Bekzod Karimov: "Andijon" - "Nasaf" uchrashuvigacha stadion to‘liq tayyor bo‘ladi"

  • 20 iyun, 2023, 08:43
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Oxirgi paytlarda Respublikamizdagi stadionlarning aksar qismi zamon talablariga mos va xos tarzda chiroyli qilib ta’mirlanmoqda. Bu esa avvalo PFLning talabi bo‘lib, o‘z pozitsiyasida qat’iy turgan holda stadionlar va uning maydoni sifatini har jihatdan yaxshilash bo‘yicha talablarni qo‘ymoqda. Natijada birin-ketin Respublikamizdagi stadionlar va uning maydonlari  go‘zal va shu bilan birga talabga javob beradigan ko‘rinishga keltirilmoqda. Bu o‘z navbatida futbolimiz rivoji uchun ham xizmat qiladi.

Tecno

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Andijondagi “Bobur Arena”da ham to‘liq rekonstruktsiya ishlari amalga oshirilyapti. Maydon chimi yangilanib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Shu bois “Andijon” futbol klubi vaqtinchalik uy uchrashuvlarini Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida o‘tkazib turdi.

Tez orada “Burgutlar” yana o‘zining jonajon arenasiga qaytadi. Chunki stadionda ishlar jadallik bilan amalga oshirilyapti va bunda shaxsan viloyat hokimining o‘zi bosh-qosh bo‘lyapti. “Bobur Arena”da amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Andijon viloyati futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Bekzod Karimov quyidagilarni aytdi:

“Hozirgi kunda “Bobur Arena” stadionimizning chimi to‘liq yakunlandi, - deya gap boshladi, Karimov. - Viloyatimiz hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Shuhrat Qo‘shoqboevich Abdurahmonov tomonidan barcha zarur ishlar amalga oshirilyapti. PFL talabiga mos ravishda chim muammosi to‘liq bartaraf etildi. Chimlar yotqizilib, drenaj sistemasidan tortib, suv sug‘orish tizimigacha 100 foiz hammasi yangilandi. Uchqun Quvonov boshchiligidagi maydon ustalari butun Respublikamizdagi stadionlar maydonlarini, jumladan, “Nasaf”, “Neftchi”, “Bunyodkor”, “So‘g‘diyona”, OKMK, “Jar” kabi arenalarning maydonlarini sifat darajasiga keltirishgan. Ushbu mutaxassis viloyatimiz hokimi oldida o‘zlarining taqdimotini qilishdi. Yana boshqalar ham masalan Rossiyadan va yana boshqa joylardan chim bo‘yicha mutaxassislar kelishdi. Bir necha yil oldin ushbu maydonimiz chimini to‘g‘rilashda ko‘p narsada muammolar bo‘lgandi. Hozirgi paytda Respublikamiz maydonlarini talab darajasiga keltirayotgan mutaxassislarni jalb qilish esa ayni muddao edi. Ular maydon sifatiga javob berishadi. Bu yil oxiragacha maydonni o‘zlari parvarishlab, nazoratga oladilar.  Maydonimiz o‘yin o‘tkazish holatiga tayyor.

karimov1

Kuni kecha viloyatimiz hokimi “Bobur Arena”ga tashrif buyurib, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha, birinchi navbatda PFL talablariga mos keladigan, jahon standartlari asosida rekonstruktsiya qilish bo‘yicha topshiriqlarni berdi. Stadion projektori masalasida ishlar boshlangan. Shartnomalar tuzildi, projektor qiladigan mutaxassislar bilan gaplashildi. 20 iyulgacha projektor bilan bog‘liq barcha ishni yakunlaydigan bo‘ldilar. Viloyatimiz hokimi tomonidan boshlang‘ich to‘lovlar amalga oshirib berildi.

Ko‘rgan bo‘lsangiz, stadiondagi ishlar jadallik bilan olib borilyapti. Iyul oyi boshigacha barchasini yakunlash muddati qo‘yilgan. Xudo xohlasa, 28 iyul kuni bo‘ladigan “Andijon” – “Nasaf” uchrashuviga stadion to‘liq tayyor bo‘ladi. Ovoz kuchaytirgichdan tortib, futbolchilar o‘rindig‘igacha hammasi shay holatga keltiriladi. Buning uchun viloyatimiz rahbariga minnatdorchilik bildiramiz.

karimov

Shu bilan birga viloyat hokimi Kubogi, ommaviy futbol, viloyat ikkinchi liga musobaqalarini ham yanada rivojlantirish maqsadida shaxsan o‘zlari topshiriq bergan holda viloyatimizdagi barcha 16 tumanning ikkinchi liga jamoalari bor. “Bobur Arena”ning ochilishida “Andijon” – “Nasaf” uchrashuvidan tashqari ushbu musobaqa finalini ham o‘tkazish rejalashtirilyapti.

Stadionning ichki holati ham to‘liq ta’mirdan chiqarilib, qulay va chiroyli ko‘rinishda jihozlanyapti. Stadiondagi yugurish yo‘lakchasi ham yangilanyapti. Shuningdek, stadion atrofida viloyat futbol assotsiatsiyasi binosi, fan-klub, “Andijon-SGS” va albatta “Andijon” futbol klubi o‘z ofislariga ega bo‘lmoqdalar.

Yaqinda “Nou Kamp” stadionida bo‘ldik va yana boshqa arenalarni ham ko‘zdan kechirdik. Har birida albatta restoran va kafega moslashtirilgan alohida xonalari mavjud. “Bobur Arena”ning yuqori qismi ham shunday holatga kelitirilyapti. Bir so‘z bilan aytganda, stadionimiz har tomonlama zamonaviy ko‘rinish hosil qilmoqda”, - deya so‘zini yakunladi, Bekzod Karimov.  

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Shahboz qarshi
20/06/2023 11:38
Og'zaki xammasi bo'ladi OKEY,amalda esa xamma biladi manimcha.
&
Socceruzb
20/06/2023 10:44
Зўр, газини босилар!