
Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi nega Rossiyaga ko‘chib ketishga majbur bo‘lgandi?
O‘zbek boksida kamol topib, bir qancha yutuqlarni qo‘lga kiritgan, keyinchalik Rossiya fuqaroligini qabul qilib, u erda ham yaxshi nom qozona olgan ko‘plab bokschilar bor. Misol uchun, Rinat Trishev, Gamlet Ilyasov, Panarin, Bunin bunday nomlarni uzoq davom ettirish mumkin. Ular safida esa, Yan Kulkov alohida o‘rin tutadi. U faoliyati mobaynida yaxshi natijalar qayd etib, O‘zbekiston terma jamoasiga ham chaqiriladi. Keyinchalik Rossiyaga ko‘chib ketib, u erda ham havasga arzigulik faoliyat yuritadi.
Doimo, O‘zbekistonda tug‘ilganligini faxr bilan tilga oluvchi ushbu chramqo‘lqop ustasi haqidagi ba’zi ma’lumotlarni ushbu intervyu orqali bilib olishingiz mumkin.
- Tug‘ilib o‘sgan vataningiz O‘zbekistondan salomlar!
- Vaalaykum assalom. Avvalo, esga olganlaringiz uchun sizlarga o‘zimning minnatdorligimni bildirmoqchiman. Rostini aytsam, men uchun hech kutilmagan, yoqimli holat bo‘ldi.
- Katta yoshli boks muxlislari sizni O‘zbekistonda tavallud topganingizni yaxshi bilishadi. Lekin yoshlar bu borada ma’lumotga ega, deb bo‘lmaydi. Balki, bu borada o‘zingizdan eshitarmiz?
- 1972 yil Toshkent shahrida tug‘ilganman. Bu haqda dunyoning qaysi shahri, qaysi davlatida bo‘lmay, doimo O‘zbekistonda tug‘ilganimni faxr bilan aytib yuraman.
- Birinchi borgan zalingiz va sizga ushbu sport sir-asrorlarini kim o‘rgatgan edi?
- Boks bilan 11 yoshimda shug‘ullanishni boshlaganman. Aslida, futbolchi bo‘lishni juda xohlardim. Otasiz o‘sganman, tog‘am meni bokschi qilishga qaror qilgan va 10 yoshimda boks to‘garagiga olib borgan. Lekin yoshim etmaganligi uchun qabul qilishmagan edi. Sababi o‘sha vaqtlar to‘garakka 11 yoshdan qabul qilamiz degandi. Shunday qilib, 11 yoshimdan “Dinamo” boks zalida Baxtiyor Karimovich To‘xtaev hamda Fevzi Nurievich Osmanovlar qo‘l ostida boks bilan shug‘ullanishni boshlaganman. U insonlardan bir umrga minnatdorman! Sportda ham, hayotda ham barcha yutuqlarga o‘sha insonlar tufayli erishganman. 17 yoshimga qadar boks bilan shug‘ullanganman va o‘smir va yoshlar o‘rtasida eng yuqori natijam 1988 yil Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston birinchiligida 54 kg vazn toifasida 2-o‘rin bo‘lgandi. 17 yoshimda o‘rta maktabni tugatganimdan so‘ng, oilaviy sharoitimga ko‘ra, boks bilan xayrlashishga majbur bo‘lganman va zavodga ishga kirdim.
- Faoliyatingizda muhim o‘rin tutgan boshqa murabbiylar ham bo‘lgandir?
- 1990 yil harbiy xizmatga chaqirildim. 1992 yilgacha Sobiq Ittifoq armiyasi safida Tojikiston – Afg‘oniston chegarasida xizmatni o‘tadim. Sovet Ittifoqi tarqab ketgan, qiyin davrlar edi. Harbiy xizmatdan so‘ng, yana boks bilan shug‘ullanishga qaror qildim. 1993 yil Valentin Fyodorovich Zelenin bilan tanishib qoldim. U murabbiy bilan hamkorligimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Chunki, Valentin Fyodorovich Rossiya Federatsiyasining Kaliningrad shahriga ko‘chib ketdi. Undan so‘ng Murod Salievich Turdiev (afsuski, hozir u inson bizning oramizda yo‘q) qo‘l ostida shug‘ullanishni davom ettirdim hamda barcha natijalarimga o‘sha murabbiyim boshchiligida erishdim.
