
Bizda 3 ta futbolchi qoldi, yangi o‘yinchilarni ko‘ndirish qiyin bo‘lyapti, "Navbahor"ni emas, "Andijon"ni tanlaganimdan afsuslanmayman - Otabek G‘ulomxo‘jaev ochiq gapirdi
“Andijon” klubi atrofidagi turli gap-so‘zlar tufayli jamoa bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaevga beriladigan savollarimiz ko‘payib qolgandi.
Sports.uz muxbiri bilan suhbatda G‘ulomxo‘jaev o‘zining aniq fikrlari, jamoani shakllantirish uchun astoydil ishga kirishganligini yashirmadi.
- Farg‘onadagi “Neftchi”ga qarshi pley-off o‘yinini eslasangiz, o‘sha uchrashuvdan oldin muxlislar orasida turli gap-so‘zlar ko‘payib ketgandi, - deya gap boshladi, Otabek G‘ulomxo‘jaev. - Andijonga futbol kerak emas, bu klub pro-ligaga tushib ketishga tayyor, hattoki o‘zimga ham yoqimsiz bo‘lgan holat – murabbiyga ham bu kerak emas, o‘yinni berib yuboradi, eplay olmaydi, qabilidagi gaplar bo‘lgan. Lekin biz bu mish-mishlarga e’tibor qilmadik. O‘shanda rahbariyat tomonidan ham, o‘zimiz tomonimizdan ham maksimal darajada tayyorlanib turgandik. Xudoga shukr, yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Jamoamizdan ketib qolayotgan futbolchilarga to‘xtaladigan bo‘lsak, hozirgi kundagi moliyaviy holatimiz yomon emas, yaxshi. Rahbariyat klubni olganiga uch oy bo‘ldi. Ichkariga kirib shuni bildimki, shu rahbarlarga rahmat. Ular Andijonda yo‘q bo‘lib ketayotgan jamoani qutqarib qolishdi. Yillar davomida to‘planib qolgan katta qarzdorlik bor. Eshitishimcha, klub rahbari Jur’atbek Quvvatov qarzdorlikning uchdan birini yopgan. U insonga tashqaridan yordam yo‘q, faqat o‘z yonidan xarajat qilib, qarzdorlikni yopyapti. Muxlislar ham bundan minnatdor bo‘lsa kerak. Buni bilgan biladi, bilmagan bilmaydi. Yil davomidagi saviyasiz legionerlarning olib kelinishi, ularni xarajatlari va yana boshqa masalalar bo‘yicha qarzdorliklar bor. Bu ham qariyib bir milliard so‘mga borib qoladi. Yana boshqa qarzdorliklardan bo‘lgan 4 milliard ham bor. Endi savol tug‘iladi: o‘sha qarzlarni asta-sekin yopish kerakmi yoki naqd pul so‘rayotgan futbolchiga berish kerakmi? Rahbariyat bilan shunday kelishdikki, bizga narxi qimmat o‘yinchilar kerak emas. Ammo yosh iqtidorli, sifatli yoshlarga e’tibor qilamiz va ular bilan 2-3 yillik shartnoma qilamiz. Avvalo hozirgi qiyin sharoitdan chiqib ketishimiz kerak. Rahbariyat ham mendan “Andijon”ni shu ahvolda tashlab ketmasligimni iltimos qilishdi. O‘zimda ham yoshlar bilan ishlashga qiziqish bo‘ldi. Baribir 3-4 futbolchi olamiz. Biroq hozirgi o‘yinchilarimizni ushlab qolishga haqqimiz yo‘q, chunki shartnomalari tugayapti. To‘g‘risi, ayrim futbolchilar bilan ishlash niyatim yo‘qligini rahbariyatga aytdim. Yana qaysidir yigitlarni olib qolish kerakligini tushuntirdim. Bilasiz, oldimizda uchta transfer oynasi vaqtidagi ta’qiq turibdi. Qarzdorlikni yopmasdan turib palon so‘mga futbolchini olib, u bilan shartnoma tuzish to‘g‘ri emas. Xudo xohlasa, boshqacha “Andijon”ni ko‘rasizlar. Muxlislar xavotirga tushishmasin. O‘ylaymanki, futbolchilarning jamoamizdan ketayotgani katta fojea emas, men uchun. Qachondir o‘shalar ham yosh bo‘lgan va bundan keyin ham boshqa yoshlarga ishonish va imkoniyat berish lozim.
