
“Bashakshehir” nega Fayzullaev transferi uchun TsSKAga pul to‘lanmayapti?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi etakchilari – Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaev yangi mavsumdan bir jamoa – “Istanbul Bashakshehir” sharafini himoya qiladi.
Turkiya Superligasi start oldi. Biroq “Bashakshehir” Evrokuboklarda ishtirok etayotgani bois, milliy chempionatdagi ilk uchrashuvi boshqa muddatga qoldirildi.
Shunga qaramay, “Bashakshehir” mavsumni ancha erta boshladi va UEFA Konferentsiyalar ligasi saralash turniri doirasida uchta uchrashuvni o‘tkazib bo‘ldi. Bolgariyaning “Cherno More” va Norvegiyaning “Viking” jamoalariga qarshi tashkil etilgan uchala uchrashuvda “Roma”dan ijaraga olingan Eldor Shomurodov maydonga tushdi.
Taqdirning tuhfasini qarangki, “Roma” safida Konferentsiyalar ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritgan Eldor Shomurodovning yangi jamoa “Bashakshehir”dagi debyuti ham nufuzi tobora ko‘tarilib borayotgan mazkur musobaqaga to‘g‘ri keldi.
“Bashakshehir” va Abbosbek Fayzullaevning personal muxlislari 21 yoshli hujumkor futbolchining turk klubidagi debyutini kutmoqda. Garchi Abbos jamoa mashg‘ulotlarida mahoratini ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, hali rasmiy uchrashuvlarda qo‘yilgani yo‘q.
“Bashakshehir” bosh murabbiyi Chag‘dan Atan bu borada o‘z fikrini ham bildirib o‘tdi.
- TsSKAdan olingan yangi o‘yinchi – Abbosbek Fayzullaev o‘tgan hafta davomidagi mashg‘ulotlarda bizga o‘zining salohiyati yuqori darajada ekanini namoyish qildi. Uning transferi bo‘yicha hujjat ishlari hali oxiriga etgani yo‘q.
Shu tufayli Fayzullaev “Viking”ga qarshi uchrashuvlarda ishtirok etolmasa kerak. Agar biz uning transfer hujjatlari bo‘yicha ijobiy natija olsak, balki Abbosdan javob uchrashuvida foydalanarmiz, - dedi Chag‘dash Atan “Viking” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan birinchi uchrashuvdan keyin.
Fayzullaevning faoliyatini sinchkovlik bilan kuzatib borayotgan Rossiya ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zbek futbolchisi transferiga oid so‘nggi ma’lumotlarni olish uchun TsSKA klubi kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Kirill Breydoga murojaat qildi.
- TsSKA hali “Bashakshehir”dan Abbosbek Fayzullaev transferi uchun pulni olgani yo‘q. Turk klubi bilan masalani hal etish borasida aloqa qilyapmiz. Shu hafta ichi pul tushishini kutyapmiz, - dedi Kirill Breydo yuzaga kelgan vaziyatga oydinlik kiritib.
Ta’kidlash joizki, tomonlar O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinchisi transferini 7,5 million evroga baholagan. Turk klubi bu summani bitta to‘lovda o‘tkazib berishi kelishilgan. Bundan tashqari, Fayzullaevning o‘yiniga qarab, yana 2,5 million evro miqdorida bonuslar ajratilishi aytildi.
Fayzullaev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Hujumkor futbolchi 2023 yilning avgustida TsSKAga transfer qilingan edi. Ikki mavsumda Abbos “armiyachilar” safida 72 ta uchrashuvda ishtirok etib, sakkizta gol va 22 ta assist muallifi bo‘ldi.
Abbosbek Fayzullaev TsSKA safida Rossiya chempionati bronza medali sovrindori, mamlakat kubogi va Superkubogi sohibi bo‘ldi.
Husanov Gari Nevill tanqidiga javob bera boshladi!
“Manchester Siti” fanatlarining Husanovga munosabati qanday?
Husanovning o‘yini ekspertlar tomonidan qanday baholandi?
Gvardiola Husanovning o‘yinini qanday baholadi?
Fikrlar