- Rossiyaga ko‘chib ketishingizga nima sabab bo‘lgandi?
- Rossiyaga ko‘chib ketishimning sababi, o‘sha davrlarda u erda professional boks O‘zbekistonga nisbatan ancha rivojlangan edi. Asosiy maqsadim kuchimni professional yo‘nalishda sinab ko‘rish bo‘lgandi.
- Kattalar o‘rtasida ham bir qator turnirlarda ishtirok etgansiz va O‘zbekiston terma jamoasi safiga ham chaqirilgan edingiz. Natijalar qanday bo‘lgandi?
- 71 kg vazn toifasida O‘zbekiston chempionati kumush (yanglishmasam 1995 yil), 1996 yil 75 kg vazn toifasida bronza medali sohibi. 1997 yil O‘zbekiston Kubogi g‘olibi, Indoneziyada bo‘lib o‘tgan “A” klassdagi xalqaro turnir g‘olibi bo‘lganman. Shundan keyin, 1998 yil Rossiya Federatsiyasining Ekaterinburg shahriga ko‘chib ketganman.
- Rossiyadagi faoliyatingiz qanday kechgan?
- Rossiyadaligimda bir necha xalqaro turnirlar g‘olibi bo‘lganman. 1998 yil Sobiq Ittifoq qahramoni, marshal G.K.Jukov xotira turnirida -81 kg vazn toifasid Sergey Mixaylov bilan jang qilganmiz. O‘ta og‘ir, bahsli, murosasiz o‘tgan jangdan so‘ng hakamlar menga g‘oliblikni berishgan. 1999 yildan professional boksdagi faoliyatimni boshlab, 2000 yil fevral oyida professional bokschilar o‘rtasida Rossiya chempioni, oktyabr oyida 90 kg vazn toifasida RAVA versiyasida jahon chempioni bo‘lganman.
- O‘zbekiston terma jamoasida birinchi raqamli bo‘lish uchun asosiy raqobatchingiz Sergey Mixaylov bo‘lgan edimi?
- O‘zbekiston terma jamoasida birinchi raqamli bokschi bo‘lish uchun Dilshod Yorbekov bilan raqobat olib borganman. Chunki, o‘shanda -75 kg vazn toifasida harakat qilar edim.
- Rossiya terma jamoasiga ham chaqirilgandirsiz, u erda ham jiddiy raqobatlar yuzaga kelgandir?
Rossiya terma jamoasi tarkibida hech kim bilan raqobatlashishga fursat bo‘lmagan. 1998 yil Rossiyaga ko‘chib kelgan bo‘lsam, 1999 yil Chelyabinsk shahrida bo‘lib o‘tgan chempionatda Aleksandr Lebzyakka birinchi jangda mag‘lub bo‘lganman va shundan so‘ng professional boksga o‘tib ketganman.
- Sizning davringizdagi O‘zbekiston terma jamoasi etakchilari kimlar edi va ularning kuchli jihatlari nimadan iborat edi?
- Men O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida bo‘lgan paytlarimda, bosh murabbiy Vladimir Nikolaevich Shin boshchiligida juda kuchli, ahil jamoa shakllantirilgan edi. Murabbiylar jamoasi ham juda inoq edi. Terma jamoadagi muhit a’lo darajada bo‘lgan. Fursatdan foydalanib, bularning barchasi uchun, bizlarni nafaqat sportchi sifatida qo‘llab-quvvatlagani, jamiyatda ham o‘z o‘rnimizni topib ketishimizda katta yordam bergani uchun Vladimir Nikolaevichga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirib o‘tmoqchiman... Biror bir bokschini alohida ta’kidlab, kimningdir dilini og‘ritib qo‘ymoqchi emasman. Sababi, haqiqatdan ham terma jamoa O‘zbekistondagi eng kuchli bokschilardan tashkil topgan edi.
- Professional boksda uch bora mag‘lubiyatga ham uchragan ekansiz... Mazkur muvaffaqiyatsizliklarning sababi nimada edi?