- Klub oldida ta’qiq turibdi va yangi o‘yinchi olishga hali rasman mumkin emas. Menimcha, chempionat fevralda boshlanadigan bo‘lib turibdi. Vaqt esa oz qolyapti. Bunday og‘ir vaziyatdan qanday echim topmoqchisiz?
- Mana shu echimni topish uchun ham qimmat o‘yinchilarga e’tibor qilmayapmiz. Bunday futbolchilarni bilasiz, bir yilga shartnoma tuzishadi, pulini oladi, ishini qiladi va ketadi. Undan ko‘ra iqtidorli yoshlarni olib, ular bilan 2-3 yillik shartnomalar tuzib, jamoani shakllantirmoqchimiz. Rahbariyat bilan gaplashdik va ular birinchi navbatda legionerlar bilan bo‘lgan qarzdorlik va ta’qiqni echib berishni bo‘yniga olishdi. Mening ham “Andijon” klubiga nisbatan qo‘ygan shartim katta emas. Bungacha ham jamoadan ketishim to‘g‘risida xabarlar chiqqandi. Rostdan menga ikkita klubdan qiziqish bo‘ldi. Moliyaviy tomonlama bo‘yicha yaxshi taklif berishdi. “Andijon”ni qiyin vaziyatdan olib chiqib ketdik va Superligada saqlab qoldik. Klubni yangitdan shakllantirishni boshlaganmiz va bu yo‘lda jamoani tashlab ketmaymiz. Rahbariyat so‘z berdiki, avvalo ta’qiq masalasini va legionerlardan bo‘lgan qarzdorlikni bartaraf qilib berishadi. Biz yangi, iste’dodli yoshlarni taklif qilishni boshladik. Ularning aksariyati Superligada debyut qilishga ulgurishgan. Faqat nomlari sir, “Andijon”ga kelganida eshitasizlar. Ular olimpiya va yoshlar terma jamoalarining nomzodlari.
- Lekin eshitishimizcha, qarzlar to‘langan taqdirda ham kamida bitta ta’qiq o‘z kuchida qolar ekan. Bu sizni tashvishga solmayaptimi?
- Bundan xavotir olganingizdan keyin u er, bu erda maslahatlashasiz. O‘zidan-o‘zi bitta jamoani yo‘q qilib yuborishdan osoni yo‘q. Klub rahbari bilan hali yaxshi jamoa yaratamiz. Tizimni yo‘lga qo‘yib olishimiz lozim. Avvalo zarur qarzlarni yopib, “zayavka” uchun yo‘l ochib olsak, albatta qolgani ham bartaraf etib boriladi. Eshitishim bo‘yicha PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jaevning o‘zi ham bu masalada hamkorlik qilib, yordam beraman deyilgan ekan, rahbariyat bilan gaplashganida. Xudo xohlasa, shu yildan qarzdorliklar bo‘lmaydi. Klub bundan buyon o‘zini-o‘zi eplashi uchun marketing va menejment bo‘yicha ishlarni rivojlantirish harakatlarini boshlashgan. Bu faqat klub foydasiga ishlaydi.
- Klubdan ketishingiz haqidagi gap-so‘zlardan keyin “Andijon” bilan shartnoma uzaytirganingiz e’lon qilindi. Rostdan, shartnomani uzaytirganmidingiz?
