
“Barselona” yangi kelgan barcha futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘lini topdi
"Barselona" himoyachisi Jerar Pike klubga yordam berish uchun maoshini kamaytirishga rozi bo‘ldi, deb xabar beradi “Sport.es”.
35 yoshli ispaniyalik 2020 yilning oktyabrida klubning oldingi prezidenti Xosep Bartomeu davrida imzolangan shartnomasini bekor qilishga tayyor. 2024 yilning iyun oyi oxirigacha amal qiladigan kelishuvga ko‘ra, futbolchi 28 million evro maosh va yana 12 million evro bonus oladi.
"Barselona" rahbariyati nafaqat Pike, balki, Mark-Andre ter Shtegen, Frenki de Yong va Kleman Langle bilan tuzilgan shartnomalar qonunga zid ravishda imzolangan deb hisoblamoqda. Shu bois, Pike shartnomani bekor qilishga va maoshi kamaytirilgan yangi shartnoma imzolashga rozi bo‘ldi. Buning evaziga "Barselona" yozda jamoaga yangi kelgan barcha futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Bungacha klub maosh borasidagi muammolar tufayli buni uddalay olmayotgan edi.
"Barselona" yozda himoyachilar Andreas Kristensen va Jyul Kunde, yarim himoyachilar Frank Kessi va Rafinya, shuningdek, hujumchi Robert Levandovskini o‘z safiga qo‘shib oldi. Bundan tashqari, klub yarim himoyachi Serj Roberto va hujumchi Usmon Dembele bilan yangi shartnoma imzoladi.
Fikrlar