
"Bu chempionatda o‘ynayman deb hech qachon o‘ylamagandim". Legionerimiz qanday qilib u erga borib qolganini aytdi
O‘tgan yili Gruziyaning “Torpedo” Kutaisi klubida o‘ynab, so‘ng mavsumning ikkinchi yarmida “Surxon”ga qo‘shilgan himoyachi Murod To‘ychiboev hozirda qaerda?
Uning Termiz klubida ishlari ko‘ngildagidek yurishmadi. Yangi mavsumni esa kutilmagan jamoada boshladi, deyishimiz ham mumkin. Chunki Murod Qirg‘iziston chempionatida qatnashadigan “Alay” jamoasiga ketdi.
Hozir aynan shu erda o‘ynab turibdi. Futbolchining bunday qarorga kelishini kutmaganimiz rost. Har holda u oxirgi paytlarda o‘z saviyasini ancha oshirgandi va shunga yarasha chempionatda ham to‘p surayotgandi. Quyida u bilan uyushtirilgan suhbatni o‘qishingiz mumkin.
- Nima uchun “Alay” klubiga o‘tdingiz? Ochig‘i, bunday yo‘l tutishingizni kutmagandik. Bunga jiddiy sabab bormi?
- Ochig‘i, men ham Qirg‘iziston chempionatida futbol o‘ynayman deb hech ham o‘ylamagandim. Qishda boshqa chet el klublaridan takliflar bor edi. Ammo bu amalga oshmay qoldi. Rosti, bunga sabab “Surxon” klubida olgan jarohatim deb o‘ylayman. Chunki xorijda futbol o‘ynagani borayotganingizda o‘yinchini oxirgi klubida qancha o‘yin o‘tkazganiga e’tibor qaratishadi. Jarohat bu futbolchini dushmani. Buni o‘zinglar ham yaxshi bilasizlar.
- Lekin siz yana O‘zbekiston chempionatida qolishingiz mumkinmidi yoki aniq takliflar bo‘lmadimi?
- O‘zbek klubidan aniq taklif bo‘lmadi! O‘zbekiston chempionatiga yaxshi o‘yinlarim bilan o‘zimni ko‘rsataman, deb qaytgandim. Ammo yuqorida aytib o‘tganimdek, jarohat tufayli niyatlar amalga oshmadi.
- “Surxon”da ko‘p o‘ynamaganingizga demak jarohat sabab bo‘ldimi yoki boshqa jihati ham bormi?
- Albatta, jarohat sababli ko‘p o‘yinlarda qatnasha olmadim. Kelishim bilan 3 ta uchrashuvda asosiy tarkibda o‘yin o‘tkazdim. To‘rtinchi uchrashuvga kelib jarohat oldim. Shu sababli ko‘p vaqtimni davolatish va tiklanish bilan o‘tkazib yubordim.
- Eshitishimcha, “Surxon”ga o‘tib afsuslangan ekansiz, shu rostmi va rost bo‘lsa nima uchun?
- Gapirsam gap juda ko‘p. Qisqa qilib aytganda, “Surxon” klubida ichki muhit yaxshi emasdi.
- Demak, bu klubda o‘zingizni juda noqulay his qilganmisiz?
- Ha, shunday.
- Nima deb o‘ylaysiz, qirg‘iz chempionatida to‘p surishingiz faoliyatingizga jiddiy ta’sir qilishidan cho‘chimaysizmi?
- Qirg‘iziston chempionatida futbol o‘ynashim faoliyatimga hech qanady ta’sir ko‘rsatmaydi, deb o‘ylayman. Negaki, hamma narsa futbolchini o‘ziga bog‘liq. Xudo xohlasa, yaqin kunlarda faoliyatimda yana o‘zgarish bo‘lishi mumkin.
- “Alay”ga vaqtinchalik keldingizmi? Aynan qanday o‘zgarish bo‘lishi mumkin?
- Hozirda mening “Alay” klubi bilan bir yillik shartnomam bor. Jamoa rahbariyati bilan kelishuvim mavjud. Agar yaxshi klublardan takliflar bo‘lsa, ketishim mumkin. Faoliyatimdagi o‘zgarishga keladigan bo‘lsak, Xudo xohlasa, bu amalga oshsa, yangilikni sizlar bilan baham ko‘raman.
- Hozirgi paytda klubdagi ishlaringiz qanday?
- Hozirda klubdagi ishlarim a’lo darajada ketyapti. Klubdagi hamma sharoitlar yaxshi.
- U erdagi futbol saviyasiga qanday moslashyapsiz?
- Qirg‘iz futbolida kuchsiz klubni o‘zi yo‘q. Hamma klublar har bir o‘yinda bor kuchlari bilan harakat qiladi. Qisqasi, har bir uchrashuvdan ko‘nglim to‘lyapti.
Fikrlar