- Mana, ko‘ryapsiz-ku, bayram kunlarida ham Andijondamiz. Baribir shamol bo‘lmasa, daraxatning uchi qimirlamaydi. Menga bo‘lgan takliflarni jamoamiz rahbarlari ham eshitishgan. Farg‘onadagi o‘yindan so‘ng, rahbarlar bilan qo‘l tashlashganmiz. Keyin meni ketishim mumkinligi haqida xabarlar chiqdi. Ha, takliflar bo‘ldi, mening javobimni kutishdi. Biroq “Andijon”da menga ko‘proq yoqayotgan jihatlar bor. Ishonch muhimi va jamoa noldan yig‘ilyapti. Yoshlarga e’tibor berilyapti. To‘g‘risi, tayyor jamoani qabul qilib, ishni bajarish qo‘lidan kelmagan murabbiylarni ham ko‘rganmiz. Nomi chiqmagan futbolchilarni olib, ularni o‘ynatib, nimagadir erishishga harakat qilamiz va bu orqali murabbiy sifatidagi ishim ham ko‘rinadi. Qolaversa, rahbariyat bilan shartnoma tuzilayotganida menga shu narsa yoqdiki, nima bo‘lishidan qat’iy nazar yil oxirigacha kutiladi. Masalan, dastlabki turlarda qanaqa natija bo‘ladi yoki o‘rtalarida? Bu narsalarga e’tibor berilmaydi. Biz kelishdik va yangi mavsum oxirigacha kelishuvga erishdik. Baribir yangi shakllanayotgan klub mavsum boshlarida qandaydir kutilgan natijalarni ko‘rsata olmasligi mumkin. Chunki chempionatni bir tekisda davom ettirish qiyin. Bundan fojea yasab murabbiyga darhol chiqish eshiklari ko‘rsatilmaydi. Har qanday vaziyatda ham murabbiy oxirigacha ishlaydi. Agar jamoa shakllanib borayotgani ko‘rinsa, hamkorlikni yana uzaytiramiz.
- Sizga “Navbahor”ning bosh murabbiyligiga taklif bildirishgani katta chorlov edi. Keyinchalik ularga rad javobini berganingizdan afsuslanmaysizmi?
- Meni to‘g‘ri tushunishadi. “Navbahor” rahbariyatiga rahmat. 2019 yili bu klubda turli lavozimlarda ishlagandim. Jamoa rahbarlarini hurmat qilamiz. Namanganda birgalikda ko‘p ishlarni amalga oshirganmiz. Har bir murabbiy avvalo yaxshi klubda ishlashni xohlaydi. O‘zimda ham “Navbahor”da faoliyat olib borish orzuim bor, balki bu keyinchalik amalga oshar. Ammo hozirgi holatda “Andijon”ni tashlab keta olmasdim. “Navbahor”da esa No‘’mon Hasanov bor. O‘z vaqtida Samvel Babayan bilan gaplashishdi va muzokaralar to‘xtaganidan keyin menga ham qiziqishdi. “Andijon”ni tanlaganimdan afsuslanmayman. Baribir Xudoni aytgani bo‘ladi. Kerak bo‘lsa, “Andijon”ga sovrinli o‘rinlar uchun kurashishiga uch yil kerak bo‘lsa, uch yil xizmat qilishga tayyormiz.
- Bekmurodov, Mirahmatov va Avilovdan tashqari yana kimlar “Andijon”dan ketdi? Umuman, tarkibdagi o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tsangiz.
- Shartnomasi bor o‘yinchilarga kelsak, klubda qoladigan aniq futbolchilar – Usmonali Ismonaliev, Baxtiyor Qosimov. Doniyor Abdumannopov bo‘yicha harakat qilyapmiz va uni olib qolishga harakat qilyapmiz. Qolganlar hammasi ketdi.
- Nahotki, hamma ketdimi?
- Ularda taklif bor. Ushbu futbolchilarning sharti balandligini bilamiz. Klubning siyosati tarkibni yoshartirish. Shu bois o‘zim ham ularga aloqaga chiqishga hojat yo‘q deb hisoblayman. Masalan, Qahramon Bahodirov, Abdulloh Olimov yoki boshqalarni narxi kattaroq. Yoshi ham o‘tib boryapti. Endi ularni qaytarishdan foyda yo‘q. Ularni varianti bo‘lsa ketaversinlar. Shuningdek, jamoamizda yoshroq bo‘lgan Muhammad Yo‘ldoshev ham bor. Bu erda ishlayotganimdan beri hech kimni oylik maoshi bilan qiziqqanim yo‘q. Ammo menga kelgan ma’lumotga ko‘ra, Yo‘ldoshevning oylik maoshi juda baland bo‘lgan. Uning oylik maoshiga ikkita, yaxshi yosh futbolchini taklif qila olaman. O‘zi ham boshida kelganimda variantim bor degandek gapirgandi. Takliflari bo‘lsa, biz hech kimning ushlab turmaymiz. Ba’zilarining nomlarini aytmayman, ular o‘yin falsafamga to‘g‘ri kelmasligini inobatga olgan holda buni rahbariyatga ham aytdim. Ketganlarning orasida menga to‘g‘ri kelmaydiganlari ham bor. Hozirgi holatda jamoamizda uchta futbolchi qoldi.
