatkich teng: 3 tadan g‘alaba va 2 durang.
O‘yin chiptasi stadion atrofidagi kassalarda 5 va 10 ming so‘mdan sotilmoqda.
Fikrlar