Professional boksdagi mag‘lubiyatlarimga keladigan bo‘lsak, birinchi mag‘lubiyatimning o‘zi mening butun faoliyatimga nuqta qo‘ydi, desam ham bo‘ladi. Yaxshigina reytingga, ikkita kamarga ega bo‘lib turgan vaqtim menejerlarim Germaniyaga havaskor bokschilar orasida Olimpiya o‘yinlari va jahon chempioni, professionallar orasida Evropa chempioni Torsten Mayga qarshi jangga jo‘natishdi. O‘sha paytda Torsten yaxshi sport formasida emas ekanmi, jangda ancha ustunlikka erishgan bo‘lsam ham hakamlar uni g‘olib deb topishdi. Gannover shahrida bo‘lib o‘tgan boks kechasiga kelgan muxlislar hakamlarning nohaqligiga e’tiroz bildirishib hushtakbozlik qilishdi. Ringga har xil narsalarni uloqtirishdi. Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng, ruhiy tushkunlik yuzaga keldi. Qolaversa, men bilan kelajakda hamkorlik qiladigan yaxshi jamoa topilmadi..
-O‘z vaqtida Nikolay Valuev va Devid Xey bilan sparring janglar o‘tkazgan ekansiz... ?
- Devid Xeyga sparring-raqib bo‘lish menga juda qiyin bo‘lgan, juda kuchli zarbaga ega, baquvvat bokschi edi. Devidning professional boksga endi o‘tgan davrlari bo‘lgan. Lekin unga sparring-raqib bo‘lish juda yoqqan. U bilan London shahrida uch hafta birga ishlaganmiz. Germaniyalik bokschi Marko Xuk haqidayam shuni aytmoqchiman. U ham endigina professional boksga kirib kelgan davrida sparring-raqib bo‘lganman. Juda tezkor, masofani yaxshi his qiladigan bokschi sifatida taassurot qoldirgandi.
Nikolay Valuevgv keladigan bo‘lsak, uch yil davomida unga sparring sherik bo‘lib, yordam berganman. O‘sha paytda Ruslan Chagaev bilan Finlyandiyada o‘tkazilishi rejalashtirilib, so‘ng boshqa sanaga qoldirilgan jangga tayyorgarlik ko‘rishida ham chapaqay bokschi bo‘lib, nazorat janglarida unga raqib bo‘lganman. So‘ng, Jon Ruisga qarshi jangga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida ham bir oy u bilan ishlagan edim. Shuningdek, Evander Xolifild bilan to‘qnashuvidan oldin ham unga sparring-raqib sifatida yordam bergandim.
- Balki yana boshqa mashhurlar bilan ham ishlagandirsiz... Sparring – raqib sifatida olib borgan faoliyatingiz borasida menda yanada ko‘proq ma’lumotlar bor. Eslab ko‘ring?
- Darvoqea, Torsten Mayning ukasi Rudik Mayga ham bu borada yordam berganman. Boks bilan rasman xayrlashganimga qaramasdan, havaskor bokschilarga ham sparring-raqib sifatida taklif qilib turishardi. Sultan Ibragimov, Aleksandr Alekseev, Evgeniy Makarenko, Roman Romanchuk... Hammadan ko‘proq Aleksandr Povetkinga sparring-raqib bo‘lganman, Nikolay Dmitrievich Xromov, qaysidir musobaqadan oldin Povetkinga yordam berishim uchun meni hatto Vladivostokka taklif qilgandi.
- Murabbiylik qilayotganingiz haqida eshitgan edik yoki boshqa sohada faoliyat olib borayapsizmi?
- Hozirgi kunda murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanganim yo‘q. Xavfsizlik xizmatida ekanligim uchun murabbiylik bilan jiddiy shug‘ullanishga vaqtim bo‘lmaydi. 2010 yildan buyon faqat fitnes-boks klubida mashg‘ulot olib boraman. Lekin kelajakda xususiy boks zalimni ochib, havaskor hamda professionl bokschilarni tayyorlash niyatim bor.
- O‘zbekistonlik davrdosh bokschilardan kimlar bilan do‘stona munosabatlar saqlanib qolgan va tez-tez qaysilari bilan muloqot qilib turasiz?