- Ko‘rinib turibdiki, noldan jamoani shakllantirasiz, tarkibni butkul yangitdan tuzasiz. Ish o‘ta murakkab. Vaqt esa tig‘iz. Hammasiga ulgurishga ishonyapsizmi?
- Eshitgan bo‘lsangiz, klublar asosan 10-15 yanvar atroflarida yig‘ilishadi. Biz 4 yanvardan to‘planamiz. Bir hafta bo‘lsa ham vaqtli yig‘ilyapmiz. Tayyorgarlik rejamizning ikkita bosqichi tarkibni yig‘ish va shakllantirishga qaratiladi. Chempionat boshlanishiga yaqin jamoa o‘yinini yaratishga vaqt ketadi. To‘g‘ri, bu qiyin bo‘ladi. Lekin tarkibni tuzish va yaxshi muhitni yaratish u qadar og‘ir kechmaydi. O‘yindan-o‘yinga bir-birini tushunishlariga biroz vaqt ketib qoladi. Balki chempionatning dastlabki turlarida qiyinchilikka duch kelarmiz, bundan hamma o‘tgan. “Nasaf” ham boshida ochkolar yo‘qotdi, yakunda 2-o‘rinda oldi. Xatolardan faqat to‘g‘ri xulosa chiqarishimiz lozim. Andijonda Sho‘rbuloqda yaxshi akademiya bor. Respublikada eng yaxshilaridan biri. Faqat nimani istayotganimizni yoshlarga singdira olsak va buni yigitlar maydonda qo‘llay olishsa, bizga ko‘p vaqt talab etilmaydi.
- Shu paytgacha yangi futbolchilardan kimlar bilan kelishuvga erishdingiz?
- Hozircha 10 nafar yangi o‘yinchi bilan kelishdik. Ularning ichida 2-3 ta tajribalilari ham bor. Bundan tashqari, o‘zimizning tarkibdan uchtasi bor va yoshlar jamoamizdan 5-6 nafarini jalb qilamiz. Ularni olib kelib, shartnomaga qo‘l qo‘ydirganimizdan keyin rasman e’lon qilamiz. Ana shundan keyin nomlarini aytamiz. Hozirgi kunda “Andijon”ga yangi futbolchilarni jalb qilishning o‘zi oson ish emas. Bungacha har xil qing‘ir ishlar, qarzdorliklar bo‘lgani uchun yangi o‘yinchilarni jalb qilishda menda qiyinchiliklar bo‘lyapti. Menimcha, boshqa jamoalarda bu borada katta muammolar yo‘q. Rahmat, hozirda ham yangi futbolchilar bizga shunchalik ishonch bildirishyapti. Mana, rahbariyat o‘z va’dasiga sodiq qilib, o‘yinchilar bilan joyida hisob-kitob qilyapti. Bu albatta professional ish uslubidir. To‘g‘risi, o‘yinchini mashg‘ulotga yoki maydonga olib tushishdan ko‘ra, ularni “Andijon”ga ko‘ndirish qiyin bo‘lyapti.
- Doniyor Abdumannopovga chetdan ham takliflar borligi haqida eshitdik. Uni olib qolishga qanchalik ishonyapsiz?