- Ko‘pchilik bilan do‘stlik munosabatlarimizni saqlab qolganman. Igor Bunin, hozirgi kunda Moskva shahrida yashamoqda. Fursatdan foydalanib, unga ham o‘z minnatdorchiligimni bildirib o‘tmoqchiman. Chunki, imkon qadar o‘zbekistonlik bokschilarga yordam berib turadi. Yana Zufar Sulaymonov, birinchi tanishgan kunimizdan boshlab, qadrdon bo‘lib qolganmiz. Toshkentdaligimda u menga har tomonlama yordam berib turgan. Timur Ibragimov bilan telefon orqali gaplashib turamiz. Ruslan Chagaev bilan oxirgi marta 2011 yil skayp orqali
gaplashganman. O‘tkirbek Xaydarov bilan telefon orqali gaplashib turamiz. Facebook tarmog‘i orqali Rixsiboy Shomirzaev bilan muloqat qilib turaman. Alisher Raximov, Ikrom Berdiev, Dilshod Yorbekov, Erik Abduraxmanovni aytib o‘tishim mumkin. Yoshi kattaroq avlod vakillaridan Shuhrat aka Hasanov bilan muloqot qilib turamiz. Yana bizlardan keyingi avlod vakillari Dmitriy Seredov va Aleksandr Komarovlar bilan ham telefon orqali tez-tez suhbatlashib turamiz.
- O‘zbekistonlik yosh professional bokschi Ravshanbek Maxammatjonovga ham bir muddat ustozlik qildingiz. U haqida qanday fikrdasiz?
- Ravshanbek Maxammatjonovga keladigan bo‘lsak, juda yosh, iqtidorli, kelajagi porloq bokschi. Faqat u har tomonlama aql va ehtiyotkorlik bilan ish tutadigan jamoa tarkibida bo‘lishi kerak. Ravshanni shug‘ullantirishimni iltimos qilib, Zufar Sulaymonov qo‘ng‘iroq qilganida, o‘z ishlarim bilan juda bandligimni, u bilan mashg‘ulotlar olib borishga vaqtim bo‘lmasligini aytdim hamda Sankt-Peterburgda, Nikolay Vasilevich Muziko degan murabbiyni taklif qildim. U juda yaxshi mutaxassis, sizlarga yaxshi tanish, u ham asli o‘zbekistonlik. Faoliyati davomida ko‘plab sport ustalarini, jumladan yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Azamat Abduhakimovni tayyorlagan. Ravshan bilan asosan, u ishlagan, men esa yordamchi murabbiy bo‘lganman. Kelajakda ham Nikolay Muziko bilan o‘z boks maktabimizni ochib, hamkorlikda ishlamoqchimiz.
- O‘zbek taomlarini ham sog‘ingandirsiz. Uy sharoitida o‘zbek milliy taomlaridan ham tayyorlab turasizmi?
- Rostini aytsam, o‘zbek taomlarini juda sog‘inaman. Juda sog‘ingan vaqtimda Nikolay Muzikoga chiroyli qilib osh pishirishini iltimos qilaman. U bu borada benazir... Men ham osh pishirishni bilaman. Lekin so‘nggi paytlarda kamdan kam vaqtim bo‘ladi.
- Suhbat yakunida... qanday aytar so‘zlaringiz bor?
- So‘zim so‘nggida sizlardan iltimosim, shu darajaga etishimda menga yordam bergan barcha murabbiylarga, birinchi navbatda ilk murabbiylarim Baxtiyor Karimovich To‘xtaevga, Fevzi Nurievich Osmanovga, Valentin Fyodorovich Zeleninga, Murad Salievich Turdievga minnatdorligimni aytib o‘tinglar. Vladimir Nikolaevich Shinga esa, nafaqat sportda erishgan yutuqlarim uchun, hayotda ko‘pgina qiyinchiliklarni engishimda, muammolarga duch kelganimda yordam qo‘lini cho‘zganligi uchun alohida tashakkurimni etkazib qo‘ying. Shuningdek, Stepan Stepanovich Belovgayam, Ekaterinburgga borib, shu inson yordamida professional boksda ikkita kamar sohibi bo‘lganim uchun o‘z minnatdorligimni bildiraman. O‘zbekiston xalqiga esa, tinchlik, gullab-yashnashini, sog‘lik, muvaffaqiyatlar, barcha ishlarida omadlar tilayman!
Fikrlar