- O‘zim sanab chiqdim, O‘zbekistonning 8 ta jamoasidan taklif bo‘lyapti. Buning ichida o‘zimga ham aloqaga chiqqan murabbiylar ham bor. Shuni aniq aytaman, Doniyorni biz bilan ushlab turadigan joyi yo‘q. Shartnomasi tugagan. Uni ilgari shu erda ko‘rib o‘smirlar va yoshlar termasiga olib ketganman. Shuni hurmati va rahbariyatga hurmatni saqlagan holda u hozirda biror joyga ketmayapti. Baribir hamma narsa jamoa qanday shakllanayotganiga bog‘liq. Abdumannopov pulga qiziqadigan yigit emas. Agar pulga qiziqadigan bo‘lsa, u Evropaga ham ketishi mumkin, chunki unga uchta taklif bor. Polsha, Belarus va Rossiya klublaridan takliflar bo‘lyapti. Bu masala bo‘yicha shaxsan o‘zimga ham aloqaga chiqishgan. Ularning taklifi kerak bo‘lsa, o‘zimizdagi klublarning sharoitidan 3-4 barobarga ko‘proq. Doniyor Abdumannopov ikkinchi davraga kelib barqaror o‘ynashni boshladi. Baxtiyor Hamidullaev kelgach, futbolchi o‘zini ko‘rsatishga kirishdi. Xomyakov va Kumikov paytida maydonga tushsa tushardi, bo‘lmasa yo‘q. Futbolchining o‘zi ham hali barqaror o‘ynay olmayotganini tushunib turibdi. Qachonki, u bilan shartnoma imzolasak, o‘shanda masalasi hal bo‘ladi. O‘ziga to‘q, tarbiyasi yaxshi yigit. Abdumannopov masalasi uzog‘i bilan bir haftada hal bo‘ladi. Jamoamizga yangi keladigan o‘yinchilar bilan shartnomalar tuzganimizdan keyin u o‘zida ishonch hosil qiladi. Lekin Doniyorni O‘zbekistonni qaysi klubida to‘p surishi o‘zimga ham qiziq. Uning kelajagiga befarq emasman. Shogirdim bo‘lganidan keyin to‘g‘ri maslahat berishim kerak. Mabodo, o‘zim olib qola olmaganimdan so‘ng, unga to‘g‘ri maslahatni berishim kerak. Ammo bu oxirgi imkoniyat darajasidagi holat. Lekin unga qaysidir klub ko‘proq pul berishi mumkin, ammo u erda o‘yin amaliyotisiz qolib ketishi ham hech gap emas. Yoki shunday jamoa bo‘ladiki, o‘yin amaliyoti ko‘proq bo‘ladi, biroq puli kamroq. Doniyorga ham aytyapman, pul seni quvlasin, hozir pulning ketidan quvlamagin deb uqtiryapman. Ustoz sifatida uning masalasini ijobiy hal qilishga harakat qilamiz. “Andijon”da qolishiga 80-90 foizga ishonchim bor.
- Jamoangizning Turkiyada yig‘in o‘tkazishi kutilayotgandi. Bu reja amalga oshadimi?
- Rahbarlar bilan kelishib o‘zimiz bu yig‘inni bekor qildik. O‘tgan yili yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida O‘zbekistonda o‘tkazilishi aniq edi. Keyin shu yilning mart oyiga surildi. Shuning hisobiga yangi mavsum biroz kechroqqa boshlanishi taxmin qilinayotgandi. Shu bois Turkiyada ikki hafta yig‘in o‘tkazishni rejalashtirgandik. Endi bo‘lsa, jahon va Osiyo chempionatlari yana qoldirildi. Endi fevralning oxirlarida chempionatimiz boshlanishini inobatga olgan holda Turkiya yig‘inidan voz kechdik. Buning yana bir sababi, jamoa o‘zagi saqlab qolinmagan. Hali jamoa tarkibi aniq bo‘lmay turib, ko‘rikdagi futbolchilar bilan u erda yig‘in o‘tkazish ham bo‘lmaydi. Tarkib o‘zagini aniqlashtirib olish uchun bizga bir oy kerak bo‘lsa, o‘z-o‘zidan fevralda Turkiyaga jo‘nab ketishdan ma’no yo‘q. Chunki qaytishimiz bilan chempion boshlanishiga taqalib qoladi. Undan ko‘ra fevralda Toshkentda shug‘ullanib, ko‘proq nazorat uchrashuvlari orqali jamoa o‘yinini yo‘lga qo‘yib olishga harakat qilamiz. Aslida Turkiya varianti menga ham ma’qul kelgandi. Ammo yuqoridagi sabablar tufayli bu yig‘inni qoldirishni rahbariyatga iltimos qildim. Turkiya yig‘iniga sarflanadigan sarf-xarajatni undan ko‘ra yangi o‘yinchilarni xarid qilishga yoki qarzdorliklarni yopishga ishlatishimiz yaxshiroq.
Fikrlar